Institut binosi yashillikka burkanadi
Namangan to‘qimachilik sanoati instituti jamoasi Qoraqalpog‘iston Respublikasining Nukus shahrida bir vaqtning o‘zida butun mamlakatimizdagi barcha oliy ta’lim muassasalari bo‘ylab start olgan “Yashil makon” marafonida faol ishtirok etdi.
Prezidentimizning 2023 yil 23 noyabrdagi “Respublikada yashillik darajasini yanada oshirish, “Yashil makon” umummilliy loyihasini izchil amalga oshirish orqali ekologik barqarorlikni ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni ijrosi doirasida tashkil etilgan mazkur xayrli tashabbus ekologik muhitni yaxshilash, yashil hududlarni kengaytirish va aholi orasida tabiatga e’tiborli munosabatni shakllantirishga qaratilgani bilan alohida ahamiyatga ega.

Davlatobod tumani hududida joylashgan oliygoh binosidagi katta monitor orqali Namangan to‘qimachilik sanoati instituti professor-o‘qituvchilari hamda talaba-yoshlari respublika Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vaziri Qo‘ng‘irotboy Sharipovning murojaati va marafonning ochilish marosimini kuzatib bordi.

Marafon davomida institut prorektorlari, dekanlar, professor-o‘qituvchilar, tyutor va talabalar ta’lim maskani hududida uch yuzdan ziyod archa ko‘chatlarini ekishga kirishdi. Aksiya ishtirokchilari birgalikda harakat qilib, joylardagi yashillikni oshirish orqali institut hududini yanada go‘zal va ekologik toza bo‘lishiga hissa qo‘shdi.

Namangan to‘qimachilik sanoati instituti rektori, professor Qurbonali Xoliqov bunday marafonlarning nafaqat tabiatga, balki oliygoh jamoasiga ham bevosita ijobiy ta’sir ko‘rsatishini, ayniqsa, talabalar orasida tabiatga mehr-muhabbat tuyg‘usini kuchaytirishda o‘rni katta ekanligini ta’kidladi.

Ko‘chatlar parvarishi va kelgusida ushbu yashil hududni saqlash mas’uliyati ham tegishli bo‘lim va fakultetlar zimmasiga yuklatildi.
Bir so‘z bilan aytganda, “Yashil makon” marafoni institut muallimlari va talabalarining e’tiborga molik loyihalarda faol qatnashish asnosida mamlakatimizda atrof-muhit barqarorligini ta’minlashda munosib hissa qo‘shib borish salohiyatini ham yaqqol namoyon etdi.
Oqilxon Dadaboyev, O‘zA.