Ispaniyaga Iordaniya orqali boriladi
Bugun 13 sentyabr kuni kechki payt gandbol bo‘yicha O‘zbekiston ayollar terma jamoasi Iordaniyada o‘tkaziladigan qit’a chempionatida ishtirok etish uchun jo‘nab ketadi.
Ma’lumki, joriy yilning 15-25 sentyabr kunlari Iordaniyada gandbol bo‘yicha ayollar o‘rtasida qit’a chempionati bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston gandbol federatsiyasining ma’lumotiga ko‘ra, mamlakatimiz terma jamoasi a’zolari XVIII Osiyo chempionatining “A” guruhida Janubiy Koreya, Gonkong, Qozog‘iston, Qatar va Singapur terma jamoalari bilan keyingi bosqichga chiqish uchun bahslashadi.
“B” guruhidan esa Eron, Hindiston, Afg‘oniston, Yaponiya, Quvayt va Iordaniya gandbol jamoalari joy olgan.
–Iordaniyada o‘tadigan nufuzli musobaqada sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritish uchun terma jamoamiz bosh murabbiyi Zinaida Tinkova, murabbiylar Zafar Azimov, Ismoiljon Ahmedov yetakchiligidagi gandbolchi qizlarimiz yetarli darajada tayyorgarlik ko‘rishdi. Maqsad Iordaniya musobaqasida munosib ishtirok etib, shu yilning dekabr oyida Ispaniyada bo‘ladigan jahon chempionati yo‘llanmasi sohibi bo‘lish. Qolaversa, mazkur musobaqalarda zarur xalqaro tajriba to‘plagan holda yurtimiz gandbolchi qizlar terma jamoasining kelgusida bo‘ladigan qit’a va olimpiya o‘yinlarida ishtirokiga erishish, – deydi O‘zbekiston gandbol federatsiyasi bosh kotibi Ismoil Matxaliqov.
Aytish lozimki, Osiyo chempionati Nizomiga ko‘ra, unda munosib ishtirok etgan oltita davlat terma jamoalari jahon chempionati yo‘llanmasiga ega chiqadi.
To‘lqin Ro‘ziyev, O‘zA