Ishchi-xodimlar o‘rtasida yugurish marafoni o‘tkazildi
O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligining 33 yilligi munosabati bilan Navoiy shahridagi “Yoshlik” ko‘lida “Bir bo‘lsak – yagona xalqmiz, birlashsak – Vatanmiz!” shiori ostida “Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ, “Navoiyuran” davlat korxonasi, “NKMK jamg‘armasi” davlat muassasasi ishchi-xodimlari o‘rtasida ommaviy yugurish marafoni o‘tkazildi.
Bellashuv oldidan ishtirokchilar ikki guruhga, ya’ni erkaklar va ayollar 45 yoshgacha va 45 yoshdan kattalar guruhlariga saralandi. Shundan so‘ng ishchi-xodimlar o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini keng targ‘ib etish, sportni ommalashtirish nazarda tutilgan musobaqaga start berildi.

Ishtirokchilar to‘liq yugurish qoidalariga rioya etgan holda sun’iy ko‘l bo‘ylab belgilangan yo‘nalishda harakatlanishdi.

Yakunda erkaklar o‘rtasida 45 yoshgacha guruhida “NKMK” AJ “Qizilqum” kon boshqarmasi ishchisi R.Aliqulov, 45 yoshdan kattalar guruhida “NKMK” AJ “Qizilqum” kon boshqarmasi ishchisi J.O‘roqov hamda ayollar o‘rtasida 45 yoshgacha guruhida “NKMK jamg‘armasi” DM tibbiy-sanitariya bo‘limi xodimi N.Turniyozova, 45 yoshdan kattalar guruhida “NKMK” AJ markaziy moddiy-texnik bazasi xodimi D.Rahimovalar g‘oliblikni qo‘lga kiritishdi.


Musobaqa so‘nggida NKMK xodimlari kasaba uyushmasi kengashi tomonidan marafon g‘oliblari va sovrindorlari qimmatbaho sovg‘alar bilan taqdirlandi.
Abduvali Bo‘riyev,
O‘zA muxbiri