Ispaniya pley-off oldidan ikki futbolchisini yoʻqotdi
Ispaniyaning nufuzli Marca nashri tarqatgan xabarga koʻra, Urugvayga qarshi oʻyin yakunlangach, jamoa tarkibida jiddiy yoʻqotishlar yuzaga kelgani maʼlum boʻlgan.
Futbol boʻyicha Jahon chempionatining guruh bosqichi yakuniy turida Ispaniya milliy terma jamoasi Urugvayga qarshi maydonga tushib, minimal hisobda muvaffaqiyat qozondi. Murosasiz kechgan uchrashuv Alexandro Baenaning kiritgan yagona goli evaziga 1:0 hisobida "qizil furiya" foydasiga hal boʻldi.
Biroq ushbu gʻalaba ispanlar uchun qimmatga tushganga oʻxshaydi. Ispaniyaning nufuzli Marca nashri tarqatgan xabarga koʻra, oʻyin yakunlangach, jamoa tarkibida jiddiy yoʻqotishlar yuzaga kelgani maʼlum boʻlgan.
Terma jamoaning ikki nafar asosiy yarim himoyachisi — Niko Uilyams va Yeremi Pino Urugvay bilan kechgan toʻqnashuvda jarohat olib, maydonni tark etishga majbur boʻlgan.
Ushbu noxush vaziyat yuzasidan jamoa bosh murabbiyi Luis de la Fuente matbuot anjumanida shunday fikr bildirdi:
"Biz ularning holatini shifokorlar nazorati ostida diqqat bilan kuzatib boramiz. Ayniqsa, Nikoning oyogʻida jiddiy noqulaylik borligi sezildi. Bu mushak jarohati yoki oddiygina oʻta kuchli charchoq alomati boʻlishi ham mumkin. Yakuniy tashxis tibbiy koʻrikdan soʻng aniq boʻladi", — deydi ispanlar ustozi.
Ispaniya terma jamoasi oʻz guruhida birinchi oʻrinni egallagan holda Jahon chempionatining 1/16 final bosqichiga yoʻllanma oldi. Ammo navbatdagi hal qiluvchi pley-off bahslarida ushbu ikki futbolchining jamoaga yordam bera olish-olmasligi katta soʻroq ostida turibdi.