Istanbulda siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning “Erkin millat poydevori” kitobi taqdimoti o‘tkazildi
Turkiyaning Istanbul shahridagiIstanbul Tijorat universitetida siyosatshunos Kamoliddin Rabbimovning “Erkin millat poydevori” kitobi taqdimoti bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda muallif asarning yaratilish tarixi, uni yozishga undagan omillar hamda kitobda ilgari surilgan g‘oyalar haqida batafsil ma’lumot berdi. Shuningdek, uchrashuv davomida O‘zbekiston jamiyatining taraqqiyot yo‘li, davlatchilik an’analari, milliy tafakkur, fuqarolik jamiyati va siyosiy madaniyat masalalari xususida fikr almashildi.

Qayd etilganidek, “Erkin millat poydevori” asari O‘zbekistonning mustaqillik yillarida bosib o‘tgan taraqqiyot yo‘lini siyosiy va ijtimoiy jarayonlar kesimida tahlil etadi. Muallif mamlakatda mustaqil davlatchilik asoslarini yaratish, milliy tiklanish jarayonlari va davlat institutlarini shakllantirish bosqichlarini o‘rganar ekan, 2016-yildan keyin boshlangan yangi taraqqiyot davriga ham alohida e’tibor qaratadi.
Asarda keyingi yillarda mamlakatda amalga oshirilayotgan keng qamrovli islohotlar, davlat boshqaruvini takomillashtirish, fuqarolar bilan muloqot tizimini kuchaytirish, sud-huquq sohasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotni liberallashtirish va xalqaro hamkorlikni kengaytirishga qaratilgan o‘zgarishlar tahlil qilingan. Shuningdek, Prezident Shavkat Mirziyoyev rahbarligida olib borilayotgan islohotlarning jamiyat hayotiga ta’siri, ochiqlik va oshkoralik tamoyillarining mustahkamlanishi hamda fuqarolik jamiyati institutlarining rivojlanishiga oid fikr-mulohazalar bildirilgan.

Muallif mazkur jarayonlarni O‘zbekistonning zamonaviy siyosiy taraqqiyotidagi muhim bosqich sifatida baholab, erkin va mas’uliyatli fuqarolardan iborat jamiyatni shakllantirish masalalariga alohida e’tibor qaratadi.
Taqdimotda Turkiyada yashab, tahsil olayotgan va mehnat faoliyatini olib borayotgan o‘zbekistonlik vatandoshlar, jamoatchilik vakillari hamda faol yoshlar ishtirok etdi.
Uchrashuv savol-javoblar ruhida o‘tib, ishtirokchilar kitobda ko‘tarilgan mavzular, mamlakat taraqqiyoti, milliy o‘zlikni anglash va zamonaviy siyosiy jarayonlarga oid masalalar yuzasidan fikr-mulohazalarini bildirishdi.
Tadbir yakunida kitobxonlarga muallif dastxati tushirilgan kitoblar taqdim etildi.
O‘zA