Iqtidorli yoshlar bilan ochiq muloqot
Yoshlar ishlari agentligida iqtidorli yoshlar bilan ochiq muloqot bo‘lib o‘tdi.
Tadbirda qayd etilganidek, “O‘zbekiston – 2030” strategiyasida belgilangan ustuvor vazifalarni amalga oshirish maqsadida 2024 yil dekabr oyida “Yoshlar forumi-2024” loyiha va tadbirlari o‘tkazilgan edi.

Mazkur forum doirasida “yoshlarforumi.uz” elektron platformasi orqali yoshlar tomonidan 17 ta yo‘nalish bo‘yicha jami 3 ming 598 ta taklif yuborildi.
Yoshlar tomonidan bildirilgan 1 ming 777 ta taklif keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama natijalariga ko‘ra, takliflarga 9 ming 864 ta ijobiy hamda 4 ming 770 ta salbiy munosabat bildirildi.

Shuningdek, tadbirda yoshlar tomonidan turli yo‘nalishlarda, jumladan, sport-salomatlik, ekologiya, fan-ta’lim, bandlik hamda huquqiy-savodxonlik bo‘yicha taklif va muammolar o‘rtaga tashlandi.

Bildirilgan takliflarning 13 tasi joyida hal etilib, qolgan 34 tasining ijrosi muddat talab qilgani, moliyaviy masalalarga bog‘liqligi sababli tegishli tashkilotlarning “Yo‘l xaritalari"ga kiritildi.
Ochiq muloqot yakunida eng yaxshi taklif bildirgan yoshlar Agentlik tomonidan tashakkurnoma hamda esdalik sovg‘alari bilan rag‘batlantirildi.
Gulnoza Boboyeva, O‘zA