Iste’molchi huquqi qonun himoyasida
Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan iste’molchilarning buzilgan huquqlarini tiklash, aholining bu boradagi bilim va tushunchalarini oshirishga alohida e’tibor qaratilmoqda.
– Jamiyatimizga o‘tgan 2022 yilda 75 nafar iste’molchi bevosita, shuningdek, O‘zbekiston iste’molchilar uyushmasi federatsiyasi hamda Bosh prokuratura “ishonch telefoni” orqali ariza va shikoyat bilan murojaat qildi, – deydi Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati raisi vazifasini bajaruvchi Ulug‘bek Eshmatov. – Asosan, tabiiy gaz va elektr energiyasi to‘lovlari, aloqa xizmati hamda savdo-xarid masalalari bo‘yicha qilingan murojaatlarning aksariyati ijobiy hal etilib, iste’molchilar foydasiga 97 million 341 ming so‘mdan ziyod mablag‘ undirildi.

Buloqboshi tumani Baynalmilal mahallasida yashovchi Abdurahmon Mirzayev murojaat qilib Andijon shahar, Bobur shohko‘chasida joylashgan aviakassadan 2 million 650 ming so‘mga “Andijon - Moskva” yo‘nalishi bo‘yicha aviachipta sotib olganligi, biroq oilaviy sharoiti sabab uchib keta olmaganligi, chipta o‘z vaqtida qaytarib topshirilgan bo‘lsa-da, aviachiptaning pulini qaytarib ololmayotganligi, ushbu muammoni hal etishga yordam berilishini so‘ragan.
Ushbu murojaat qonun doirasida o‘rganilganda haqiqatdan ham iste’molchi aviachipta uchun to‘lagan pulini asossiz ravishda ololmayotganligi ma’lum bo‘ldi. Jamiyat mutaxassislari tomonidan aviakassa xodimlari ishtirokida qonun doirasida tushuntirish ishlari o‘tkazilganidan so‘ng fuqaro A.Mirzayevga 2 million 650 ming so‘m miqdoridagi pul qaytarib berildi, iste’molchining qonuniy huquqi tiklandi.
Shuningdek, Andijon shahri, Bo‘ston dahasida yashovchi Z. Xabibullayeva Andijon shahridagi “O‘zbegim” savdo majmuasidan 260 ming so‘mga ayollar libosi xarid qilgan. Libosda nuqson bo‘lganligi uchun uni almashtirib berishni so‘ragan. Biroq sotuvchilar unga rad javob bergan. Shundan so‘ng u Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatiga murojaat qilib, ushbu masalada yordam berishni so‘ragan. Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati mutaxassislarining aralashuvi bilan iste’molchiga 260 ming so‘m mablag‘ qaytarildi.

Andijon shahar iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati tomonidan korxona, tashkilot va ta’lim muassasalarida aholi, ayniqsa, yoshlar o‘rtasida iste’molchilar huquqlarini himoya qilishga doir hujjatlar mazmun-mohiyatini targ‘ib etish, fuqarolarning iste’mol madaniyatini oshirish, bu boradagi bilim, tushuncha va savodxonligini yuksaltirish bo‘yicha ham tadbirlar, muloqot hamda davra suhbatlari muntazam o‘tkazilmoqda.
F. UBAYDULLAEV,
Z. UMRZOQOV O‘zA