Isroil – Falastin: muammoning ildizi qayerda?
Ko‘pgina begunoh insonlar qoni to‘kilishiga sababchi bo‘lgan, vayronagarchilik va talafot keltirgan Isroil – Falastin mojarosini yaxshiroq tushunish hamda ehtimoliy yechimlar xususida munozara yuritish maqsadida O‘zA siyosatshunos Farxod Tolipovga murojaat qildi.

Tarixiy omil
– Sizningcha, qaysi tarixiy voqealar Isroil – Falastin munosabatining hozirgi holatiga jiddiy ta’sir ko‘rsatdi?
– Isroil – Falastin mojarosi asrlar mobaynida davom etib kelmoqda, deb bemalol aytish mumkin. Bir tomondan diniy, ikkinchi tomondan xalqaro geosiyosiy sabab tufayli vujudga kelgan kelishmovchilik juda chigal va chuqur ildiz otgan muammodir. 1947 yil Falastin hududida Isroil davlati tuzildi, lekin falastinliklarga mustaqillik berilmadi. Ayni shu omil ko‘plab ekspertlar tomonidan noto‘g‘ri va adolatsiz qabul qilingan qaror sifatida munozara markazida bo‘lib kelmoqda. Shundan buyon aksar arab mamlakatlari yahudiy davlati mustaqilligini inkor qilib, bir necha bor “loskout” joriy qildi. Bu jarayon “Arab – Isroil urushi” deb ham ataladi. Faqat 1970-yillarda vaziyat biroz yumshagan, o‘shanda Misr Isroil mustaqilligini tan oldi va o‘zaro tinchlik bitimini imzoladi.
Siyosiy jihat
– Har ikki tomon siyosiy rahbariyati va turli boshqaruv tuzilmalari davom etayotgan keskinlikda qanday o‘rin tutadi?
– O‘tgan yil oktyabr oyida XAMAS tashkiloti Isroilga qilgan hujumga javob tariqasida yahudiy davlati ham o‘z amaliyotini boshladi. G‘azo hududidagi barcha harakatlar shunday talqin qilinmoqda. Dunyo hamjamiyati guvoh bo‘layotgan voqealar asnosida esa bu yurish nafaqat bir tashkilot, balki butun falastinliklarni jazolash tarzida namoyon bo‘lyapti. Oxirgi ma’lumotga qaraganda, shu paytgacha mojaro tufayli 40 minga yaqin yosh-qari, asosan oddiy aholi vakillari halok bo‘lgan. Tarixan ma’lumki, sionizm yoki ultra-sionizm nomli mafkura yahudiylar, jumladan Isroilga xos. Bu g‘oya negizida arablarga, islom diniga qarshi tushunchalar mavjud. Binobarin, Netanyaxu boshchiligidagi hukumat ayni ta’sirdan xoli, deyish qiyin.
Tashqi kuchlar ta’siri
– AQSH, Yevropa Ittifoqi va mintaqadagi arab davlatlari kabi tashqi kuchlar Isroil – Falastin munosabati rivojiga qanday ta’sir ko‘rsatishi mumkin?
– Shubhasiz, ba’zi geosiyosiy omillar mavjud. Yuqorida qayd etilganidek, bu faqat Isroil va XAMAS o‘rtasidagi urush emas. Muammoning tashqi, xalqaro o‘lchami juda yirik. Bundan OAV orqali yaxshi xabardormiz. Ma’lumki, alohida davlat sifatida shakllangandan beri Isroilni AQSH har tomonlama qo‘llab-quvvatlab kelmoqda. Sababi, Amerikada juda ko‘p yahudiy yashaydi. Ular shu darajada qudratliki, bemalol Qo‘shma Shtatlar siyosatiga ta’sir o‘tkaza oladi. Demak, Isroilning texnikaviy, harbiy, siyosiy va ma’naviy hayotida, deyarli, muammo yo‘q. Qayd etish joiz, ayni payt Bayden boshchiligidagi hukumat ham, Yevropa Ittifoqi ham Falastinda yuz berayotgan achinarli voqealarga barham berish kerakligini bir necha bor ta’kidladi. Ispaniya, Fransiya, Italiya kabi qudratli davlatlar urushni qoralab, BMT singari qator xalqaro tashkilotlarga ham murojaat qildi.
Xalqaro huquq
– Har ikki tomonning yer va suverenitetga da’vosini baholashda xalqaro huquqning roli qanday?
– Albatta, bu mojaro tufayli qator xalqaro huquqiy ziddiyatlar vujudga keldi. Masalan, Falastin yerida Isroil mustaqilligi tan olinib, Falastinni faqat avtonomiya sifatida qoldirish falastinliklarni mustaqil suveren davlatga ega bo‘lish maqomidan mahrum etdi. Masalaning og‘riqli jihati shundaki, urush olib borayotgan tomonlar ma’lum me’yor va tamoyillarga bo‘ysinishi, jumladan birinchi navbatda begunoh aholi vakillariga ziyon-zahmat yetishining oldini olishi xalqaro huquqqa asosan qat’iy belgilab qo‘yilgan. Afsuski, Isroilning asosiy qurbonlari oddiy xalq vakillari bo‘lmoqda. Ya’ni, xalqaro standart qo‘pol tarzda buzilmoqda.
Kelajak istiqboli
– Sizningcha, isroilliklar va falastinliklar o‘rtasida mustahkam tinchlikka erishish uchun nima qilish kerak?
– Hozir mutaxassislar, olimlar, yirik davlatlar mutasaddilari ushbu mojaroni to‘xtatish maqsadida bosh qotiryapti. Ayni dam BMT singari xalqaro tuzilmalar ko‘p yildan beri davom etayotgan ziddiyatni eskicha yondashuv bilan hal qila olmaydi. 1945 yil, tashkil topganda qabul qilingan BMT Nizomi, Xavfsizlik Kengashi tarkibi va tamoyillarini isloh qilish, aniqroq aytganda, o‘zgartirish payti kelgan. Ehtimol, masalaning yechimi aynan shu tuzilmaning amaliy kuch-qudrati, yangilangan tizimiga borib taqalar. Yana bir asosiy salohiyat kaliti esa, ko‘plab mutaxassislar e’tirof etayotganidek, avvalo, bir hududda joylashgan 2 davlatdan biri, ya’ni Isroil mustaqil bo‘lgani kabi, Falastinga ham shunday huquq berilishi kerak. Yahudiy hukumati esa hozircha falastinliklarning milliy davlatchiligini tan olmayapti.
Musulmon Ziyo suhbatlashdi.
O‘zA