Iqtidorli o‘zbek vokalchisi endi jahon sahnalarini zabt etadi
O‘zbekistonlik yosh opera xonandasi Mumtozbegim Ochilovaning Houston Grand Opera tomonidan 2026-yilgi “Yosh artistlar dasturi”ga qabul qilinishi milliy vokal san’atimiz uchun muhim voqea hisoblanadi. Mumtozbegim Ochilova musiqiy tomonlama iqtidorga ega, qolaversa bilimli va ijtimoiy faol shaxs ham hisoblanadi. Bunga misol sifatida, uning mamlakatimizda katta nufuzga ega “El-yurt umidi” stipendiyasi sovrindori ekanini keltirishimiz mumkin.
“Yosh artistlar dasturi” professional opera sahnasiga kirish uchun o‘ziga xos “ko‘prik” bo‘lib, yosh xonandalarni amaliy tajriba bilan boyitishga qaratilgan. Har yili Amerika Qo‘shma Shtatlari bo‘ylab yuzlab nomzodlar ichidan atigi 16 nafar yosh operachining saralanishi uning naqadar yuqori darajadagi raqobatga ega ekanini ko‘rsatadi.
Tanlov jarayonida vokal imkoniyatlaridan tashqari, sahna madaniyati, aktyorlik qobiliyati, ijodiy moslashuvchanlik kabi ko‘plab mezonlar inobatga olinadi. Dastur davomida ishtirokchilar professional muhitda tayyorgarlikdan o‘tadi. Jumladan, ular yuqori darajadagi vokal pedagoglar bilan individual mashg‘ulotlar olib borish, aktyorlik mahoratini rivojlantirish, sahna harakati va obraz yaratish ustida ishlash imkoniga ega bo‘ladi.
“Yosh artistlar dasturi”ning yana bir muhim jihati, keng qamrovli netvorking imkoniyatidir. Ishtirokchilar dunyoning yetakchi dirijyorlari, rejissyorlari, vokal ustozlari hamda kasting menejerlari bilan tanishib, o‘z professional tarmog‘ini shakllantiradi. Ko‘plab mahorat saboqlari va seminarlar esa ularning ijodiy tafakkurini kengaytirishga yordam beradi. Mumtozbegim Ochilovaning ushbu nufuzli dasturga qabul qilinishi bir necha jihatdan ahamiyatli.
Darvoqe, yaqinda davlatimiz rahbari tomonidan Mumtozbegim Ochilovaga katta ishonch bildirilgan edi. Yosh ijodkor bu ishonchga o‘zining izchil mehnati, intilishi va yutuqlari bilan munosib javob bermoqda. Mazkur yutuq nafaqat bir talabaning shaxsiy muvaffaqiyati, balki o‘zbek yoshlarining jahon madaniy maydonidagi salohiyati va raqobatbardoshligini namoyon etuvchi muhim voqelik.
Dildora DO‘SMATOVA,
O‘zA