Ishchi guruh daryo o‘zanlari holatini o‘rgandi
O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Agrar va suv xo‘jaligi masalalari qo‘mitasi raisining o‘ribosari Rizqul Siddiqov boshchiligidagi ishchi guruh Jizzax viloyatidagi daryo o‘zanlari va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlari holatini o‘rgandi.
Ishchi guruh daryo o‘zanlarini tozalash va qirg‘oqlarini mustahkamlash, noruda foydali qazilmalarni qazib olishning atrof-muhit, suv va yo‘l xo‘jaligi ob’ektlariga salbiy ta’siri yuzasidan Vazirlar Mahkamasiga yuborilgan parlament so‘rovida qayd etilgan masalalarning ijro etilishi holatini o‘rgandi. Ishchi guruh tarkibiga ekologiya, geologiya, kommunal va qurilish sohalari mutaxassislari jalb etilgan.
Dastlab, Jizzax viloyati hokimligi majlislar zalida bo‘lib o‘tgan yig‘ilishda Jizzax viloyatidagi daryo o‘zanlari, ko‘priklar va noruda qazilmalarining bugungi ahvoli muhokama qilindi. Shundan so‘ng, vaziyatni joyiga borib ko‘rish maqsadida Sangzor daryosi o‘zani va daryo ustida qurilgan avtomobil ko‘priklarining holatiga baho berildi.
Ta’kidlanishicha, daryo shag‘allarining bino va yo‘llar qurilishida noqonuniy ishlatilishi bugungi kunda salbiy oqibatlarga olib kelmoqda. Tadbir davomida nazoratchi tashkilot rahbarlari zimmasiga aniq vazifalar yuklatildi.Bu ishlarga mutasaddi bo‘lgan korxonalar rahbarlari ogohlantirildi.
A.QAYUMOV, O‘zA