Ishlab chiqarish samaradorligi: korxonalarning transport bazasi mustahkamlanmoqda
“O‘zbekgidroenergo” AJ tizimidagi energiya ishlab chiqaruvchi korxonalarga JAC rusumli pikap avtomobillari tantanali ravishda topshirildi.
Marosimda tizimda erishilgan yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlari munosib e’tirof etildi. Ta’kidlanganidek, korxonalarning moddiy-texnik bazasini yanada mustahkamlash, ishlab chiqarish jarayonlarining uzluksizligini ta’minlash hamda O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 35 yilligi arafasida soha mehnat jamoalarini rag‘batlantirish maqsadida tizimda transport bazasini mustahkamlashga alohida e’tibor qaratilmoqda. Bu esa, o‘z navbatida, ish jarayonlarini tezkor tashkil etish, mehnat unumdorligi va ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga xizmat qiladi.

Marosim yakunida “Oʻzbekgidroenergo” AJ tomonidan “Oʻrta Chirchiq GESlar kaskadi” filialiga “JAC 8”, “Farhod GES” filialiga “JAC 9”, Sardoba suv omboriga “JAC 9”, “Samarqand GESlar kaskadi” filialiga “JAC 8”, “Norin GESlar kaskadi” filialiga “JAC 8”, “Hisorak GES” filialiga “JAC 8”, “Qamchiq GES” filialiga “JAC 8” hamda Yuqori Toʻpalang hududida amalga oshirilayotgan istiqbolli loyihalar uchun “JAC 8” avtomobilidan bir donadan topshirildi.
– Yangi transport vositalarining foydalanishga topshirilishi energetika ob’ektlarida texnik xizmat ko‘rsatish va ekspluatatsiya ishlarini yanada tezkor tashkil etish, xizmat ko‘rsatish hududlarida xodimlarning harakatchanligini oshirish hamda yuklatilgan vazifalarni o‘z vaqtida va sifatli bajarish imkoniyatlarini kengaytiradi.
Bu, ayniqsa, gidroenergetika ob’ektlarining aksariyati tog‘li va murakkab relefga ega hududlarda joylashganini inobatga olganda, muhim ahamiyat kasb etadi. Yangi avtomobillar kuz-qish mavsumida noqulay ob-havo va murakkab yo‘l sharoitlarida ob’ektlarga yetib borish, texnik xizmat ko‘rsatish hamda zarur ishlarni tezkor amalga oshirishda qo‘shimcha imkoniyat yaratadi.

Transport bazasining mustahkamlanishi nafaqat korxonalarning moddiy-texnik imkoniyatlarini kengaytiradi, balki GESlar va boshqa energetika ob’ektlarining barqaror ishlashini ta’minlash, ishlab chiqarish jarayonlarida tezkorlik va samaradorlikni oshirishda muhim ahamiyatga ega.
Mazkur tashabbus “O‘zbekgidroenergo” AJ tizimida 2026-yilning birinchi yarim yilligida erishilgan yuqori ishlab chiqarish natijalarining munosib e’tirofi sifatida ahamiyatlidir, – dedi jamiyat axborot xizmati rahbari Ravshan Boyqulov.
Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA