Izchil islohotlar ijobiy natijasini beradi
Rivojlangan davlatlar tajribasidan ma’lumki hududlarni innovatsion rivojlantirish ta’lim tizimini, jumladan, fan, ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yaxshilashga bevosita bog‘liq.
Bugungi kunda mamlakatimizda ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishning asosiy yo‘nalishlariga hamda xalqaro standartlarning talablariga mos keladigan oliy ta’lim tizimini yaratish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida oliy ta’lim tizimidagi ustuvor vazifalarga bag‘ishlab o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida oliy ta’lim muassasa (OTM)lari boshqaruv kengashlarining rolini oshirish va kafedralar vakolatlarini kengaytirish, o‘quv jarayonini bozor talablariga moslashtirib, ishlab chiqarish bilan uzviyligini ta’minlash, talabaning o‘z ustida ishlashi uchun muhit yaratish, OTMlarning ilmiy salohiyatini oshirish, ilm-fan va innovatsiyani rivojlantirish, professor-o‘qituvchilar, talabalar uchun qog‘ozbozlikni kamaytirish, sohani raqamlashtirish orqali byurokratiya va korrupsiyani keskin qisqartirish kabi sohadagi ustuvor vazifalar ko‘rsatib o‘tilgan edi.
Mazkur vazifalar nafaqat ta’limning rivojlanishi, balki taraqqiyotning yangi bosqichini boshlab beradigan fan-ta’lim, ishlab chiqarish aloqalarini rivojlantirishga xizmat qiladi. Jumladan, har bir oliy ta’lim, ilmiy tadqiqot muassasalarida ilmiy tadqiqot va innovatsion faoliyat natijalarini tijoratlashtirishning aniq mexanizmlari yaratilishi, ilmiy tadqiqotlarni ishlab chiqarishga qo‘llash samaradorligini oshiradi.
Guliston davlat universiteti(GulDU)da ilmiy-tadqiqot markazlari faoliyatidan daromad topish, kafedralarni tarmoq korxonalari bilan bog‘lash, biriktirish, o‘qituvchilarning korxonalarda amaliy tadqiqotlar o‘tkazishlariga sharoit yaratib berish, tarmoq korxonalari bilan tuzilgan 10-yillik hamkorlik shartnomalarida belgilangan vazifalarni bosqichma-bosqich ijrosini ta’minlash, xo‘jalik shartnomalari, startap loyihalari sonini keskin oshirish choralari ko‘rilmoqda.
Universitet yosh olimlarining ilmiy yangiliklarini amaliyotga joriy qilish va tijoratlashtirish maqsadida “Javdar unidan parhezbop non mahsulotlarini ishlab chiqarish”, “Qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini zararkunanda hasharotlardan himoya qiluvchi “Srop Protection Device” qurilmasi ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish” hamda “Yosh dizaynerlar ilmiy-innovatsion markazi” faoliyatini tashkil etish orqali “Spin-off” kompaniyalarini tashkil etish ishlari amalga oshirilmoqda.

Ilmiy loyihalar ko‘lami va sifatini yanada oshirish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan jami 12 milliard 500 million so‘mlik GulDU uchun maqsadli loyihalar tanlovi e’lon qilindi. Ushbu loyihalar doirasida Sirdaryo viloyatining dorivor o‘simliklari atlasi va raqamli elektron platformasini yaratish, boshlang‘ich sinf o‘quvchilari uchun “Tarbiya” fanini o‘qitish orqali milliy qadriyatlarni o‘rgatishga qaratilgan elektron platforma va multimediya majmuasini yaratish dasturlari kiritilgan.
Shuningdek, mahalliy bug‘doy donidan yuqori ozuqaviy qiymatga ega bo‘lgan oqsil(lizin, metionin va vitaminlari)ga boy bo‘lgan un ishlab chiqarishning resurs-tejamkor hamda javdar unidan aminokislotalarga va vitaminlarga boy parhezbop non mahsulotlarini ishlab chiqarish texnologiyalarini yaratish dasturi o‘rin olgan.
O‘simliklarning o‘sishi va rivojlanishini avjlantiruvchi va zamburug‘li kasalliklariga samarali ta’sir etuvchi personallashtirilgan yangi avlod preparatlarini yaratish, kivi (Actinidia Deliciosa) o‘simligini “in vitro” sharoitida ko‘paytirish agrotexnologiyasini ishlab chiqish, Sirdaryo viloyati sharoitida zafaron yetishtirish texnologiyasini yaratish ham mazkur loyihaga kiritilgan. Yana qovun mahsulotlarini chiqindisiz qayta ishlashning innovatsion texnologiyasini ishlab chiqish, matematik modellashtirish, samarador yangi konstruksiya va optimal parametrlarni ishlab chiqish asosida universal sanoat ishlab chiqarish separatorining sanoat namunasini yaratishga aynan ushbu loyiha orqali erishilishi kutilayotganini ta’kidlash o‘rinli.Professor-o‘qituvchilarning chet elda malaka oshirish, stajirovka o‘tash va doktoranturada tahsil olishlari uchun katta imkoniyatlar yaratib berildi.
Bularning barchasi bilim berish sifatini yaxshilash va kadrlar salohiyatiga ijobiy ta’sir ko‘rsatmoqda. So‘nggi besh yil davomida professor-o‘qituvchilarimiz jamoasi tomonidan amalga oshirilgan o‘quv, o‘quv-uslubiy, ilmiy va ilmiy tadqiqot ishlari, ma’naviy-ma’rifiy sohadagi ishlarni taqqoslaydigan bo‘lsak, bir qator o‘zgarish va yutuqlarga erishganimizni kuzatish mumkin. Jumladan, universitet magistraturasida 2017-yilda 3 ta mutaxassislik bo‘yicha 10 nafar magistr ilmiy tadqiqot ishi bilan shug‘ullangan bo‘lsa, bu ko‘rsatgich 2022-yilda 18 ta mutaxassislik bo‘yicha 397 nafar magistrni tashkil etdi.
Universitetda 2021-yilda 4 ta o‘quv auditoriyasi “Ye-Minbar” bilan jihozlangan bo‘lsa, 2023-yilda ularning soni 38 taga yetdi. 8 dona ilmiy loyihalar bajarilishi yo‘lga qo‘yildi. Professor-o‘qituvchilarning ilmiy maqolalari 922 taga, jumladan, 346 ta ilmiy jurnallarda shundan 196 ta xalqaro jurnallarda, 582 ta anjuman to‘plamlarida, shu jumladan, 106 ta xalqaro anjumanlarda professor-o‘qituvchilarning maqolalari chop etildi. Shuningdek, 17 ta darslik, 82 ta o‘quv qo‘llanma, 120 ta monografiya chop etildi va 29 ta patent olindi. Professor-o‘qituvchilarning xalqaro va respublika miqyosidagi ilmiy jurnallarda maqolalari soni va sifati keskin oshdi.
Prezidentimizning 2021-yil 24-dekabrdagi “Davlat oliy ta’lim muassasalarining akademik va tashkiliy-boshqaruv mustaqilligini ta’minlash bo‘yicha qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida” gi va “Davlat oliy ta’lim muassasalariga moliyaviy mustaqillik berish chora-tadbirlari to‘g‘risida” gi, 2022-yil 1-avgustdagi “Moliyaviy mustaqillik berilgan davlat oliy ta’lim muassasalarida davlat buyurtmasi (davlat granti) asosida kadrlar tayyorlash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan moliyalashtirish tartibini tasdiqlash to‘g‘risida” gi qarorlari mazkur yo‘nalishdagi ishlar samaradorligini yanada oshirishga xizmat qildi.
Jumladan, OTMlarga bir qator yengilliklar yaratib berish bilan birga, professor-o‘qituvchilar va talabalarga ham katta qulaylik olib kelishi, oliygohlar rahbariyati tomonidan ta’limni optimallashtirish orqali sifat darajasini oshirish, o‘qituvchi va talabalardan o‘quv yuklamasini kamaytirish orqali fanlarni yaxshi o‘zlashtirishga yo‘l ochib berdi.
Bunga ko‘ra, oliy ta’lim muassasasi o‘zi va tuzilmasidagi ta’lim muassasalari uchun darsliklar hamda boshqa o‘quv, ilmiy adabiyotlarni yaratadi va nashr etadi. Ta’lim sifatini ichki nazorat qilish mexanizmlarini belgilashni joriy etadi. Tashkiliy-boshqaruvdagi mustaqillik sohasida faoliyatining asosiy yo‘nalishi ta’lim, ilm-fan, uning natijalarini joriy etish hamda tijoratlashtirish bilan bog‘liq bo‘lgan, davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilmaydigan tarkibiy tuzilmalar, tijorat va notijorat tashkilotlarni tashkil etish ishlarini amalga oshiradi. OTMlar uchun belgilangan normativlardan qat’i nazar, muassasaning tuzilmasini tasdiqlash va shtat birliklari sonini belgilash, mehnat bozoridagi ehtiyojdan kelib chiqib, yangi ta’lim yo‘nalishlari va mutaxassisliklarni ochish, amaldagi ta’lim yo‘nalishlari hamda mutaxassisliklarni tugatish, pedagog va boshqa xodimlarni ishga qabul qilish, ishdan ozod etish va ichki rotatsiyaga oid tartibni belgilash huquqiga ega bo‘ladi. Bulardan tashqari, OTMlarga xorijiy davlat fuqarolarini to‘lov-kontrakt asosida o‘qishga qabul qilish va masofaviy ta’lim olish shaklida o‘qitishni tashkil etish kabi sohalarda ham mustaqillik berildi.
Qarorda belgilangan vazifalarni o‘z muddatida va sifatli bajarish maqsadida tashkil etilgan Kuzatuv kengashining olib borgan faoliyati natijasida qisqa vaqt ichida ulkan yutuqlarga erishildi. Universitet faoliyatini tartibga solish va takomillashtirishga oid 10 ta muhim hujjat ishlab chiqildi va tasdiqlandi. Ulardan eng asosiysi GulDUning uzoq va o‘rta muddatli strategik rivojlantirish dasturi hisoblanadi.
Davlatimiz rahbarining 2019-yil 9-oktyabrdagi “O‘zbekiston Respublikasi oliy ta’lim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasini tasdiqlash to‘g‘risida” gi farmoni ijrosi doirasida ilmiy-texnik buyurtma va grantlarni amalga oshirish, ishlab chiqarishda mavjud muammolarga yangicha yechim topish, tajribali amaliyotchilarni o‘quv jarayoniga faol jalb qilish, ta’limda ishlab chiqarish infratuzilmasi va amaliy misollardan keng foydalanish kabi yo‘nalishlarda oliy ta’lim muassasalarining ishlab chiqarish korxonalari, tashkilotlar, ilmiy-tadqiqot muassasalari bilan o‘zaro manfaatli hamkorligini ta’minlash vazifalari belgilab berilgan.
Ushbu vazifalarni bajarish hamda fan-ta’lim, ishlab chiqarish integratsiyasini yangi bosqichga ko‘tarish maqsadida universitetda ta’lim, fan, innovatsiya va ilmiy tadqiqotlar natijalarini tijoratlashtirish uzviy bog‘liqligini nazarda tutuvchi “Universitet 3.0” konsepsiyasi bosqichma-bosqich joriy etiladi. Xorijiy investitsiyalarni keng jalb qilish, pullik xizmatlar ko‘lamini kengaytirish va boshqa byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga universitet tarkibida texnopark, texnologiyalar transferi, startap, akselerator markazlarni tashkil etish hamda ularni tegishli tarmoq, soha va hududlarning ijtimoiy-iqtisodiy rivojlanishini tadqiq qilish va prognozlashtirish bo‘yicha faoliyat olib borilishini ta’minlaydi.
Shuningdek, byudjetdan tashqari mablag‘lar hisobiga startap loyihalari asosida tijoratlashtirish salohiyati yuqori bo‘lgan yangi mahsulotlar va texnika-texnologiyalarni yaratish orqali universitet huzurida ilmiy-tadqiqot natijalarini amaliyotga joriy etish bilan shug‘ullanuvchi “Yosh olimlar akademiyasi” ni tashkil etish, akademik tadbirkorlikni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratiladi. Fundamental, amaliy va innovatsion ilmiy tadqiqotlarni rivojlantirish, mavjud ilmiy maktablarni saqlab qolish va yangilarini yaratish, ularning kadrlar salohiyatini mustahkamlash, bunda iqtidorli yoshlarning ilm-fanga keng jalb etilishini rag‘batlantirishga alohida e’tibor qaratiladi.
Bulardan tashqari, ilm-fan sohasida xalqaro hamkorlikni rivojlantirish, O‘zbekiston Respublikasi Fanlar akademiyasining tegishli institutlari hamda nufuzli xorijiy oliy ta’lim va ilmiy tadqiqot muassasalari bilan universitetning faol hamkorligini yo‘lga qo‘yish, bunda mentorlik modelidan keng foydalanish va iqtidorli yoshlarni aniqlash, GulDU huzuridagi akademik litseylar va texnikumlarga jalb qilish, universitetga saralab olish, chuqurlashtirilgan ta’lim dasturlari asosida o‘qitish, ularning fan olimpiadalaridagi ishtirokini kengaytirish, ilmiy faoliyatga bo‘lgan qiziqishini oshirish, “ustoz-shogird” tizimi asosida tegishli sohada yuqori natijalarga erishgan malakali mutaxassislarga biriktirish, bu boradagi ma’lumotlar elektron bazasini yaratish va yana boshqa ko‘plab ulkan rejalarni amalga oshirishni o‘z oldimizga vazifa qilib belgilab oldik.
Albatta, sohaga qaratilayotgan bunday e’tibor davlatimizning oliy ta’lim sohasida yangi bosqichni boshlab berdi. Demak, biz ilm va ta’lim sohasi vakillari bunday g‘amxo‘rlikka bor bilim va tajribalarimizni ishga solgan holda munosib javob berishimiz lozim. Vaqt o‘tishi bilan bunday izchil islohotlar o‘zining ijobiy natijasini beradi.
Muhsin XODJIEV,
Guliston davlat universiteti rektori,
texnika fanlari doktori, professor
O‘zA