Investitsiyadan innovatsiyagacha: O‘zbekiston-Koreya hamkorligining yangi manzarasi
Toshkent shahrida bo‘lib o‘tayotgan “O‘zbekiston – Koreya” biznes forumi ikki davlat iqtisodiy aloqalarini yanada chuqurlashtirishga qaratilgan muhim muloqot maydoniga aylanishi kutilyapti. Tadbir nafaqat yangi loyihalar uchun imkoniyat yaratadi, balki sanoat kooperatsiyasi, innovatsiya va yuqori texnologiya sohalaridagi hamkorlikka qo‘shimcha sur’at bag‘ishlaydi.
So‘nggi yillarda O‘zbekiston va Koreya Respublikasi munosabatlari iqtisodiy sheriklikning samarali namunasi sifatida shakllanmoqda. Koreys kompaniyalari mamlakatimizda avtomobil sanoati, elektronika, energetika, ta’lim va raqamli texnologiya kabi muhim yo‘nalishlarda yirik loyihalar amalga oshirib kelmoqda. Navbatdagi biznes forumi mazkur hamkorlikni yangi mazmun bilan boyitishga xizmat qiladi.
Forum doirasida respublikamizning investitsiya salohiyati taqdimoti, biznes va sanoat vakillari ishtirokida munozaralar, B2B va G2B uchrashuvlari, istiqbolli loyihalar yuzasidan muzokaralar hamda kelishuvlar imzolash marosimlari o‘tkaziladi. Demak, tadbir rasmiy chiqishlar bilan cheklanmay, amaliy natijaga yo‘naltirilgan platformalardan biriga aylanmoqda.
[gallery-29947]
Kun tartibiga kiritilgan yo‘nalishlar zamonaviy iqtisodiyotning muhim nuqtalarini qamrab olgani bilan diqqatga sazovor. Sarmoya, xalqaro savdo, innovatsiya, raqamli transformatsiya, logistika, qishloq xo‘jaligi texnologiyasi va yashil iqtisodiyot sohalaridagi hamkorlik ikki mamlakat ishbilarmon doiralari uchun keng imkoniyatlar yaratadi. Funksional oziq-ovqat mahsulotlari mavzusi ham muhokamaga qo‘yilishi Koreyaning yuqori qo‘shimcha qiymat yaratuvchi sanoat tarmog‘idagi tajribasiga qiziqish ortayotganini ko‘rsatadi.
Bugungi global raqobat sharoitida mamlakatlar iqtisodiy o‘sishni ta’minlash uchun nafaqat kapital, balki texnologiya va bilimni ham jalb etishga intiladi. Shu nuqtai nazardan ushbu jarayon yurtimizga ilg‘or boshqaruv tajribasi, yuqori texnologiya va eksportbop ishlab chiqarish zanjiriga integratsiyalashish imkonini beradi. Koreya biznesi uchun esa O‘zbekiston Markaziy Osiyo bozoriga chiqish yo‘lidagi muhim tayanch nuqta sifatida ahamiyatga ega.
Anjumanning yana bir muhim jihati savdo sherikligi doirasida davom etayotgan o‘zaro munosabatlarni uzoq muddatli sanoat va innovatsiya sherikligi darajasiga olib chiqadi. Yangi sarmoya, qo‘shma korxonalar va texnologiya hamkorligi loyihalari esa aloqalarni yanada mustahkamlashi shubhasiz.
Boshqacha aytganda, Toshkent biznes forumi iqtisodiy diplomatiyaning amaliy natijasini namoyon etuvchi samarali vositasi sifatida ikki mamlakat munosabatlari tarixida yana bir muhim sahifa ochadi.
Musulmon Ziyo, Oybek Pardayev (foto), O‘zA