Jadidlar merosi – milliy o‘ziga xoslik
Jadidlar va qatag‘on qurbonlari tushunchalari bir-biri bilan chambarchas bog‘liq bo‘lib, ular o‘zbek xalqining milliy o‘zligi va mustaqilligi uchun kurashgan yagona avlodning fojiali taqdirini ifodalaydi.
Mahmudxo‘ja Behbudiy, Munavvarqori, Abdulla Qodiriy, Fitrat, Cho‘lpon va boshqa ko‘plab jadid bobolarimiz xalqni jaholatdan qutqarish, ta’limni isloh qilish va milliy mustaqillikka erishishga intilganlar. Aynan shu g‘oyalar sho‘ro tuzumi uchun xavfli deb topilgan va ularni «millatchi», «panturkist» kabi tamg‘alar bilan qatag‘on qilishga sabab bo‘lgan.
1937–1938-yillardagi «katta terror» va undan oldingi siyosiy qatag‘onlarning asosiy qurbonlari aynan jadidlar va ularning maslakdoshlari bo‘lgani bugun ko‘pchilikka ayon. Jadidlarning qatag‘on qilinishi nafaqat shaxslarning jismoniy yo‘q qilinishi, balki xalqning milliy uyg‘onish harakatiga berilgan qattiq zarba edi. Ularning asarlari va g‘oyalari o‘nlab yillar davomida taqiqlab kelingan.

Yurtimizda 31-avgust — Qatag‘on qurbonlarini yod etish kuni sifatida nishonlanadi. Toshkentdagi «Shahidlar xotirasi» xiyoboni va Qatag‘on qurbonlari xotirasi davlat muzeyi aynan mana shu jadid bobolarimizning jasorati va fojiali taqdirini avlodlarga eslatib turadi.
Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universiteti akademik litseyida bo‘lib o‘tgan “Jadidlar merosi – milliy o‘ziga xoslik” mavzusidagi ilmiy-ma’rifiy konferensiyada shu haqda atroflicha so‘z yuritildi.
Mazkur tadbir jadidlar harakati va uning namoyandalari tomonidan qoldirilgan boy ma’naviy-ma’rifiy merosni chuqur o‘rganish hamda keng targ‘ib etishga bag‘ishlandi.
Konferensiyada yoshlar ongida milliy o‘zlikni anglash, tarixiy xotira va milliy qadriyatlarga hurmat tuyg‘usini mustahkamlash masalalariga alohida e’tibor qaratildi. Shu bilan birga, jadidlar g‘oyalarining bugungi kundagi dolzarbligi va ahamiyati atroflicha yoritib berildi.

Konferensiya davomida jadidlarning ilm-fan, ta’lim va jamiyat taraqqiyotiga qo‘shgan hissasi, ularning milliy uyg‘onish yo‘lidagi fidokorona faoliyati alohida ta’kidlandi.
Ishtirokchilar tomonidan mavzu yuzasidan fikr-mulohazalar bildirilib, yosh avlodni vatanparvarlik, milliy g‘urur va tarixiy merosga sadoqat ruhida tarbiyalash zarurligi qayd etildi.
Shuningdek, akademik litsey o‘quvchilari tomonidan tayyorlangan jadidchilik harakati va jadidlar faoliyatini aks ettirgan sahna ko‘rinishlari, badiiy chiqishlar namoyish etildi.
Tadbir yakunida bunday ilmiy-ma’rifiy uchrashuvlarni muntazam ravishda tashkil etish, jadidlar merosini yanada chuqur o‘rganish va uni keng jamoatchilikka yetkazish muhim ahamiyat kasb etishi e’tirof etildi.
N.Usmonova, O‘zA