Islohotlar – yuksalish omili
Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot institutida agrar sohani modernizatsiyalash sharoitida fermer xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.
Qishloq xo‘jaligi iqtisodiyoti ilmiy-tadqiqot institutida agrar sohani modernizatsiyalash sharoitida fermer xo‘jaliklarini barqaror rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari mavzusida ilmiy-amaliy anjuman bo‘lib o‘tdi.Tadbirda Prezidentimiz Islom Karimov rahnamoligida agrar sohada amalga oshirilayotgan keng ko‘lamli islohotlar jarayonida yerlarning meliorativ holatini yaxshilash, meva-sabzavotchilik va uzumchilikni rivojlantirish, pillachilik, chorvachilik yo‘nalishlarida yuksak samaralarga erishilayotgani alohidata’kidlandi.
Joriy yilda fermer va dehqonlarimizning fidokorona mehnati tufayli qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish 6,6 foizga o‘sdi. Xususan, g‘alla, paxta, shuningdek, pillachilik, chorvachilik, meva-sabzavot va boshqa tarmoqlarda shartnomaviy rejalar muvaffaqiyatli bajarildi. Bunda yer o‘zining haqiqiy egasini topib, fermerlik harakati qishloqlarimiz taraqqiyotida hal qiluvchi kuch bo‘lib maydonga chiqayotgani, dehqonda o‘z mehnatidan manfaatdorlik hissi kuchayib, kelajakka ishonchi yanada mustahkamlanayotgani muhim omil bo‘ldi.
Ma’lumki, bozor munosabatlarining rivojlanishi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari hosildorligi va sifatini oshirishni taqozo etmoqda. Buning uchun tuproq unumdorligini oshirish, agrotexnik tadbirlarni o‘z vaqtida bajarish, zamonaviy agrotexnologiyalarni joriy qilish, seleksiya va urug‘chilikni yanada rivojlantirish, mehnatni to‘g‘ri tashkil etish talab etiladi.
– Fermer xo‘jaliklarida marketing tadqiqotlarini tashkil etish bo‘yicha ilmiy izlanish olib borayotirmiz, – deydi Toshkent davlat agrar universiteti magistri Nodirjon Badalov. – Bu jarayonda nazariya va amaliyot uyg‘unligini ta’minlash niyatida Qibray tumanida “Nodir” fermer xo‘jaligini tashkil etdik. 20 sotixli issiqxonada pomidor, bodring yetishtirishni yo‘lga qo‘ydik. Chorvachilikni rivojlantirib, daromadimizni ko‘paytirish niyatidamiz.
Anjumanda fermer xo‘jaliklari barqaror rivojlanishi uchun tabiiy, moddiy, moliyaviy, mehnat resurslaridan va intellektual salohiyatdan samarali foydalanish hisobiga yuqori daromad olishi, aholini sifatli oziq-ovqat mahsulotlari bilan ta’minlash bilan birga ekologik muvozanatni saqlash kabi masalalarga ham e’tibor qaratishi zarurligi qayd etildi.
Tadbirda tizimdagi mavjud intellektual salohiyatni rivojlantirish orqali ulardan foydalanish samaradorligini oshirish, axborot-konsalting markazi va sug‘urta xizmatini kengaytirish, zamonaviy axborot kommunikatsiya texnologiyalarini fermer xo‘jaliklari faoliyatiga keng joriy etish kabi masalalar yuzasidan fikr almashildi.