Isroil Madrimov AQSHga ketdi
Professional boksning super yarim o‘rta vazn toifasida faoliyatini davom ettirayotgan hamyurtimiz Isroil Madrimov navbatdagi jangiga tayyorgarlik ko‘rish uchun erta tongda AQSHga jo‘nab ketdi.
Isroil Madrimov bu safar jahon chempionlik kamariga eliminator jangida Mishel Soro bilan to‘qnash keladi.
Hozircha ushbu bellashuvning sanasi aniq emas. Bokschimizning AQSHga yo‘l olishiga qaraganda mazkur jang shu yili o‘tishiga umid qilish mumkin.
Eslatib o‘tamiz, Isroil o‘zining so‘nggi jangini aprel oyida poytaxtimizdagi "Humo Arena" sport majmuasida o‘tkazgan. Unda Isroil Madrimov Kongo vakili Emmanuel Kalomboni ochkolar hisobida taslim etgan edi.
Javohir TOSHXO‘JAEV, O‘zA