«Tashabbusli byudjet»: OITS markazi qoshidagi klinika uchun yangi omborxona quriladi
Xalq deputatlari Chilonzor tuman Kengashining qarori asosida Chilonzor tumani hokimligi huzurida tashkil etilgan «Fuqarolar tashabbusi jamg‘armasi» mablag‘lari hisobidan 2026-yilning 2-mavsumida g‘olib deb topilgan loyihalardan biri uchun mablag‘ ajratildi.
Mazkur loyihaga ko‘ra, Toshkent shahri, Chilonzor tumani, 6-daha, Dilobod mahallasi, 36-uyda joylashgan Respublika OITSga qarshi kurash markazi qoshidagi klinika hududida yangi omborxona quriladi.
Loyiha doirasida Respublika OITSga qarshi kurash markazi hamda hududiy OITSga qarshi kurash markazlari ehtiyojlari uchun markazlashgan tartibda xarid qilinib tarqatiladigan retrovirusga qarshi dori vositalari, tibbiy buyumlar va profilaktika vositalarini saqlash uchun 150 kvadrat metrgacha bo‘lgan, milliy standartlarga mos omborxona barpo etilishi ko‘zda tutilgan.
Omborxona sovitish tizimiga ega, beton pol qoplamali, sendvich panellar bilan o‘ralgan, yopiq tom qismiga ega hamda zarur stellajlar bilan jihozlangan bo‘lishi belgilangan.
Ajratilgan mablag‘ miqdori 1 milliard 648 million so‘mni tashkil etadi.
Loyihaning amalga oshirilishi dori vositalari va tibbiy buyumlarni belgilangan sharoitlarda saqlash, byudjet mablag‘laridan samarali foydalanish hamda aholini zarur dori vositalari bilan uzluksiz ta’minlashga xizmat qiladi.
Mazkur loyiha O‘zbekiston Respublikasi Iqtisodiyot va moliya vazirligining «Ochiq byudjet» elektron axborot portali orqali «Tashabbusli byudjet» jarayonida fuqarolar tomonidan ilgari surilgan va ovoz berish natijalariga ko‘ra g‘olib deb topilgan loyihalar ro‘yxati asosida amalga oshirilmoqda.
Shuningdek, tadbir tovar va moddiy qimmatliklarni xarid qilish bilan bog‘liq bo‘lgan hollarda, xarid qilinadigan tovarlar reyestri buyurtmachi tashkilot hamda loyihani ilgari surgan tashabbuskor bilan kelishilgan holda shakllantirilishi va tasdiqlanishi belgilab qo‘yilgan.
Mohigul Qosimova, O‘zA