Istiqloldan ilhomlangan ijodkor yodi
Har gal poytaxtimizdagi Adiblar xiyoboniga borib, ulug‘ mutafakkir bobomiz Alisher Navoiy haykaliga tikilar ekanman, ko‘z o‘ngimda bu mahobatli ijod namunasining muallifi bo‘lgan Jaloliddin Mirtojiyev gavdalanaveradi.
G‘alati, armonu iztiroblarga to‘la fikr miyamda charx uraveradiki, haykaltaroshimiz hazrat Navoiyning nurli siymosiga qo‘shib o‘z xotirasi, mehri, salohiyati, iste’dodini ham shu yodgorlikda qoldirib ketgandek go‘yo...
O‘zbekiston xalq rassomi Jaloliddin Mirtojiyevning mustaqil O‘zbekiston haykaltaroshlik san’atiga qo‘shgan hissasi beqiyosdir.
Jurnalist sifatida bu inson bilan ko‘p marta hamsuhbat bo‘lganman. To‘g‘risi, haligacha ularning oramizda yo‘q ekaniga unchalik ham ishongim kelmaydi. Jurnalistlarga nihoyatda "ko‘zi o‘ng", mashaqqatli kasbimizni hurmat qiladigan, kamtarin, mehnatsevar, oddiy, samimiy inson sifatida xotiramda qolgan Jaloliddin aka.
Atoqli haykaltarosh jonajon O‘zbekistonimizning turli shaharlari hamda bir qator xorijiy mamlakatlarda qad rostlagan ulug‘ allomalarimiz, yozuvchi va shoirlarimiz siymosi aks ettirilgan yodgorlik-monumentlarning muallifi sanaladi. Poytaxtimizdagi Abdulla Qodiriy, G‘afur G‘ulom, Zulfiya, Oybek, Beruniy, Said Ahmad hamda Saida Zunnunova haykali, Samarqand shahridagi Ro‘dakiy, Mirzo Ulug‘bek, Buxoroda Fitrat, Andijonda Cho‘lpon va Bobur, G‘azalkent shahrida Elbek, poytaxtimizdagi "Vatanga qasamyod", Jizzax, Andijon, Farg‘onadagi "Motamsaro ona" yodgorliklari Jaloliddin Mirtojiyev ijodiga mansub ishlardir.
Mohir ijodkor tomonidan ishlangan Navoiy hamda Ulug‘bek haykali Moskvada, Ulug‘bek va Ibn Sino siymosi Riga shahrida, hazrat Navoiyga Baku va Tokioda, al-Farg‘oniyga Qohira shahrida, Kamoliddin Behzod haykali Xitoyning Chanchun shahrida savlat to‘kib turibdi. U yaratgan Navoiy haykalining mo‘’jaz modeli AQSH Kongressi kutubxonasida ham bor.
Ustoz ijodkorning shogirdlari bugun tasviriy va amaliy, haykaltaroshlik sohasida faol izlanmoqda. Masalan, O‘zbekiston xalq rassomi Jasvantbek Annazarov davlatimiz rahbari tashabbusi bilan poytaxtimizda barpo etilgan "G‘alaba bog‘i" yodgorlik majmuasidagi "Mangu jasorat", "Adiblar xiyoboni"dagi bir qator ijodkorlar siymosi aks etgan yodgorliklarning muallifi.
Prezidentimizning 2021 yil 24 avgust kuni e’lon qilingan "Mamlakatimizda madaniyat va san’at, adabiyot, ommaviy axborot vositalari sohalarini rivojlantirishga ulkan hissa qo‘shgan bir guruh marhum ijodkorlarni mukofotlash to‘g‘risida"gi farmoniga ko‘ra, O‘zbekiston xalq rassomi Jaloliddin Mirtojiyev "Fidokorona xizmatlari uchun" ordeniga munosib ko‘rildi. Bu esa mohir ijodkor xotirasiga ko‘rsatilgan ehtiromning yorqin namunasidir.
Nazokat Usmonova,
O‘zA muxbiri