Iqtidorli boshqaruvchilarni saralash va yangi avlod rahbarlarini tayyorlash bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi
Prezident Shavkat Mirziyoyev iqtidorli boshqaruvchilar, liderlar va yangi avlod rahbarlarini aniqlash va tanlash hamda “El-yurt umidi” jamg‘armasi orqali iste’dodli yoshlarni qo‘llab-quvvatlash chora-tadbirlari yuzasidan taqdimot bilan tanishdi.
Bugungi kunda O‘zbekiston intellektual salohiyat va yuqori texnologiyalarga asoslangan yangi rivojlanish bosqichiga o‘tmoqda. Mamlakatimizga har yili 50 milliard dollardan ziyod investitsiya kirib kelmoqda, eksport hajmi 40 milliard dollarga yaqinlashmoqda, zamonaviy korxonalar ishga tushirilmoqda.

Bunday sharoitda professional davlat xizmati va raqobatbardosh iqtisodiyot uchun zarur kadrlarni oldindan tayyorlash strategik ahamiyat kasb etadi.
So‘nggi yillarda davlat boshqaruvida kadrlarni tanlash va baholash tizimi izchil raqamlashtirildi. Ilk bor 87,7 ming nafar davlat xizmatchisining yagona elektron ma’lumotlar bazasi shakllantirildi. Davlat xizmatiga qabul qilish ochiq tanlov asosida, nomzodlarning bilim va ko‘nikmalarini inson omilisiz baholash orqali amalga oshirilmoqda.

Taqdimotda sun’iy intellekt yordamida tarmoqlar va hududlarning drayver sohalari tahlil qilinib, 50 dan ortiq zamonaviy kasb bo‘yicha boshqaruv kadrlariga ehtiyoj mavjudligi aniqlangani qayd etildi. Ayniqsa, energetika va “yashil” texnologiyalar, qurilish va urbanizatsiya, qishloq va suv xo‘jaligi, raqamlashtirish hamda xizmat ko‘rsatish yo‘nalishlarida malakali mutaxassislarga talab yuqori.
Davlatimiz rahbari tayyor kadrlar bazasi bo‘lmasa, boshqaruv tizimida uzilishlar yuz berishi, ish samaradorligi va qarorlar sifati pasayishini ta’kidladi.

Kadrlarni baholashda eskicha “ob’ektivka” usulidan voz kechib, nomzodning bilimi, kasbiy tajribasi, psixologik xususiyatlari, strategik fikrlashi va liderlik qobiliyatini qamrab oladigan portfolio tizimiga o‘tish zarurligi ko‘rsatib o‘tildi.
Yangi tartibga ko‘ra, istiqbolli boshqaruvchilar raqamli texnologiyalar asosida 100 ballik mezon bo‘yicha baholanadi. Katta ma’lumotlar va biznes-tahlil vositalari orqali yuqori salohiyatli kadrlar aniqlanib, ular uchun sun’iy intellekt yordamida individual kasbiy rivojlanish rejalari ishlab chiqiladi. Mazkur tizimni dastlab qishloq xo‘jaligi, oliy ta’lim va qurilish sohalarida sinovdan o‘tkazish taklif etildi.
Har ikki yilda 500 nafar istiqbolli boshqaruvchini saralab olish, shu tariqa 2030-yilga qadar 1,5 ming nafar yuqori salohiyatli mutaxassisdan iborat yangi avlod rahbar kadrlar zaxirasini yaratish rejalashtirilgan.
Taqdimotda rahbarlik lavozimlari uchun zaxirani shaffof shakllantirishga qaratilgan “TOP-100” ochiq tanlovini o‘tkazish mexanizmi ham bayon qilindi. Tanlov agrar soha, sog‘liqni saqlash, tadbirkorlik, sud-huquq, ta’lim, axborot texnologiyalari va sun’iy intellekt yo‘nalishlarini qamrab oladi.
Nomzodlar test, kompleks kasbiy baholash va suhbat bosqichlaridan o‘tadi. G‘oliblar maxsus o‘quv kurslarida tayyorlanib, milliy kadrlar zaxirasiga kiritiladi, ularning kasbiy o‘sishi va rahbarlik lavozimlariga tayinlanishi bo‘yicha manzilli choralar ko‘riladi.
Milliy kadrlar zaxirasini shakllantirishda xorijdagi vatandoshlar, shuningdek, dunyoning eng nufuzli 100 ta universitetini tamomlagan va ularda tahsil olayotgan yoshlar salohiyatidan samarali foydalanish muhimligi ta’kidlandi.
Bu borada 2026-yil 1-oktabrdan career.edu.uz platformasida “Xorijdagi talabalar” modulini ishga tushirish rejalashtirilgan. U orqali chet elda ta’lim olayotgan yoshlar davlat idoralari va xususiy korxonalarga biriktiriladi, ularning amaliyot o‘tashi, ish beruvchilar bilan muloqoti hamda kelgusida ishga jalb qilinishi ta’minlanadi.
Yig‘ilishda “El-yurt umidi” jamg‘armasi faoliyatini takomillashtirish masalalariga ham e’tibor qaratildi. O‘tgan yili jamg‘arma transformatsiya qilingani natijasida dunyoning eng nufuzli 100 ta oliygohi talabasi bo‘lgan stipendiatlar ulushi 30 foizdan 80 foizga yetdi. Keyingi yilda yangi tartib asosida o‘tkazilgan uchta tanlovda 447 nafar iqtidorli yosh stipendiya sohibi bo‘ldi.
Shu bilan birga, jamg‘arma dasturlarini hudud va tarmoqlarning aniq ehtiyojlariga bog‘lash zarurligi ko‘rsatib o‘tildi. Iqtidorli yoshlarni xorijiy universitetlarda manzilli tayyorlash, o‘qish xarajatlarini yirik korxonalar bilan birgalikda moliyalashtirish, nufuzli xorijiy oliygohlar bilan qo‘shma dasturlarni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha takliflar bildirildi.
Shuningdek, bitiruvchilarning ilmiy tadqiqotlari, startaplari va islohotlarga qaratilgan tashabbuslarini kichik grantlar orqali qo‘llab-quvvatlash, yuqori bo‘g‘in rahbarlari uchun Singapur, Malayziya, Buyuk Britaniya va Yaponiya tajribasi asosida liderlik dasturlarini tashkil etish rejalari ko‘rib chiqildi.
Prezidentimiz kadrlarni saralashda ochiqlik va xolislikni ta’minlash, iqtidorli mutaxassislarni tizimli ravishda qo‘llab-quvvatlash hamda ularning salohiyatidan mamlakat taraqqiyoti yo‘lida samarali foydalanish bo‘yicha mutasaddilarga topshiriqlar berdi.