Iqtidorli yoshlarimiz har jabhada tengdoshlariga o‘rnak
Bugungi kunda dunyoning turli mamlakatlarida tahsil olayotgan, mehnat faoliyatini olib borayotgan yurtdoshlarimiz orasida sport orqali yurtimiz sha’nini munosib himoya qilayotgan yoshlar safi tobora kengaymoqda. Ana shunday yoshlarimizdan biri – Asadbek Sulaymonov.
Asadbek 2000-yil 19-aprel kuni Samarqand viloyati Payariq tumani Chelak shahrida tavallud topgan. Hozir Janubiy Koreyadagi “Seowon University” oliy ta’lim muassasasida “Global Sport” yo‘nalishi bo‘yicha o‘qiydi. U ilm olish bilan birga armrestling bilan muntazam shug‘ullanib, Koreya armrestling federatsiyasi tashabbusi bilan turli darajadagi xalqaro musobaqalarda faol ishtirok etib keladi.
Sportga jiddiy qiziqish, qat’iyat va tinimsiz mehnat tufayli oddiy o‘zbek yigiti xalqaro miqyosda yuqori natijalarga erishdi. U o‘z ustida tinimsiz ishlaydi. Har bir turnirga puxta tayyorgarlik ko‘rib, yurtimiz sharafini munosib himoya qilish mas’uliyatida sobit.
2025-yil Janubiy Koreyada armrestling bo‘yicha o‘tkazilgan musobaqada 95 kilogramm vazn toifasida erishgan g‘alabasi Sulaymonovning xalqaro maydondagi eng muhim yutuqlaridan biridir. Shuningdek, u Avstriyada ham xalqaro turnirda 1-o‘rinni qo‘lga kiritib, O‘zbekiston bayrog‘ini baland ko‘tardi. Qahramonimizning sportdagi muvaffaqiyatlari ortida yillar davomida olib borilgan mashaqqatli mehnat, kuchli iroda va qat’iyat mujassam.

Bugungi kunda Asadbek xalqaro musobaqalarda faol qatnashish uchun tajribasini yanada boyitish ustida ishlamoqda. Kelgusida ham Osiyo, Yevropa va jahon chempionatlarida muvaffaqiyatli ishtirok etish, armrestling bo‘yicha dunyoning eng kuchli sportchilari safidan munosib o‘rin egallash orqali bayrog‘imizni doimo mag‘rur hilpiratish uning asosiy maqsadidir.
Sport bilan bir qatorda ilm olishni ham ustuvor vazifa sifatida e’tirof etadigan hamyurtimiz Koreya Respublikasida olgan bilimi va tajribasini kelajakda sportimiz rivoji yo‘lida sarflashni diliga tugib qo‘ygan. Uning yutuqlari yoshlar uchun mehnatsevarlik, intilish va Vatanga sadoqat namunasidir.
G‘.Xonnazarov, O‘zA