Iste’molchilar huquqi qonun himoyasida
Navoiy viloyati Zarafshon shahrida yashovchi fuqaro R.M Navoiy shahrida joylashgan savdo majmualarining biridan 1 million so‘mga sotib olgan kiyimi yaroqsiz holga kelib qolganligi yuzasidan savdo do‘koni rahbariga qilgan murojaati e’tiborsiz qoldirilgan.
Shundan so‘ng u Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislaridan amaliy yordam so‘ragan.
Jamiyat xodimlari murojaatni o‘rganish jarayonida savdo do‘koni rahbariyatiga amaldagi qonunchilik talablari hamda iste’molchining huquqlarini atroflicha tushuntirdi.
Natijada fuqaro murojaati ijobiy hal etilib, yaroqsiz kiyim uchun to‘langan 1 million so‘m pul mablag‘i to‘liq qaytarib berildi.
Yana bir holatda esa texnik nosoz bo‘lgan telefon muammosi ham jamiyat xodimlari aralashuvidan so‘ng ijobiy hal etildi.
Gap shundaki, Navoiy shahrida istiqomat qiluvchi G.X. “Gulobod” savdo do‘konidan 6,5 million so‘mga iPhone 11 Pro rusumli mobil telefon xarid qiladi. Biroq qisqa muddat ichida qurilmada texnik nosozliklar aniqlanadi.
Xaridorning ma’lum qilishicha, telefon ishlash jarayonida o‘chib qolish, quvvatni tez yo‘qotish hamda sensor qismida sekin ishlash holatlari kuzatilgan. Mazkur muammolar tufayli fuqaro do‘kon sotuvchisiga murojaat qilib, mahsulotni almashtirishni so‘ragan.
Mutaxassislar tomonidan o‘tkazilgan dastlabki ko‘rikda qurilmaning texnik nuqsoni borligi tasdiqlangan. Ammo sotuvchi telefonni almashtirib berishni xohlamaydi.
Navoiy shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislari aralashuvidan so‘ng iste’molchiga mahsulot uchun to‘langan mablag‘ qaytarib berildi.
A.Bo‘riyev, O‘zA muxbiri