Islom Karimovning Buxoro va Navoiy viloyatlari saylovchilari bilan uchrashuvlari
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 27-fevral kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasidan O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov 27-fevral kuni Buxoro viloyati saylovchilari bilan uchrashdi.Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 3-Buxoro okrug saylov komissiyasi raisi M.Daminov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov o‘zining saylovoldi dasturi yuzasidan nutq so‘zladi.
Dasturda iqtisodiy islohotlarni yanada chuqurlashtirish, aholining hayot sifati va darajasini izchil yuksaltirish, mamlakatimizda tinchlik va barqarorlikni mustahkamlash kabi eng muhim strategik maqsadlarning o‘n yo‘nalishi belgilab berilgan. Jumladan, sanoatga zamonaviy texnologiyalarni joriy qilish va yangi ishlab chiqarish korxonalarini barpo etish, xususiy mulk va tadbirkorlik sohasini keng rivojlantirish, davlatning iqtisodiyotdagi ulushini qayta ko‘rib chiqish, ekin maydonlarini optimallashtirish va hosildorligini oshirish, fermerlik harakatini yangi bosqichga ko‘tarish, investitsiyaviy muhitni yanada yaxshilash, mahalliylashtirish dasturini rivojlantirish va eksport hajmini ko‘paytirish, aholi bandligini ta’minlash, barcha davlatlar bilan o‘zaro manfaatli hamkorlikni mustahkamlash kabi masalalarga alohida e’tibor qaratilgan.
Butun mamlakatimizda bo‘lgani kabi Buxoro viloyatida ham barcha sohalarda katta muvaffaqiyatlarga erishilmoqda. Viloyat iqtisodiyoti barqaror rivojlanib, aholi turmush darajasi yuksalib bormoqda. 2014-yilda yalpi hududiy mahsulot 8,2 foiz o‘sdi. Kimyo, neft-kimyo, oziq-ovqat sanoati, yengil sanoat, qurilish materiallari va mebel ishlab chiqarish sohalarida 296 loyiha amalga oshirildi. Qishloqlarda namunaviy loyiha bo‘yicha qurilgan 830 dan ortiq uy-joy foydalanishga topshirildi.
Buxoro turizm sohasida ulkan salohiyatga ega. Iqtisodiyotni tarkibiy o‘zgartirish, transport infratuzilmasi va xizmat ko‘rsatish sifatini yaxshilash borasida amalga oshirilayotgan ishlar samarasida bu soha izchil taraqqiy etmoqda.
Uchrashuvda Buxoro neftni qayta ishlash zavodi muhandis-texnologi X.Latipov, O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya instituti talabasi, xalqaro toifadagi sport ustasi Z.Sanaqulova, Olot tumanidagi "Oydin" ko‘p tarmoqli fermer xo‘jaligi rahbari N.Oltiyev va boshqalar tarixan qisqa davrda mamlakatimiz har tomonlama rivojlanayotgan zamonaviy davlatga aylangani, odamlarning hayot darajasi, dunyoqarashi va madaniyati tobora yuksalib borayotganini faxr bilan ta’kidladi. Prezident sayloviga tayyorgarlik, uni o‘tkazish bilan bog‘liq jarayonlar milliy qonunchiligimiz va xalqaro demokratik tamoyillarga mos ravishda o‘tayotganini qayd etdi. Saylovchilarni 29-mart kuni bo‘ladigan O‘zbekiston Prezidenti saylovida faol ishtirok etishga chaqirdi.
* * *
Shu kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov Navoiy viloyati saylovchilari bilan ham uchrashdi.
Uchrashuvni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovini o‘tkazuvchi 5-Navoiy okrug saylov komissiyasi raisi O‘.Mavlonov ochdi.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod Islom Karimov uchrashuvda nutq so‘zladi.
Nomzodning dasturida mamlakatimiz kuch-qudrati, tinchligi va osoyishtaligini yanada mustahkamlash, xalqimiz farovonligini har tomonlama yuksaltirishga qaratilgan keng ko‘lamli iqtisodiy va ijtimoiy-siyosiy islohotlarni izchil davom ettirishga alohida e’tibor qaratilgan. O‘zbekistonning dunyodagi taraqqiy topgan davlatlar qatoridan o‘rin olishida muhim omillardan biri bo‘lgan xususiy mulkchilikni yanada rivojlantirish, tadbirkor va ishbilarmonlar, fermerlik harakati, kichik biznes va xizmat ko‘rsatish sohasi vakillarini qo‘llab-quvvatlash, sanoatni modernizatsiyalashga doir islohotlarni yangi bosqichga ko‘tarish, iqtisodiyotda davlatning ishtirokini qayta ko‘rib chiqish, yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, investitsiyaviy muhitni takomillashtirish, aholi bandligini ta’minlash, kasb-hunar kollejlari bitiruvchilarini ishga joylashtirish, barcha davlatlar bilan hamkorlikni mustahkamlash kabi ustuvor yo‘nalishlar o‘z ifodasini topgan.
Mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va modernizatsiya jarayonlari milliy iqtisodiyotimizning yuksalishida asosiy omil bo‘lmoqda. Navoiy viloyatida konchilik industriyasi, to‘qimachilik, yengil sanoat, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish jadal rivojlanmoqda. Kichik biznes va xususiy tadbirkorlik subyektlari safi tobora kengayib, mahalliylashtirish dasturi asosida yirik loyihalar o‘zlashtirilmoqda. Natijada xorijiy investorlar bilan hamkorlik o‘rnatilib, eksportchi tadbirkorlarni dunyo tanimoqda.
Yangilanish va o‘zgarishlar nafaqat shaharlarda, balki qishloq va olis hududlarda ham izchil davom etmoqda. Aholi madaniyat va dam olish maskanlari, bolalar sporti inshootlari, namunaviy loyihadagi uy-joylar zamonaviy infratuzilmani shakllantirmoqda.
Uchrashuvda “Navoiyazot” aksiyadorlik jamiyati boshqaruvi raisining o‘rinbosari T.Saidov va boshqalar yurtimizda ijtimoiy va iqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, davlatimizning xalqaro nufuzini oshirish, mustaqilligimizni mustahkamlash borasida amalga oshirilgan betimsol ishlar xalqimizning hech kimdan kam bo‘lmay, baxtli va farovon yashashiga, o‘z oldiga qo‘ygan ulug‘vor maqsadlariga erishishiga xizmat qilayotganini iftixor bilan ta’kidladi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi jarayoni ko‘ppartiyaviylik asosida, ochiqlik va oshkoralik tamoyillariga amal qilgan holda o‘tayotgani mamlakatimizda demokratik islohotlar hayotga tatbiq etilayotganining amaldagi ifodasi ekanini qayd etdi.