Ishonch va mas’uliyatni his etib
Davlatimiz rahbarining O‘zbekiston xalqiga Yangi yil tabrigi bilan 2022 yilni kuzatdik. 2023 yilni hayajon va xursandchilik bilan kutib oldik.
Yangilanayotgan O‘zbekistonimizda huquqiy demokratik davlat, erkin fuqarolik jamiyati qurish, hayotimizning barcha sohalarini tubdan isloh etish, xalqimiz manfaatlarini har tomonlama himoyalash, ongu qalbi, ma’naviyati, madaniyati yuksak insonni tarbiyalashga oid ulug‘vor ishlarda bizning ham hissamiz borligidan bag‘oyat mamnunmiz.
Keyingi yillarda madaniyat va san’at, turizm sohasida ulkan o‘zgarishlar ro‘y berdi. Prezidentimiz tomonidan qabul qilinayotgan hujjatlarda bugungi kunda ushbu sohalarni yanada rivojlantirish borasidagi mavjud muammolarni tizimli hal etish, yanada taraqqiy ettirishning istiqbolli yo‘nalishlari ro‘yobini ta’minlash, mamlakatimizning yangi imijini shakllantirish, badiiy-estetik didi yuksak avlodni tarbiyalash, ularning qalbida ijodkorlik, bunyodkorlik, ezgulik tuyg‘ularini kamol toptirishga xizmat qilmoqda.
Eng muhimi, berilgan topshiriqlar ijrosini o‘z vaqtida va bekamu ko‘st ta’minlash orqali mamlakatimizning eng chekka qishlog‘u ovullarigacha kirib borilmoqda. Pirovardida markazlardan olis hududlarda istiqomat qiladigan fuqarolarga ham madaniy dam olish xizmatlari ko‘rsatish darajasi oshirilmoqda. Respublikaning barcha joylarida teatr, sirk va boshqa turdagi ommaviy-madaniy hamda konsert-tomosha tadbirlari tizimli ravishda yo‘lga qo‘yilyapti.
Sohada iste’dodli yosh ijodkorlarni izlab topish va qo‘llab-quvvatlash, ta’lim muassasalarini milliy cholg‘ular, musiqa darsliklari, notalar to‘plamlari va o‘quv-metodik adabiyotlar bilan ta’minlashning yaxlit tizimi yaratildi.
O‘zbekistonning dunyoga ochilgani, ko‘plab mamlakatlar fuqarolariga vizasiz rejim joriy etilgani, xorijliklarning mamlakatimizga kelib-ketishi soddalashtirilgani, keng qulayliklar hozirlangani sayyohlik tarmog‘ini zamonaviy asoslarda ravnaq toptirishga sharoitlar yaratmoqda.
Davlatimiz rahbarining sohalar taraqqiyotiga qaratilgan e’tibori tufayli hududlarda Xalqaro maqom san’ati anjumani, Xalqaro baxshichilik san’ati festivali, Xalqaro hunarmandchilik festivali an’anaviy tarzda o‘tkaziladigan bo‘ldi. Besh muhim tashabbus doirasida bolalar musiqa va san’at maktablari zamon andozalari asosida ta’mirlanmoqda, musiqa asbob-uskunalari bilan ta’minlanyapti. Ularda turli to‘garaklar ochilyapti.
Bularning barchasi asrlar osha ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan noyob san’at namunalarini yanada chuqurroq o‘rganish, milliy qadriyatlarimizni, bebaho madiniy merosini jahonga keng targ‘ib etish, ayniqsa, navqiron avlodni Vatanga muhabbat va sadoqat ruhida tarbiyalashda muhim o‘rin tutmoqda.
Yurtboshimiz tomonidan madaniyat va san’atning jamiyatimiz ijtimoiy-ma’naviy hayotida tutgan o‘rnini hisobga olib, soha xodimlarini qo‘llab-quvvatlash maqsadida 15 aprel sanasining “O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va san’at xodimlari kuni” deb e’lon qilinishi ham qalbimizni g‘ururga to‘ldiradigan muhim voqelikdir.
Olib borayotgan ishlarimizda xalqimizning, Prezidentimizning qat’iy ishonchini, qaynoq mehr-muhabbatini har lahzada his qilib turamiz va bu bizga ko‘tarinki ruh beradi, yanada oldinga intilishga, yangi marralar sari dadil qadam tashlashga katta kuch bag‘ishlaydi.
Ozodbek Nazarbekov,
O‘zbekiston Respublikasi madaniyat va turizm vaziri
O‘zA
--0--
(Usmonova)