Jaholatga qarshi ma’rifat
Navoiy viloyati Xatirchi tumanida “Jaholatga qarshi ma’rifat bilan” mavzuida ma’rifiy tadbir bo‘lib o‘tdi.
Tuman hokimi Sayfiddin Nizamov, “Tafakkur” NNT markazi rahbari Jonibek Shuhratov, Navoiy viloyati Bolalar kutubxonasi direktori Mashrab Toshev, tumandagi umumiy o‘rta ta’lim maktab direktorlarining ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha o‘rinbosarlari ishtirok etgan tadbirda umumta’lim maktablarida ma’naviy-ma’rifiy ishlarni yanada jonlantirish, o‘quvchilarni kitob mutolaasiga qiziqtirish orqali vatanparvarlik va milliy qadriyatlar ruhida tarbiyalash masalalariga alohida to‘xtalib o‘tildi.

– Bugun dunyoning turli joylarida ro‘y berayotgan o‘zgarishlar, turli mafkuralar tortishuvi keskin tus olayotgan bir vaziyatda fikrga qarshi fikr, g‘oyaga qarshi g‘oya, jaholatga qarshi ma’rifat bilan kurashish har qachongidan ko‘ra muhim ahamiyat kasb etmoqda, – dedi tuman hokimi S.Nizomov. – Biz yoshlarimizni ona Vatanimizga bo‘lgan muhabbat, tariximiz, milliy qadriyatlarimizga hurmat ruhida tarbiyalashni bosh maqsad qilib olgan ekanmiz, avvalo, ular ongida va qalbida mafkuraviy, ma’naviy immunitetni kuchaytirishimiz lozim.
Toki yoshlar milliy o‘zligini, shu bilan birga, dunyoni chuqurroq anglaydigan, zamon bilan hamnafas qadam tashlaydigan farzandlar bo‘lib voyaga yetsin. Buning uchun esa ularni oilada, bog‘cha va maktabda tarbiyalab, bilim olishlariga e’tiborli bo‘lishimiz kerak.

Albatta, yoshlardagi ma’naviy bo‘shliqni to‘ldirish uchun ularni kitob o‘qishga qiziqtirish bugungi kunning asosiy vazifalardan biridir. Zero kitobga oshno bo‘lgan qalblarda ezgulik nish uradi. Turli tajovuzlardan yiroq bo‘ladi.
– Xalqimiz azal-azaldan kitobni qadrlagan, uni avaylab asragan, – deydi viloyat bolalar kutubxonasi direktori M.Toshov. – Chunki kitob aqlni charxlaydigan, insonni ma’naviy kamolot sari yetaklaydigan bebaho vositalardan biri hisoblanadi. bugungi kunda ham aholi, ayniqsa, yoshlarda kitobga qiziqish, mutolaa madaniyatini yuksaltirish tobora muhim ahamiyat kasb etib bormoqda. Kitob inson qalbida Vatanga muhabbat, yurtga sadoqat, odamlarda mehr-oqibat tuyg‘ularini kamol toptirishda muhim o‘ringa ega. Kitob o‘qigan kishining ma’naviyati yuksalib, dunyoqarashi kengayib boraveradi. bugungi yoshlarimiz orasida kitobga qiziqish toboro kuchayib bormoqda. Buni kutubxonaga kelayotgan yoshlar misolida ham ko‘rish mumkin.
bugungi shiddat bilan o‘zgarayotgan davrda yoshlar ongu shuurini internet orqali kirib kelayotgan zararli g‘oya va ta’sirlardan samarali va ishonchli himoyalash dolzarbligicha qolmoqda. Bu nafaqat ota-onalar, balki o‘qituvchilar, ma’naviyat targ‘ibotchilaridan ham yosh avlodning g‘oyaviy-mafkuraviy immunitetini mustahkamlash borasidagi ishlar ko‘lamini yanada kengaytirishni talab qiladi.
“Tafakkur” NNT markazi rahbari Jonibek Shuhratovning “Axborot xurujlari va uning jamiyat va yoshlar ongiga salbiy ta’siri” mavzusidagi mulohazalari hayotiy misollar asosida bayon etilgani barchada katta taassurot qoldirdi.
Tadbirda aholi, xususan, yoshlar o‘rtasida kitobxonlikni keng targ‘ib qilishga alohida e’tibor qaratildi. Ta’kidlanganidek, kitob insonni ezgulikka, ma’naviy barkamollikka yetaklovchi asosiy kuchdir.
Otabek Mo‘minov,
Xatirchi tumani hokimining maslahatchisi
O‘zA