Investorni nima qiynayapti?
Samarqand shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan davlat mulki obyektlarini investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bilan olgan investorlar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Samarqand shahrida Davlat aktivlarini boshqarish agentligi tomonidan davlat mulki obyektlarini investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlar bilan olgan investorlar ishtirokida davra suhbati oʻtkazildi.
Bir qator mutasaddi tashkilotlar bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda Prezidentimizning 2018-yil 11-oktyabrdagi “Davlat mulki obyektlarini va yer uchastkalariga boʻlgan huquqlarni tadbirkorlik subyektlariga sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi hamda 2019-yil 18-fevralda qabul qilingan “Davlat mulki obyektlaridan samarali foydalanish boʻyicha qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmonlari ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar, mazkur hujjatlar asosida tadbirkorlik subyektlariga yaratilgan qulaylik va imkoniyatlar haqida soʻz yuritildi.
– Davlatimiz rahbarining farmonlariga koʻra, 2020-yilning 1-yanvariga qadar davlat obyektlariga boʻlgan huquqlarni sotish tartibini soddalashtirish boʻyicha eksperiment oʻtkazilmoqda, – deydi davlat aktivlarini boshqarish agentligi boshqarma boshligʻi O.Mamatov. – Endilikda viloyat hokimlari boʻsh turgan davlat koʻchmas mulk obyektlarini baholamay turib, 1 soʻm qiymatdagi boshlangʻich narxda “E-IJRO AUKSION” orqali investitsiyaviy va ijtimoiy majburiyatlarni belgilagan holda sotish vakolatiga ega boʻldi. Shuningdek, ayrim shartlar asosida boʻsh turgan koʻchmas mulk obyektlarini auksionsiz ham berishlari mumkin. Bunda tadbirkor kamida 1 million AQSH dollarlik investitsiya kiritish hamda boshqa ijtimoiy majburiyatni olishi kerak.
Yangi tizim asosida Samarqand viloyatida ham muayyan ishlar amalga oshirilgan. Jumladan, joriy yilning oʻtgan davrida 45 ta boʻsh turgan davlat mulki obyektlari “E-IJRO AUKSION” elektron savdo maydonchasida 1 soʻm boshlangʻich qiymatida savdoga qoʻyilib, ularning 27 tasi 15,9 milliard soʻm investitsiya kiritish va 283 ta yangi ish oʻrni yaratish sharti bilan sotilgan. Bugungi kunda 18 obyekt boʻyicha onlayn-auksion savdolari davom etmoqda.
Davra suhbatida investitsiya majburiyatini olgan tadbirkorlar oʻz faoliyatida duch kelayotgan muammo va kamchiliklar haqida mutasaddilarga murojaat qilib, savollariga javob oldi. Yuzaga kelayotgan masalalarga shu yerning oʻzida yechim izlandi.
Tadbir yakunlangach, agentlik masʼul xodimlari mutasaddilar bilan birgalikda investitsiya majburiyati olgan tadbirkorlar xarid qilgan davlat mulki obyektlarini borib koʻrdi. Muammoli masalalar joyida muhokama etildi.

