Ish jamoasidagi ayollar kimga suyanadi?
Navoiy shahridagi “Yoshlar markazi”da tashkilot va korxonalardagi xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot rahbarlari ishtirokida “Xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar faoliyatini samarali yo‘lga qo‘yish – dolzarb masala” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tashkilot va korxonalarning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkiloti rahbarlari ishtirok etgan tadbirda viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi mas’ullari tomonidan ular oldiga qo‘yilgan vazifa va majburiyatlar, shuningdek, xotin-qizlar muammolarini hal etishda mahalla fuqarolar yig‘inlari bilan hamkorlik haqida ma’ruza qilindi.

bugungi kunda viloyatda 1023 ta xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot faoliyat yuritib, ularning 210 tasi davlat tashkilotlarida, 35 tasi nodavlat notijorat tashkilotlarida, 19 tasi oliy va o‘rta maxsus ta’lim muassasalarida, 344 tasi maktablarda, 200 tasi maktabgacha ta’lim tashkilotlarida, 183 tasi mahallalarda va 32 tasi boshqa tashkilotlarda tashkil etilgan.
– Boshlang‘ich tashkilot mehnat jamoasida faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlarning soni 5 nafardan kam bo‘lmagan taqdirda tashkil etiladi, – deydi viloyat oila va xotin-qizlar boshqarmasi Mahallalardagi xotin-qizlar faoli ishini muvofiqlashtirish va boshlang‘ich tashkilotlar bilan ishlash bo‘yicha bosh mutaxassisi Dilnoza G‘afforova. – Ana shu jamoadagi ayollar kimga suyanadi? Mas’ullarga, albatta. Boshlang‘ich tashkilotning asosiy maqsadi – mehnat jamoasida faoliyat yuritayotgan xotin-qizlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlash, ularning ijtimoiy-siyosiy faolligini oshirish hamda oilalarda ma’naviy-axloqiy qadriyatlarni mustahkamlashdagi rolini kuchaytirish ishlariga hissa qo‘shishdan iborat. Ular oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha belgilab berilgan davlat siyosatining asosiy yo‘nalishlarini mehnat jamoasida samarali amalga oshirishga ko‘maklashadi. Oila institutini mustahkamlash va xotin-qizlarni qo‘llab-quvvatlashga oid qonunchilik hujjatlari mazmun-mohiyatini targ‘ib etadi, ular ijrosi ustidan ta’sirchan jamoatchilik nazoratini o‘rnatadi.

– Seminarda xotin-qizlarning huquq va qonuniy manfaatlarini himoya qilish, ularning iqtisodiy, ijtimoiy va siyosiy faolligini oshirishda amalga oshirishimiz lozim bo‘lgan masalalar xususida ma’lumotlar berildi, – deydi viloyat adliya boshqarmasida tashkil etilgan xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilot raisi Dildora Kattayeva.

– Shuningdek, xotin-qizlar muammolarini o‘z vaqtida aniqlash, ularni bartaraf etish choralarini ko‘rish, og‘ir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan xotin-qizlarga ijtimoiy-huquqiy, psixologik va moddiy yordam ko‘rsatish ham faoliyatimizning bir bo‘lagiga aylanmog‘i kerak. Bir so‘z bilan aytganda barcha xotin-qizlar uchun munosib shart-sharoit yaratish, oilalar farovonligiga erishish borasida samarali ishlarni yo‘lga qo‘yishga biz – xotin-qizlar masalalari bo‘yicha boshlang‘ich tashkilotlar raislari ham mas’ulmiz. Bugun olgan bilim va ko‘nikmalarni faoliyatimizda qo‘llagan holda xotin-qizlar faolligini oshirishga yo‘naltiramiz.
Abduvali Bo‘riyev, O‘zA