Islomobodda o‘zbek milliy liboslari ko‘rgazmasi ochildi
Pokiston Islom Respublikasi poytaxti Islomobod shahrida o‘zbek milliy liboslari va matolari ko‘rgazmasi tashkil etildi.
Unda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan milliy mahsulotlar, jumladan, gazlamalar, milliy va zamonaviy liboslar, milliy taqinchoqlar hamda zamonaviy matolar namoyish etilmoqda.
Mazkur ko‘rgazma O‘zbekiston Respublikasi Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev boshchiligidagi O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasining Pokistonga rasmiy tashrifi doirasida tashkil etildi.
“O‘zto‘qimachiliksanoat”, “Hunarmand”, “O‘zbekipaksanoat” uyushmalari tomonidan tashkillashtirilgan ushbu ko‘rgazmadan ko‘zlangan maqsad O‘zbekistonning madaniy-tarixiy merosini ommalashtirish, milliy qadriyatlarimizni ulug‘lash, YUNESKO tomonidan “Insoniyat nomoddiy madaniy merosi” deb tan olingan o‘zbek xalqining milliy hamda zamonaviy liboslari, dunyo moda industriyasida o‘z mavqeiga ega bo‘lgan yetakchi o‘zbek brendlarining liboslari va to‘qimachilik mahsulotlarini namoyish qilish.
bugungi kunda o‘zbek milliy matolari xalqaro hamjamiyat va jahon moda uylarida katta qiziqish uyg‘otmoqda. O‘zbek dizaynerlari esa, o‘z navbatida, milliy an’analarni saqlab qolgan holda zamonaviy modaga yangi elementlarni jalb qilishga harakat qilmoqda.

Ko‘rgazma doirasida O‘zbekiston Respublikasi delegatsiyasi va Pokiston Islom Respublikasi Hukumati, diplomatik korpus vakillari ishtirokida ko‘rgazmaning tantanali ochilishi bo‘lib o‘tdi. Ko‘rgazmani O‘zbekiston Qishloq xo‘jaligi vaziri Jamshid Xo‘jayev va Pokiston Islom Respublikasi Axborot va radioeshittirish federal vaziri Favad Ahmad Chaudri ochib berdi.
Ko‘rgazma ko‘plab tadbirlar va kolleksiyalar namoyishiga boy bo‘ldi. Ko‘rgazma bir-birini uyg‘un ravishda to‘ldiradigan 3 ta komponentdan iborat edi: madaniy merosni namoyish etish – adras va atlasdan mato va kiyim-kechaklarning eng yaxshi namunalari, amaliy san’at mahsulotlari va modalar namoyishi; Yangi O‘zbekistonning yangilanayotgan turistik joziba va zamonaviy to‘qimachilik sanoati taqdimoti; Biznes-forumning davomi.
Ko‘rgazmaning ochilishida Pokiston tashqi ishlar vaziri janob Choudri barcha yo‘nalishlarda hamkorlikning jadal sur’atlarda o‘sishida ikki mamlakat rahbarlarining rolini alohida ta’kidladi. Ayniqsa, milliy matolarning yorqin ranglari, liboslar kolleksiyalari namoyishi ishtirokchilarda katta qiziqish uyg‘otdi.
Ishtirokchilarning so‘zlariga ko‘ra, hech bir tadbir Pokiston ommaviy axborot vositalarida bunday yoritilmagan. Pokiston ishbilarmon doiralari ishtirokchilari to‘qimachilik sanoati mahsulotlarining keng assortimentini, O‘zbekistonning turli viloyatlari hunarmandlari tomonidan ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar (atlas, adras, so‘zana, turli materiallardan aksessuarlar)ni yuksak baholadi.
To‘qimachilik sanoati taqdimotida alohida e’tibor O‘zbekiston to‘qimachilik sanoati yangi istiqboli, paxta ishlab chiqaruvchisidan tortib, mintaqaviy moda markazigacha qanday namoyon bo‘lishiga qaratildi.
Pokiston kompaniyalari O‘zbekistonning to‘qimachilik sanoati bo‘yicha mintaqada yetakchi bo‘lishga intilayotganini yuqori baholab, Germaniyada “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasining vakolatxonasi va dunyoning turli shaharlarida savdo uylarining ochilishini olqishladi.
Mazkur noyob ko‘rgazma oy oxirigacha davom davom etadi va ko‘plab pokistonliklarga O‘zbekistonning to‘qimachilik salohiyati bilan yaqindan tanishish imkonini beradi.
O‘zA