Investitsiyalar hajmi oshmoqda
Mamlakatimizda investitsiyalarni keng jalb etish va tashqi savdo hajmini oshirishga qaratilgan islohotlar izchil davom ettirilmoqda. Bu esa investitsiya muhitini yanada yaxshilash, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, aholi bandligini ta’minlash hamda eksport salohiyatini oshirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Davlatimiz rahbari raisligida o‘tkazilayotgan videoselektor yig‘ilishlarida hududlardagi investitsiya loyihalarini amalga oshirish holati tanqidiy-tahliliy muhokama qilinib, mas’ul rahbarlarning shaxsiy javobgarligi kuchaytirilmoqda. Har bir loyihaning iqtisodiy samaradorligi, amaliy natijasi va aholi bandligiga ta’siri alohida e’tibor markazida turibdi.

Bu borada Sirdaryo viloyatining olis hududlaridan biri — Oqoltin tumanida ham tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. 2025-yil yakunlari hududda investitsiya va tashqi savdo sohasida belgilangan ko‘rsatkichlar izchil va samarali bajarilganini ko‘rsatdi. Xususan, hududiy investitsiyalarni o‘zlashtirish bo‘yicha 302 milliard so‘mlik reja belgilangan bo‘lsa, amalda 320 milliard so‘m investitsiya o‘zlashtirildi. Natijada reja 106 foizga bajarilib, tuman iqtisodiyotiga qo‘shimcha moliyaviy resurslar jalb etildi.
– Davlat rahbarining investitsiya muhitini yaxshilash, uning jozibadorligini oshirish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, ishsiz aholini bandlikka jalb etish va daromadlarini oshirish, tashqi savdoni kengaytirish bo‘yicha bergan topshiriqlari ijrosi doirasida o‘tgan hisobot yilida jami 33 ta investitsiya loyihasi amalga oshirildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi sohasida 29 milliard so‘mlik 10 ta, sanoat sohasida 95 milliard so‘mlik 10 ta, xizmat ko‘rsatish sohasida 196 milliard so‘mlik 13 ta loyiha hayotga tatbiq etildi. Ushbu loyihalar hisobiga 1 060 ta yangi ish o‘rni yaratildi, – deydi tuman hokimining investitsiyalar, sanoat va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari Ulug‘bek Tursunov.

Haqiqatdan ham, mazkur ko‘rsatkichlar tumanda iqtisodiyot tarmoqlarini diversifikatsiya qilish, mahalliy xomashyoni qayta ishlash va xizmatlar bozorini kengaytirish bo‘yicha izchil ishlar olib borilayotganini tasdiqlaydi.
2026-yilda esa 24 ta yangi investitsiya loyihasini amalga oshirish rejalashtirilgan. Ularning umumiy qiymati 352 milliard so‘mni tashkil etadi. Ushbu loyihalar orqali 1 335 ta yangi va qo‘shimcha ish o‘rni yaratilishi kutilmoqda. Mutaxassislar fikricha, mazkur loyihalar nafaqat iqtisodiy o‘sishni ta’minlaydi, balki aholi daromadlarini oshirish va tadbirkorlik muhitini yanada yaxshilashga ham xizmat qiladi.

To‘g‘ridan-to‘g‘ri xorijiy investitsiyalarni jalb etish maqsadida Xitoy Xalq Respublikasiga xizmat safarlari amalga oshirildi. Tashriflar davomida qishloq xo‘jaligi va sanoat sohalarida hamkorlikni rivojlantirish yuzasidan samarali muzokaralar o‘tkazildi. Xususan, Bazhou Gengjing Seed Industry kompaniyasi bilan hamkorlikda tumanda qishloq xo‘jaligiga yo‘naltirilgan yirik investitsiya loyihalarini amalga oshirish bo‘yicha kelishuvlarga erishildi.
– Jumladan, tomchilatib sug‘orish shlanglari ishlab chiqarish loyihasi doirasida quvvati 59 tonna bo‘lgan ishlab chiqarishni tashkil etish rejalashtirilgan. Loyiha qiymati 17 million AQSH dollarini tashkil etib, 2026–2027-yillarda amalga oshiriladi. Shuningdek, tomchilatib sug‘orish uchun plyonka ishlab chiqarish (I bosqich) bo‘yicha quvvati 800 tonna bo‘lgan ishlab chiqarishni yo‘lga qo‘yish ko‘zda tutilgan. Ushbu loyiha qiymati 15 million AQSH dollari bo‘lib, 2026–2027-yillarda amalga oshiriladi. Eng muhimi, mazkur loyihalar Xitoy investorlari ishtirokida amalga oshirilib, suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish, qishloq xo‘jaligida samaradorlikni oshirish va yangi ish o‘rinlari yaratishda muhim ahamiyat kasb etadi, – deya ta’kidlaydi Ulug‘bek Tursunov.

Umuman olganda, Oqoltin tumanida 2025-yilda investitsiya va tashqi savdo yo‘nalishlarida erishilgan natijalar hudud iqtisodiyotida barqaror o‘sish tendensiyasi shakllanayotganini ko‘rsatmoqda. 2026-yil uchun belgilangan rejalar izchil amalga oshirilsa, tuman nafaqat viloyat, balki respublika miqyosida ham iqtisodiy faol hududlardan biriga aylanishi shubhasiz.
G‘ulom Primov, O‘zA muxbiri