Jaloliddin Manguberdi vorislari bellashdi
Namanganda O‘zbekiston Respublikasi Qurolli Kuchlari tashkil etilganligining 30 yilligi hamda Vatan himoyachilari kuni oldidan “Jaloliddin Manguberdi vorislari” shiori ostida viloyat hokimi, harbiy-ma’muriy sektor rahbari sovrini uchun musobaqa bo‘lib o‘tdi.
Viloyatdagi harbiy qismlarning muddatli harbiy xizmatchilari hamda yoshlar o‘rtasida tashkil etilgan musobaqaning ochilish marosimida Namangan viloyati hokimi o‘rinbosari, Turizm va sport bosh boshqarmasi boshlig‘i Botir Nuriddinov qatnashdi.
Musobaqada Mudofaa vazirligi, Milliy gvardiya va Ichki ishlar vazirligining viloyatdagi harbiy qismlari, Chaqiriluvchilarni harbiy-texnik mutaxassisliklar bo‘yicha tayyorlash markazi hamda Yoshlar ittifoqi viloyat kengashi jamoalari ishtirok etdi.
Ishtirokchilar 100 metrga yugurish, turnikka tortilish, tosh ko‘tarish, AK-74 jangovar qurolini yig‘ish yo‘nalishidagi sport turlari hamda Jaloliddin Manguberdi tarixi va hayotiga bag‘ishlangan intellektual tanlovda bellashdi.
[gallery-5309]
Tadbir doirasida umumta’lim maktabi o‘quvchilari va kasb-hunar maktablari yoshlari uchun turli harbiy texnikalar va qurol-yarog‘lar namoyishi tashkil etildi.
Musobaqa g‘olib va faol jamoalari viloyat hokimining tashakkurnoma, diplom va esdalik sovg‘alari bilan taqdirlandi.
Hotam MAMADALIEV (surat), O‘zA