Ishsizlik 4,8 foizga tushdi, ish haqi 17,4 foizga oshdi
2026-yilning birinchi choragi mamlakat mehnat bozorida ijobiy tendensiyalar saqlanayotganini ko‘rsatdi. Bo‘sh ish o‘rinlari sonining ortishi, xususiy sektorda bandlikning kengayishi, ish haqining o‘sishi hamda ishsizlik darajasining nisbatan past saqlanishi iqtisodiyotda ishbilarmonlik faolligi va ichki talab barqaror rivojlanayotganini tasdiqlamoqda.
Markaziy bankning ma’lum qilishicha, mart oyida bo‘sh ish o‘rinlari soni o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 9,8 foizga ko‘paydi. Bu iqtisodiyotning real sektorlarida ishchi kuchiga bo‘lgan ehtiyoj ortib borayotganini anglatadi. Ayniqsa, xizmat ko‘rsatish, chakana savdo, umumiy ovqatlanish va ishlab chiqarish sohalarida kadrlarga talabning yuqori saqlanib qolayotgani ushbu tarmoqlarning iqtisodiy o‘sishdagi muhim o‘rnini yana bir bor tasdiqlaydi.
Shu bilan birga, mehnat bozorida aholi faolligi ham sezilarli ravishda oshdi. Birinchi chorakda faol rezyumelar soni 31,5 foizga ko‘payib, 636 ming nafarga yetdi. Bu mehnat bozorida ish qidirayotgan fuqarolar faolligi ortib, zamonaviy ishga joylashish platformalari imkoniyatlaridan kengroq foydalanilayotganini ko‘rsatadi. Bunday jarayon mehnat bozorining ochiqligi va raqobatbardoshligini oshirishga xizmat qiladi.
Tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, bandlikning asosiy o‘sish manbai xususiy sektor bo‘lib qolmoqda. 2025-yil yakunlariga ko‘ra, ushbu sohada bandlik 5,2 foizga oshdi. Keyingi yillarda xususiy tadbirkorlikni qo‘llab-quvvatlash, investitsiya muhitini yaxshilash va yangi biznes sub’ektlarini tashkil etish bo‘yicha amalga oshirilayotgan islohotlar mehnat bozorida amaliy natija berayotganini mazkur ko‘rsatkichlar tasdiqlaydi.
Ishsizlik darajasining 4,8 foiz darajada shakllangani mehnat bozorida nisbatan barqaror muvozanat ta’minlanayotganidan dalolat beradi. Bu esa yangi ish o‘rinlari yaratish, kasb-hunarga o‘qitish va tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilgan davlat dasturlarining samaradorligi ortib borayotganini ko‘rsatadi.
Aholi daromadlari o‘sishida ham ijobiy sur’atlar saqlandi. Birinchi chorakda nominal ish haqi 17,4 foizga, real ish haqi esa 9,5 foizga oshdi. Real ish haqining o‘sishi inflyatsiya ta’siri hisobga olingan holda ham aholining xarid qobiliyati mustahkamlanayotganini anglatadi. Bu esa ichki iste’mol bozorini qo‘llab-quvvatlash va iqtisodiy o‘sishni ta’minlashda muhim omil hisoblanadi.
Tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq pul o‘tkazmalari hajmining 3,8 milliard AQSH dollariga yetib, o‘tgan yilning shu davriga nisbatan 13 foizga oshgani ham aholi daromadlarini qo‘llab-quvvatlashda muhim manba bo‘lib xizmat qilmoqda. Ushbu mablag‘lar ichki iste’mol, uy-joy sharoitini yaxshilash, ta’lim va kichik biznesni moliyalashtirishda muhim o‘rin tutmoqda.
Umuman olganda, 2026-yilning birinchi choragida kuzatilgan ko‘rsatkichlar mehnat bozorida ijobiy o‘zgarishlar izchil davom etayotganini tasdiqlaydi. Ishchi kuchiga talabning ortishi, xususiy sektorning iqtisodiyotdagi o‘rni mustahkamlanishi, aholi daromadlarining o‘sishi va ishsizlik darajasining nisbatan past saqlanishi mamlakat iqtisodiyotining barqaror rivojlanishi hamda mehnat bozorida tarkibiy islohotlar o‘z samarasini berayotganini ko‘rsatadi.
Shahnoza Mamaturopova,
O‘zA