Ishchilar oylik maoshi undirib berildi
MIB Angor tumanida ishchilarning qariyb 290 million so‘m oylik ish haqini undirib berdi.
Fuqarolik ishlari bo‘yicha Surxondaryo viloyati Sherobod tumanlararo sudining ijro varaqasida Angor tumanidagi “ANGOR INDEX” mas’uliyati cheklangan jamiyatidan yetti nafar ishchining 289 million 709 ming so‘m ish haqini to‘lab berish belgilangan. Mazkur ijro hujjati MIB Angor tumani bo‘limi ish yurituviga qabul qilinib, majburiy ijro harakatlariga kirishildi.
– Qarzdor jamiyatning hisob raqamlariga “Sud hujjatlari va boshqa organlar hujjatlarini ijro etish to‘g‘risida”gi qonunning tegishli moddalariga asosan inkassa topshiriqnomalari yuborilib, band solindi, – deydi MIB Angor tumani bo‘limi davlat ijrochisi Sodiq Allanazarov. – Shuningdek, mol-mulklarini aniqlash uchun mutasaddi tashkilotlarga so‘rovnomalar yuborildi. Qarzdor jamiyat hisobidan yetti nafar ishchi-xodimning oylik ish haqi to‘liq undirib olindi va ijro hujjatiga asosan taqsimlab berildi.
Yakunlanayotgan yilning o‘tgan davrida MIB Surxondaryo viloyat boshqarmasi va uning hududiy bo‘limlari sudlarning ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlarni undirish bilan bog‘liq 539 ta ijro varaqasiga asosan ishchi-xodimlar foydasiga 3 milliard 629 million so‘m undirib berdi.
Xolmo‘min Mamatrayimov,
O‘zA