Iqtisodiy pragmatizmning yangi ufqi
Iqtisodiy diplomatiyani faollashtirishga qaratilgan sa’y-harakat doirasida Chexiya Respublikasi O‘zbekistonni Markaziy Osiyodagi asosiy strategik sheriklaridan biri sifatida ko‘rmoqda. Bu haqda Chexiya Bosh vaziri Andrey Babish mintaqaga yaqinda amalga oshirgan tashrifi yakuni bo‘yicha milliy televideniyega bergan keng qamrovli intervyusida ma’lum qildi.
Chexiya hukumati rahbari Markaziy Osiyo mamlakatlari bilan hamkorlikning bugungi sur’atini “fantastik” deya baholab, Praga tashqi siyosatni faqat iqtisodiy pragmatizm va o‘zaro manfaatli sheriklik asosida yo‘lga qo‘yish niyatida ekanini ta’kidladi.
Andrey Babish o‘z chiqishida O‘zbekiston bilan transport-logistika sohasidagi hamkorlikda erishilgan yutuqlarga alohida e’tibor qaratdi. Xususan, mamlakatimiz temir yo‘l tizimini modernizatsiya qilish bo‘yicha yirik loyiha yuzasidan muzokara muvaffaqiyatli o‘tgani qayd etildi.
Chexiya Bosh vaziri ta’kidlashicha, O‘zbekistonda yaratilgan ochiq va raqobatbardosh investitsiya muhiti tufayli Yevropaning yirik mashinasozlik kompaniyasi hisoblangan “Škoda Transportation” xalqaro tenderda g‘olib chiqdi. O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining transport sohasiga ilg‘or texnologiya joriy etishga qaratilgan siyosati va qaroriga muvofiq, 10 ta zamonaviy yuqori texnologik temir yo‘l poyezdi tarkibi yetkazib berish bo‘yicha kelishuvga erishildi. A.Babishning so‘zlariga ko‘ra, bu Chexiya sanoatining “ulkan muvaffaqiyati” bo‘lib, uzoq muddatli texnologik almashinuv uchun yangi istiqbol ochadi.
Shuningdek, intervyu davomida gumanitar va sayyohlik almashinuvini kengaytirish mavzusi ko‘tarilgan. Fuqarolarimizning Chexiya sog‘lomlashtirish turizmiga nisbatan an’anaviy yuqori qiziqishini inobatga olgan holda, mamlakat hukumati jahonga mashhur Karlovi Vari kurorti infratuzilmasini keng ko‘lamli modernizatsiya qilishni rejalashtirmoqda.
Vazirlar Mahkamasi rahbari ma’lumotiga ko‘ra, davlat yirik investitsiya loyihasini amalga oshirish – uchish-qo‘nish yo‘lagini uzaytirish va kengaytirish maqsadida mahalliy aeroportni rivojlantirmoqchi. Ushbu chora yirik yo‘lovchi laynerlarini qabul qilish va yangi to‘g‘ridan-to‘g‘ri reyslar yo‘lga qo‘yish uchun qulay shart-sharoit yaratadi. Qolaversa, O‘zbekiston va mintaqaning boshqa davlatlaridan boradigan sayyohlar uchun logistikani sezilarli darajada yengillashtiradi.
Intervyu yakunida Chexiya Respublikasi xorijdagi biznesini har tomonlama qo‘llab-quvvatlashi, ishonchli hamda jozibador iqtisodiy sherik maqomini mustahkamlab borayotgan Markaziy Osiyoning O‘zbekistondek tez rivojlanayotgan davlati bilan aloqalarni mustahkamlash kursi qat’iy davom etishi ta’kidlandi.
Abduaziz Xidirov, O‘zA