Italiyada emlanmagan shifokorlar ishdan bo‘shatilmoqda
Italiyada haligacha COVID-19 ga qarshi emlanmagan tibbiy xodimlar o‘z vazifasidan chetlatiladi, deb xabar tarqatdi Sky TG24 yangiliklar kanali.
Italiyada aholini koronavirusga qarshi ommaviy tarzda emlash o‘tgan yilning dekabrida boshlangan edi. O‘shanda birinchi bo‘lib Rimdagi Lazzaro Spallanzani yuqumli kasalliklar milliy instituti xodimlari emlangan edi. Shundan keyin mamlakatdagi barcha vrachlar va tibbiy xodimlarni yoppasiga emlash boshlandi.
Joriy yilning 1 aprelida esa Italiya vazirlar kengashi COVID-19 ga qarshi kurash bo‘yicha navbatdagi dekretni qabul qildi. Ushbu hujjat mamlakatning barcha tibbiy xodimlari uchun emlanish majburiyligini nazarda tutadi.
Mazkur hujjatga ko‘ra, emlanishdan bosh tortgan shifokorlar haqidagi ma’lumotlar 16 aprelgacha sog‘liqni saqlash vazirligiga taqdim etilishi lozim. Ular zudlik bilan emlanmasa, vazifasidan chetlatiladi.
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Italiyada sohada xizmat qilayotgan kamida 46 ming xodim haligacha emlanmagan. Hukumat rejasiga ko‘ra, sentyabr oyigacha aholining 80 foizi emlanishi lozim. Shundagina mamlakatda jamoaviy immunitet shakllanadi, deyiladi xabarda.