Iste’molchilarga qulaylik yaratilmoqda
Havoning sovishi sabab aholining tabiiy gazga bo‘lgan ehtiyojning ortishi tabiiy. Shubhasiz, ba’zi hududlarda gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolar ham yo‘q emas. Ular tashkilot tomonidan o‘z vaqtida o‘rganilmoqda, bartaraf etish choralari ko‘rilmoqda.
Ta’kidlash lozim, yil davomida korxona tomonidan bir qator tizimli ishlar olib borildi. Buxoro viloyatidagi 50 ga yaqin hududlarda bugunga qadar rekonstruksiya ishlari bajarildi. Tabiiy gaz ta’minoti bilan bog‘liq muammolari mavjud hududlarning gaz ta’minotini yaxshilash hamda mavsum davomida uzluksiz tabiiy gazni yetkazib berish uchun umumiy hisobda 54 kilometrdan ortiq gaz quvuri rekonstruksiya qilindi.


Keng ko‘lamli islohotlar natijasi sabab millionlab iste’molchining xonadonida gaz ta’minoti yaxshilanishiga erishildi. Quvonarlisi, ta’minot bilan bog‘liq turli yo‘qotishlarning oldini olish hamda bir maromda gazni yetkazib berish uchun 371 ta gaz qurilmalari sozlandi.

Bugunga qadar tashkilot tomonidan 2607 ta murojaat o‘rganildi. O‘rganishlar davomida 2005 tasi ijobiy jihatdan hal etildi. Qolganlari yuzasidan esa tushuntirish berildi. Murojaatlar asosan yozma va og‘zaki bo‘lib, elektron, “ishonch” telefonlari hamda virtual qabulxona orqali yo‘llanmoqda.

– Ta’minot xodimlari tomonidan har bir murojaat o‘z vaqtida o‘rganiladi, – deydi gaz ta’minoti filiali bo‘lim boshlig‘i Farrux Rajabov. – Fuqarolar o‘zlarining turli muammolari bilan kelishadi. Jumladan, tabiiy gazga ulash, hisoblagich o‘rnatish, hisob-kitob masalalari va shunga o‘xshagan boshqa bir qator muammolar bilan murojaat qilmoqda. Qabulxonada soha mas’ullari tomonidan ularning har biri o‘rganiladi, tushuntiriladi.
Zarif Komilov, O‘zA muxbiri.