Jahonshumul kino anjuman
Ma’lumki, 2021 yilning 28 sentyabr-3 oktyabr kunlari mamlakatimizda “Ipak yo‘li durdonasi” XIII Toshkent xalqaro kinofestivali o‘tkazildi.
Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent kinofestivali ilk bor 1968 yilda “Tinchlik, ijtimoiy taraqqiyot va xalqlar do‘stligi uchun” shiori ostida o‘tkazilgan edi. O‘sha yili dunyoning 22 mamlakatimidan taniqli kinoprodyuserlar, rejisssyorlar va kino yulduzlari ishtirok etgan, 50 ga yaqin kartinalar namoyish qilingan. Ushbu kinofestival 1988 yilga qadar muntazam ravishda o‘tkazib kelingan, Sovet ittifoqi parchalanganidan so‘ng, festival mamlakatimizda faqat 1992 va 1997 yillarda o‘tkazilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2021 yil 19 iyundagi qaroriga muvofiq, 1968 — 1997 yillar davomida O‘zbekistonda o‘tkazilib kelingan «Osiyo, Afrika va Lotin Amerikasi mamlakatlarining Toshkent xalqaro kinofestivali» «Ipak yo‘li durdonasi» Toshkent xalqaro kinofestivali nomi bilan qayta tiklandi, ushbu san’at anjumanini har yili sentyabr-oktyabr oylarida Toshkent shahrida o‘tkazish belgilandi.
“Ipak yo‘li durdonasi” xalqaro kinofestivalining tantanali ochilish marosimi, “Panorama” nomi bilan mashhur bo‘lgan “Kinochilar uyi” binosida bo‘lib o‘tdi. Alisher Navoiy nomidagi kino saroyi – “Kinochilar uyi” bugungi kunda eng zamonaviy kino majmualaridan biridir. Kino majmuasi hududida filmlarni namoyish qilish uchun 10 ta kinozal, shuningdek, filmlarning premerasini o‘tkazishga mo‘ljallangan 1890 o‘rinli Katta kino va konsert zali mavjud. bugungi kunga kelib kinoteatrda keng ko‘lamli rekonstruksiya ishlari olib borildi. Bino zamonaviy, yuqori texnologiyali uskunalar bilan jihozlandi.
Ishtirokchilar va mehmonlar bu yerda yaqinda ochilgan Kino tarixi muzeyi bilan ham tanishishdi. Bu yerda o‘zbek kinematografiyaning 100 yillikdan ziyod tarixi haqida hikoya qiluvchi nodir eksponatlar, fotosuratlar, kinotasmalar, liboslar, qo‘lyozmalar, mashhur filmlarning afishalari o‘rin olgan.
Ochilish marosimida 355 xorijlik kinoijodkor va dunyoning 55 taniqli kino yulduzlari ishtirok etishdi.
Ochilish marosimida O‘zbekiston Respulikasi Prezidenti Shavkat Мирзиёеvning tabrigini Bosh vazir o‘rinbosari Aziz Abduhakimkov o‘qib eshittirdi.
Shundan so‘ng, O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi bosh direktori F.Abduxoliqov, rossiyalik kinoprodyusser va rejissyor T.Bekmambetov, amerikalik mashhur multiplakator va rejissyor Rob Minkoff va boshqalar kinofestivalning ahamiyati, yurtimizda kinematografiyani rivojlantirishga qaratilgan chora-tadbirlar, bugungi jahon kinosi oldida turgan masalalar xususida so‘z yuritishdi. Tadbirda xorij musiqasining atoqli vakillari Rossiya xalq artisti Filipp Kirkorov, turk musiqasining mashhur yulduzlaridan biri Serdar Ortach, tojikistonik xonanda Xujastai Mirzovali va boshqalar ijrosidagi kuy-qo‘shiqlar yangradi.
Kinofestivalning ochilish marosimida 2000 dan ortiq tomoshabin ishtirok etdi. Marosim mamlakatimzining bir qator telekanallari orqali to‘g‘ridan-to‘g‘ri namoyish qilindi.
29 sentyabrdan kinofestivalning ikki muhim tanlovi “Yangi avlod kinosi” hamda “Kino besh kunda” loyihalari ish boshladi.
“Yangi avlod kinosi” tanlovida 25 ta mamlakatdan kelgan 50 dan ortiq kinoijodkorlar so‘nggi yillarda yaratilgan ta qisqa metrajli filmlari bilan ishtirok etishdi.
“Kino besh kunda” tanlovi shartiga ko‘ra, dunyoning 11 ta mamlakatidan kelgan 30 yosh kinorejissyor 5 kun muddat ichida insoniy qadriyatlar, ekologiya va salomatlik, hamjihatlik, milliy va global qarashlar aks etgan qisqa metrajli filmlarni suratga olib, tanlov hayhatiga topshirishlari kerak.
“Kino besh kunda” loyihasi ishtirokchilari 22 sentyabrdan boshlab, mamlakatimizning turli hududlari bo‘ylab, o‘z ssenariylari asosida film suratga olishni boshlashdi. 27 sentyabr kuni suratga olish ishlari yakunlandi. Filmlar bo‘yicha “Yoshlik” studiyasida montaj va ovozlashtirish ishlari amalga oshirildi. Yoshlarning ijodiy ishlari mamlakatimiz va turli xorijiy mamlakatlarning kino arboblaridan iborat hakamlar hay’ati a’zolari baholab borishdi.
“Yangi avlod kinosi” va “Kino 5 kunda” loyihalari asosida taqdim etilgan filmlar Kinofestival pavilonlarida tomoshabinlar hukmiga havola qilindi.
“Jahon kinosi kunlari” ham katta tantanalar bilan boshlandi. Har bir mamlakat kinosi kunlarining ochilishi katta bayramga aylanib ketdi. Poytaxtimizning turli madaniyat muassasalari – “O‘zbekiston” anjumanlar saroyi, Respublika Kinochilar uyi, O‘zbekiston Milliy akademik drama teatri, Muqimiy nomidagi musiqali drama teatri, Respublika Qo‘g‘irchoq teatri, Alisher Navoiy nomidagi davlat akademik katta teatri, Respublika Yoshlar teatri singari 10 ga yaqin madaniyat va san’at maskanlarida kinofestival ishtirokchilari, milliy va xorijiy kino yulduzlari, muxlis va mutaxassislar ishtirok etdi.
Kinofestival doirasida mamlakatimiz bo‘ylab 14 ta mamlakat - Ozarbayjon, Belarus, Misr, Isroil, Hindiston, Italiya, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Polsha, Rossiya, Tojikiston Turkiya, O‘zbekiston kinoijodkorlari ishtirokida “Jahon kinosi kunlari” o‘tkazildi.
Mamlakatimiz bo‘ylab o‘tkaziladigan tadbilarda 150 nafardan ortiq xorijiy kinoijodkorlar ishtirok etdilar.
Kinofestival arafasida Prezidentimiz tashabbusi bilan «O‘zbekfilm» kinokonserni zamon talablari darajasida yangicha ko‘rinish kasb etdi. Kinokonsernga Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi tomonidan ishlab chiqarilgan eng zamonaviy asbob-uskunalar keltirib o‘rnatildi.
29 sentyabr kuni “O‘zbekfilm” kinokonserni taqdimotida Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi rahbarlari, tegishli vazirlik va idoralarning rahbarlari, kinofestival ishtirokchilari taklf etildi. Unda kompaniyaning yetakchi vakillari, mutaxassislar, festivalt qatnashchilari ishtirok etdi. Ayni paytda xorijdan “O‘zbekfilm” kinokonserniga 25 million yevro miqdoridagi texnikalar keltirilmoqda. Tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi direktori F.Abduxoliqov, Daniyaning “Danmon Group” kompaniyasi mas’ul xodimi Xenning Bronnum va boshqalar bu yangi texnika va texnologiyalarning kinematografiya rivojidagi ahamiyati, bu borada xorijiy korxonalar bilan hamkorlik istiqbollari, yangi asbob-uskunalardan foydalanish masalalari xususida so‘z yuritdilar.
Mamlakatimizda kinematografiya sohasi uchun yuqori malakali ijodiy kadrlar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish, yetakchi xorijiy oliy ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish masalalariga ham alohida e’tibor qaratilmoqda.
2018 yil 19 oktyabrda O‘zbekiston va Rossiya hukumatlari o‘rtasida «O‘zbekiston Respublikasida Rossiya Federatsiyasining oliy ta’lim bo‘yicha ta’lim muassasalari filiallarini tashkil etish va ularning faoliyat yuritishi to‘g‘risida» bitim imzolangan edi.
2021 yil 28 avgust kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Toshkent shahrida «S.A. Gerasimov nomidagi Butunrossiya Davlat kinematografiya instituti» federal davlat byudjeti oliy ta’lim muassasasi filiali faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori e’lon qilindi. Aytish joizki, bu qarorning imzolanishi mamlakatimiz oliy ta’lim tizimi va kinematografiya rivojidaa muhim tarixiy voqea bo‘ldi.
Ayni paytda ikki tomonlama imzolangan kelishuvga muvofiq, Butunrossiya davlat kinematografiya institutida Agentlik tomonidan yuborilgan 20 nafardan ortiq yigit qiz ta’lim olmoqda.
O‘zbekiston tarixida ilk bor kinematografiya yo‘nalishida mutaxassislar tayyorlaydigan oliy o‘quv yurti o‘z faoliyatini boshlamoqda. Joriy o‘quv yilida mazkur institutida 30 nafar talaba ta’lim olishni boshlaydi.
Kinofestival doirasida san’at va madaniyat yo‘nalishidagi oliy o‘quv yurtlari ishtirokida “Kino sohasidagi ta’limning dolzarb masalalari va istiqbollari” mavzusidagi 1 Xalqaro konferensiya o‘tkazildi. Unda dunyoning o‘ndan ortiq mamlakatidan kino yo‘nalishida ta’lim beriladigan OTM rektorlari va mutasaddilari ishtirok etdi. Unda bugungi kunda kino ta’limidagi muammolar, ta’lim metodologiyasi, o‘zaro hamkorlikni mustahkamlash, talabalar va magistrantlarning bilim va malakasini oshirish, yangi o‘quv qo‘llanmalarini yaratish singari masalalar atroflicha muhokama qilindi.
Kinofestival dasturidan o‘rin olgan “Markaziy Osiyo mamlakatlari kinosi kunlari” hamda shu munosabat bilan o‘tkaziladigan kinokonferensiya mintaqaviy madaniy hamkorlikni rivojlantirishda yangicha bosqich bo‘ldi. Kinofestival doirasida Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston kino tashkilotlarining mutasaddilari ishtirokida muzokaralar o‘tkazildi. Hamkorlik bo‘yicha bir qator memonardumlar imzolandi. Tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman kinoijodkorlari tomonidan so‘nggi yillarda yaratilgan badiiy, hujjatli va animatsion filmlar yurtimiz ekranlarida namoyish qilindi.
Kinematografiya tarixida hujjatli kino muhim o‘rin tutadi. Ayni paytda O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agentligi qoshida Hujjatli va xronikal filmlar studiyasi faoliyat ko‘rsatmoqda. Kinofestival doirasida 11 mamlakatdan kelgan 40 nafar hujjatli kino ustalari ishtirokida “Hujjatli kino kunlari” ham o‘tkazildi. Ular ishtirokida davra suhbatlari, mahorat darslari, turli mamlakatlarda yaratilgan 25 ta hujjatli film namoyish qilindi.
Kinematografiyaning eng muhim masalalaridan yana biri yaratilgan kinoasarlarni saqlash va keyingi avlodlarga ham bekamu yetkazishdir. Ayni paytga qadar O‘zbekiston Milliy kino fondi o‘z binosiga ega emasdi. “O‘zbekkino” Milliy agentligida yetarlicha sharoitlar bo‘lmagani uchun juda ko‘p tarixiy tasmalar O‘zbekiston Milliy arxiviga topshirilgan edi. Mazkur san’at anjumani doirasida O‘zbekiston kino fondi ham o‘zining alohida binosiga ega bo‘ldi. Binoning ochilish marosimida ko‘pgina mahalliy va xorijiy kinoijodkorlar ishtirok etishdi.
Turli mamlakatlardan tashrif buyurgan taniqli kino arboblari, kinorejissyorlar va operatorlar, aktyorlar va kinotanqidchilar kinofestival kunlari Yangi O‘zbekistonda yuz berayotgan o‘zgarishlar bilan yaqindan tanishishdi. Ular o‘z taassurotlarini o‘rtoqlashishdi.
“Birinchi marta Toshkentga hamkorlikda film ishlaganimizda kelgandim, bir oy davomida bu yerda yashaganmiz, ammo mamlakat bilan yaqindan tanishish imkoni bo‘lmagan, - deydi hindistonlik kinoaktyor va prodyuser Mitxun Chakraborti. – Toshkentga kelib, hayratimni bekita olmadim. Aeroportning o‘zidayoq ulkan o‘zgarishlarni ko‘rib, xuddiki, o‘zimni Yevropaga kelib qolgandek his qildim.
“Men dunyoning turli mamlakatlaridagi kinematografistlar qatori mashhur va afsonaviy kinofestivalning qayta tiklangani uchun O‘zbekiston Respublikasi rahbariyatidan juda minnatdorman! – deydi amerikalik kinorejissyor Stiven Sigal. – Dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan kelgan taniqli kino namoyandalari ishtirokidagi mazkur kinofestival juda katta miqyosli voqeaga aylanishiga ishonaman!”
Turkiyalik hujjatli kino ustasi Huseyn O‘zdenning fikricha, “Turkiya va O‘zbekiston o‘rtasida mushtarak jihatlar juda ko‘p. “Men Onado‘lida, Turkiyada nimani ko‘rgan bo‘lsam, O‘zbekistonda ham shuni topa olaman. Tilimiz, urf-odatlarimiz, e’tiqodimiz bir. O‘zbekistondagi bu galgi tashrifim asnosida juda katta o‘zgarishlarga guvoh bo‘ldim. Birgina Toshkent xalqaro kinofestivalining qayta tiklanishi ham Yangi O‘zbekistonning yutuqlaridan biri deb bemalol aytishi mumkin”. – dedi u.
“Men yana quyoshli O‘zbekistonga kelganimdan xursandman, – deydi Rossiya Xalq artisti Filipp Kirkorov. – O‘zbek xalqini, uning mehmondo‘stligini hamisha qadrlayman. Bu gal Toshkent meni boshqacha qarshi olmoqda. O‘zbekiston hukumati madaniy sohalarga, xususan kinematografiyaga katta e’tibor qaratayotganidan benihoya mamnunman. Kinefestival endi boshlanmoqda. Umid qilamizki, ushb kinofestival Yangi O‘zbekistonning yangi o‘zgarishlarini namoyon etishda katta ahamiyat kasb etadi”.
“O‘zbek xalqi juda ham mehmondo‘st, – deydi belaruslik hujjatli kino ustasi Galina Valentinova. – O‘zbek kino san’ati esa, menga yaxshi tanish. Turli davlatlardan O‘zbekistonga kelgan hamkasblarim bilan muloqot qilish imkoniyati menda mavjudligidan juda xursandman. Men Yangi O‘zbekistondagi o‘zgarishlarni o‘z ko‘zim bilan ko‘rish baxtiga muyassar bo‘ldim. Xususan, Xivani ko‘rish, u yerda ilk o‘zbek kinochisi Xudoybergan Devonov muzeyiga borishga muvaffaq bo‘ldim. Urganchda esa yangi kinoteatr ochilishida ishtirok etdik.
Yurtingizda kino san’ati rivoji uchun sharoitlar yaratib berilayotganini ko‘rib turibmiz. Ochig‘i, O‘zbekistonda keyingi yillarda bunchalik ko‘p o‘zgarishlar ro‘y berganini tasavvurimga ham sig‘dira olmagandim. O‘zgarishlarni ko‘rib ha, bu – Yangi O‘zbekiston, deb bemalol aytishim mumkin”.
“Shaxsan xalqlarimizni birodar deb hisoblaganim uchun o‘xshashliklar kinoda ham, hayotda ham yaqqol aks etadi, – deydi hindistonlik aktyor va prodyuser Sanjay Gupta. – Biz san’atsevar hindlar kabi sizlarda ham kinoga o‘zgacha mehr bor. Meningcha, farqdan ko‘ra o‘xshashliklar ko‘p.O‘zbekistonga birinchi bor kelishim. Bu mamlakatni o‘zim kashf qilmoqchiman.Albatta, festival orqali yurtingiz bilan yaqindan tanishaman degan umiddaman. Chunki O‘zbekiston keyingi yillarda jahon axborot lentalarida juda tez-tez tilga olinmoqda. Demak yurtingizda o‘zgarishlar ko‘p, yangilanishlar bisyor. Kinofestival ham soha rivojiga, ham xalqlar do‘stligi va bahamjihatligiga katta hissa qo‘shadi”.
“Ipak yo‘li durdonasi” kinofestivalining asosiy maqsadlaridan biri yosh kinoijokorlar va jahonning mashhur kino ustalari o‘rtasida mustahkam ko‘prik yaratish, yoshlarimizning bilimi, tajribasi va dunyoqarashini rivojlantirish sanaladi.
Shu bois, festival davomida dunyoning turli mamlakatlaridan tashrif buyurgan taniqli kinoijodkorlar, jahon kinosining atoqli naamoyandalari ishtirokida o‘tgan 30 ga yaqin master-klasslar. Mahorat darslarida 300 nafardan ortiq yosh kinoijodkorlar, shu yo‘nalishda tahsil olayotgan talabalar ishtirok etishdi. Kinofestival doirasida Franko Nero, Nikita Mixalkov, Mitxun Chakraborti, Volter Afanasev, Pavel Priluchnыy, Ravshana Kurkova, Aleksey Chadov, Igor Jijikin, Yevgeniy Kulik Rob Minkoff, Lyuk Besson, Timur Bikmambetov, Jerar Deparde, Umesh Mehra, Huseyn O‘zden, Stiven Sigal, Farhod Mahmudov, Yusuf Roziqov singari 20 nafar kino ustalari “O‘zbekfilm” pavilonlarida yosh o‘zbek kinoijodkorlari uchun jami 25 ta mahorat darslari (ayrim ishtirokchilari ikki yoki uch martada) o‘tishdi. Mazkur darslar davomida xorijiy kino ustalari o‘z ustidan ishlash sirlari, kasbiy mahorat, auditoriya bilan ishlash, mavzu tanlash, ssenariy yozish, rejissyorlik, operatorlik, aktyorlik mahorati singari yo‘nalishlarda yosh yigit-qizlarga saboq berishdi. Yoshlar kino sohasida o‘zlarini qiziqtirgan turli savollarga javoblar olishdi. Xorijlik mashhur kino yulduzlari o‘z faoliyatlari bilan bog‘liq eng qiziqarli voqealarni, hayotiy tajribalarini so‘zlab berishdi.
Mashhur insonlar, o‘z sohasining yetakchi vakillari ishtirokida o‘tgan bunday mashg‘ulotlar kelgusida yoshlarimizning bilim va tajribasi, malaka va ko‘nikmalarini oshirishda katta ahamiyat kasb etadi.
Ma’lumki, o‘tgan asrda o‘zbek kinematografistlari yaratilgan yuzlab sara asarlarning asl, sifatli nusxalari bugungi Rossiya Kino fondida saqlanadi. O‘zbekiston Kinematografiya agentligi tomonidan Rossiya Davlat kino fondidan raqamli formatda olib kelingan 100 ta o‘zbek multfilmini O‘zbekiston Respublikasi Maktabgacha ta’lim vazirligiga taqdim etish marosimi ham bo‘lib o‘tdi. Unda Maktabgacha ta’limi vaziri Agreppina Shin ishtirok etdi.
Toshkent kinofestivali davomida xorijlik va mahalliy kinokompaniyalar, kinostudiyalar va telekompaniyalar ishtirokida kinobozor tashkil qilish, ularning filmlar, seriallar va boshqa audiovizual mahsulotlarni o‘zaro almashishi, xarid qilishi va sotishiga ko‘maklashish, eng so‘nggi innovatsion loyihalar taqdimotlarini o‘tkazish, mamlakatimiz kinolokatsiyalarini namoyish etildi.
Shuningdek, Umovie O‘zbekiston Respublikasi Kinematografiya agenligi hamkorligida yurtimizdagi birinchi onlayn kinoteatr loyihasi ishga tushirildi. Ayni paytda platformada 100 dan ortiq badiiy va hujjatli filmlar, shuningdek, o‘zbek v rus tillaridagi multfilmlarni yuqori sifatda tomosha qilish mumkin.
Kinofestivalning besh nafar maxsus mehmoniga Kinematografiya rivojiga qo‘shgan hissasi uchun maxsus statuetkalar hamda 20 ming AQSH dollari miqdoridagi pul mukofotlari topshirildi. Ular orasida rossiyalik kinorejissyor Nikita Mixalkov, turkiyalik kinorejissyor Nuri Bilge Jeylan, Qirg‘iziston Respublikasi Xalq artisti Ayturgan Temirova, Tojikiston xalq artisti Sayram Isayeva, taniqli aktyor, hindistonlik rejissyor va prodyuser Randxir Kapur bor.
Anjuman davomida "O‘zbekiston kinematografiyasi" noyob kitob-albomining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. O‘zbekiston madaniy merosini asrash, o‘rganish va ommalashtirish bo‘yicha Butunjahon jamiyati ko‘magida o‘zbek kinosi tarixiga bag‘ishlangan ushbu kitob zamonaviy poligrafiya talablari va andozalariga mos ravishda nashrdan chiqarildi. Kitob noyob arxiv suratlari, o‘zbek kinosi tarixiga oid qimmatli ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi. O‘zbek, ingliz va rus tillarida nashr qilingan ushbu kitob bir guruh o‘zbek kinosining bilimdon mutaxassislari, taniqli kinoshunos olimlar, milliy kino arboblar va xorijlik mutaxassislar yordamida yaratilgan.
Ta’kidlash o‘rinliki, kinofestival tadbirlarida 50 ga yaqin xorijiy va 200 dan ortiq milliy ommaviy axborot vositalari vakillari hamda blogerlar bevosita ishtirok etdi. Kinofestival tadbirlari haqida, shuningdek, dunyoning besh yuzdan ortiq ommaviy axborot vositalarida, shuning ijtimoiy tarmoqlarda, internet sahifalarida o‘ttizddan ortiq tilda 2000 dan ortiq xabar, reportaj va lavhalar, tahliliy maqolalar, ko‘rsauv va intervyular, sharhlar va bloglar chop etildi.
Festivalning tantanali yopilishi marosimi 3 oktyabr kuni Toshkent shahridagi “Renessans Hall” majmuasida bo‘lib o‘tdi.
Rossiyalik mashhur kinoprodyuser, xalqaro hakamlar hay’ati a’zosi Timur Bekmambetov Kinofestival ishtirokchilarining O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yo‘llagan Мuрожаатномасини o‘qib eshittirdi.
Murojaatnomada jumladan shunday deyiladi:
“22 davlatning yosh kinoijodkorlari ishtirokida o‘tgan “Kino 5 kunda” tanlovining o‘tkazilgani ham fikrimizni yaqqol isbotlaydi
Biz, soha vakillari sifatida kino sanoati va san’atiga yuksak e’tiboringiz, yaqinda 100 yilligini nishonlaydigan “O‘zbekfilm”ning yangi qiyofasi, uning texnik ta’minoti, yangilangan Respublika Kinochilar uyi hamda Kino san’ati muzeyining foydalanishga topshirilishi, Butunrossiya davlat kinematografiya instituti filialining ochilishi, milliy kino fondining tiklangani va o‘zbek kinosi durdonalarining asl nusxalari vataniga qaytgani munosabati bilan samimiy minnatdorlik bildiramiz.
Alohida qayd etish lozimki, O‘zbekistonda boshqa mamlakatlar bilan hamkorlikda kinoloyihalar amalga oshirish borasidagi ezgu an’analar ham qayta tiklandi. Birgina ushbu forumda kinematografiya sohasidagi xalqaro hamkorlikni kengaytirishga katta turtki beradigan 10 ta muhim hujjat imzolandi.
Ushbu kinofestival jahon kino sanoati vakillariga o‘zbek kinosining eng sara namunalari va o‘zbek kinoijodkorlari bilan yaqindan tanishish imkonini berdi. Bayram doirasida 50 dan ortiq tadbirlar, uchrashuvlar, davra suhbatlari, konferensiyalar, taqdimotlar, o‘tkazildi, yuzdan ortiq filmlar namoyish qilindi.
Biz betakror O‘zbekiston zaminida O‘n to‘rtinchi kinofestival ham yuqori darajada o‘tishiga ishonamiz va sabrsizlik bilan kutamiz! O‘z navbatida biz ham O‘zbekistonlik tomoshabinlarni yangi san’at asarlari bilan quvontirishga, yosh kinoijodkorlarning yangi nomlarini kashf etishga harakat qilamiz”.
Shundan so‘ng, kinofestival ishtirokchilari va g‘oliblarini taqdirlash marosimi boshlandi. Mukofotlarni topshirish tantanali tarzda amalga oshirildi. Har bir nominatsiya bo‘yicha g‘oliblarga esdaalik sovg‘alari, pul mukofotlari topshirildi.
“Kino besh kunda” tanlovi bo‘yicha germaniyalik yon kinoijodkorlar Deniyel Asadi Faezi hamda Mila Jlutenko suratga olgan “Qirg‘oq” badiiy filmi “Ekologik muammolarning yorqin ifodasi uchun” nominatsiyasida g‘olib deb topildi. “Larisa” filmini suratga olgan estoniyalik rejisssyor Nadiya Tushka “Oilaviy qadriyatlar ifodasi uchun” mukofotlandi. “Ma’rifat va taraqqiyot” nominatsiyasida “Qahramonlik sari” filmi muallifi, ozarboyjon rejissyor Murod Husainov taqdirlandi.
“Eng yaxshi erkak roli” uchun hamyurtimiz Tursunboy Pirjonov, “Eng yaxshi ayol roli” uchun ham o‘zbekistonlik Madina Mahmudova taqdirlandi.
Tanlov natijalariga ko‘ra, 1-o‘rin va 15 AQSH dollari miqdoridagi pul mukofoti o‘zbekistonlik Sherzod Hasanovga, 2-o‘rin va 10 AQSH dollari janubiy koreflik Pak Su Minga, 3-o‘rin va 7 AQSH dollari yana bir hamyurtimiz Saida’lo Maqsudxonovga nasib etdi.
“Yangi avlod kinosi” tanlovida esa, “Eng yaxshi erkak roli” uchun tojikistonlik Abdukarim Mashrab, “eng yaxshi ayol roli uchun” “Franka” filmi bosh rol ijrochisi Mariya Poddubna loyiq ko‘rildi. Mazkur filming rejissyori Dmitriy Semyonov “Eng yaxshi rejissyorlik ishi uchun” mukofotini qo‘lga kiritdi. Tojikistonlik Manzarali Sherali tomonidan suragga olingan “Yuk” badiiy filmi tanlovning eng yazshi filmi deb topildi. Mukofotlarni fransiyalik mashhur aktyor Jerar Demaprde, mashhur kinorejissyorlar Lyuk Besson, Timur Bekmambetov, Qozog‘iston Respublikasi Madanit vaziri Aqtoti Rayimqulova va boshqalar tantanali ravishda topshirishdi.
Shunday qilib, jahonshumul ahamiyat kasb etgan kinoanjuman yakunlandi. Undan olingan taassurotlar esa millionlar qalbiga uzoq vaqt nurli ziyolar sochib turadi.
O‘zA