Jahon chempioni tantanali kutib olindi
Yaqinda Fransiya poytaxti Parij shahrida para yengil atletika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon chempionatida T11 uzunlikka sakrash bo‘yicha ishtirok etib, musobaqaning ilk kunlaridanoq oltin medalni naqd qilib qo‘ygan qashqadaryolik para yengil atletika bo‘yicha Jahon chempioni Asila Mirzayorova bugun Qarshi temir yo‘l vokzalida tantanali kutib olindi.
Tadbirda viloyat hokimligi, viloyat yoshlar siyosati va sport bosh boshqarmasi rahbariyati hamda OAV vakillari ishtirok etdi. 24 yoshli sportchi Asila Mirzayorova uzunlikka sakrash bo‘yicha ixtisoslashgan o‘zbek paralimpiyachisi. O‘zbekiston terma jamoasi a’zosi. 2020 yilgi yozgi Paralimpiya o‘yinlarining kumush medali, Yozgi Paraosiyo o‘yinlarining bronza medali sovrindori. U jahon chempionatidagi ushbu natijasi orqali kelgusi yil Parijda bo‘lib o‘tadigan navbatdagi yozgi Paralimpiya o‘yinlariga litsenziyani ham qo‘lga kiritdi. Shu bilan birga u amaldagi Osiyo rekordini yangiladi.


Shaxsiy kar’erasini 2016 yildan murabbiyi Sardor Abduxoliqov qo‘l ostida Paralimpiya atletikasi bilan shug‘ullanishdan boshlagan. 2017 yildan boshlab u xalqaro musobaqalarda qatnasha boshladi. O‘sha yili paraatletika bo‘yicha O‘zbekiston chempionatida g‘olib chiqdi. Shu yili o‘smirlar o‘rtasidagi Paraosiyo o‘yinlarida ham uzunlikka sakrashda oltin medalni qo‘lga kiritdi. 2018 yilda Jakartada bo‘lib o‘tgan yozgi Paraosiyo o‘yinlarida uzunlikka sakrashda 4,47 metr natija bilan bronza medalini qo‘lga kiritgan bo‘lsa 2019 yilda Dubayda bo‘lib o‘tgan yengil atletika bo‘yicha jahon chempionatida 4,44 metr natija bilan yettinchi o‘rinni egalladi.

Ma’lumot o‘rnida, 15 yoshiga qadar Asila mutlaq ko‘rish qobiliyatiga ega edi va musiqa maktabida fortepiano bo‘yicha o‘qigan. Boshidan olgan jarohati tufayli ko‘rish qobiliyatini yo‘qotgan va keyinchalik sport bilan shug‘ullana boshlagan. Yosh bo‘lishiga qaramay ko‘plab yutuqlarni qo‘lga kiritgan sportchining xizmatlari hukumatimiz tomonidan e’tirof etilmoqda. Xususan, 2021 yilda O‘zbekiston Prezidentining farmoni bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan sportchi” unvoni bilan taqdirlandi.
O‘lmas Barotov, O‘zA.