Iqlim o‘zgarishi – jiddiy muammo
Bugungi kunda butun Yer sayyorasida iqlim o‘zgarishi eng global ekologik muammo sifatida bo‘y ko‘rsatmoqda. Bu muammo har bir inson hayoti va salomatligiga, mamlakatlar iqtisodiyoti va ravnaqiga, qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat xavfsizligiga, hayvonot va o‘simlik dunyosiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotir.
Xalqaro tadqiqotlarga ko‘ra, so‘nggi 100 yil davomida Yer sayyorasining o‘rtacha harorati 1°S dan ortiq ko‘tarilgan. 2024 yilda global harorat 1,55°C ga ko‘tarilib, Parij kelishuvida belgilangan 1,5°C chegaradan oshib ketdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, ilmiy tadqiqotlar shuni ko‘rsatmoqdaki, iqlim o‘zgarishi jiddiy muammo sifatida 65 yoshdan o‘tgan insonlar orasida o‘lim darajasining 167 foizga ko‘payishiga, yurak-qon tomir kasalliklari va nafas yo‘llari muammolarini keltirib chiqarishga, dunyo bo‘ylab mehnatga layoqatli aholi orasida 512,4 mlrd. soat ish vaqtining yo‘qotilishi natijasida daromadlarning 835 mlrd. AQSH dollarga qisqarishiga hamda PM2.5 moddalari bilan havo ifloslanishi oqibatida 3,33 million inson barvaqt o‘lim topishiga sabab bo‘lmoqda.
Ekologik muammolar zanjir singari biri ikkinchisining yuzaga kelishiga sabab bo‘ladi. Xususan, iqlim o‘zgarishi oqibatida ekstremal ob-havo hodisalari, muzliklarning erishi, cho‘llanish jarayonining kuchayishi, bioxilma-xillikning buzilishi, tuproq degradatsiyasi, suv taqchilligi, atmosfera tarkibida zararli moddalarning ko‘payishi kabilar yuz beradi. Bu kabi tahdidlar, albatta, Yerning muvozanatida xatarli o‘zgarishlarni yuzaga keltiradi va inson hayoti, salomatligiga jiddiy xavf tug‘diradi.
Shunday ekan, iqlim va atrof-muhitni asrashga umumbashariy mas’uliyat va vazifa sifatida qarab, o‘z hissamizni qo‘shishimiz dolzarb. Bu borada 8 dekabr – Butunjahon iqlimni muhofaza qilish kuni sifatida belgilangani butun insoniyatni iqlim o‘zgarishlari xavf-xataridan ogohlantirish va tabiiy muhitni, iqlimni muhofaza qilishga chaqirishdan iboratdir. Ushbu sana tabiatga ongli munosabatda bo‘lish zarurligini eslatib turuvchi ekologik sanadir.
Mamlakatimizda ham iqlim o‘zgarishiga moslashish, energiya samaradorligini oshirish, issiqxona gazlari chiqindilarini qisqartirish, yashillikni kengaytirish hamda suv resurslarini muhofaza qilish bo‘yicha keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shuningdek, aholining ekologik madaniyatini yuksaltirishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Shu orqali aholi vakillarini resurslarni tejashga, chiqindilarni saralash, atrof-muhitni muhofaza qilish, ekologik faol bo‘lishga chaqirilmoqda. Iqlimni, tabiiy muhitni asrash kelajagimiz xavfsizligini ta’minlashga zamin bo‘ladi.
Muhtarama Komilova, O‘zA