Insonlarga madad berish – oliy maqsad
Tadbirkorlar va ishbilarmonlar harakati – O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi deputatlarining joylarga chiqib, iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash, investitsiya, sanoat, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi borasida olib borayotgan o‘rganishlari hududlar ravnaqiga xizmat qilmoqda.
Xususan, Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Jasur Jumayev Bo‘stonliq hamda Qibray tumanlarida bo‘lib, bu hududdagi aholi bilan yaqindan muloqot qildi. Sohalar rivoji yo‘lida amalga oshirilayotgan ishlarni o‘rgandi. “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazlarida bo‘lgan xalq vakili ehtiyojmand oilalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga ko‘rsatilayotgan xizmatlar va aholining qamrab olinish darajasi bilan tanishdi.

Shuningdek, mamlakatimizda joriy etilayotgan “Ijtimoiy karta” tizimining samarali ishga tushirilishi bo‘yicha tajribalarni o‘rganib, markazlarning mutasaddilari bilan kechgan suhbatlar asnosida tizimning aholi turmush farovonligini ta’minlashdagi ahamiyatiga e’tibor qaratdi.
Mazkur markazlarda yangidan rekonstruksiya qilinayotgan binoning holati ko‘zdan kechirib, hududdagi infratuzilmani yanada takomillashtirish yuzasidan zarur tavsiya va ko‘rsatmalar berdi. Deputat o‘rganishlar mobaynida Bo‘stonliq tumanidagi 125-sonli ixtisoslashtirilgan yordamchi maktab-internatida bo‘ldi. Bu yerdagi ta’lim jarayoni, infratuzilma imkoniyatlari va pedagogik jamoa faoliyatini ham yaqindan o‘rganildi.

Deputat ta’lim muassasasining imkoniyatlari, bu yerda o‘quvchi va pedagoglarga yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi va ta’lim sifatini oshirish, bolalarning ijtimoiy adaptatsiyasi va rivojlanishini qo‘llab-quvvatlash masalalariga alohida e’tibor qaratdi. Maktab-internati rahbariyatining o‘quvchilarga duradgorlik hunarini egallashida zarur bo‘lgan ustaxona tashkil etish va unda foydalaniladigan duradgorlik jihozlarini olishda amaliy yordam berishni so‘rab qilgan murojaatlariga ijobiy yechim topish choralari xususida kengashib olindi.
Xalq deputatlari mahalliy Kengashlaridagi partiya deputatlari bilan Bo‘stonliq va Qibray tuman Tibbiyot birlashmalarining faoliyatini ham o‘rgangan deputat maskanlarda aholiga ko‘rsatilayotgan tibbiy xizmatlarning sifati, muassasaning moddiy-texnik salohiyati, maskanda imkoniyati cheklangan shaxslar uchun moslashtirilgan yo‘lakcha va qurilmalarning mavjudligini ko‘zdan kechirdi.

– O‘zbekiston Nogironlar jamiyatining Bo‘stonliq tuman bo‘linmasida olib borilgan o‘rganishlarda kechgan o‘zaro ochiq muloqotlarda ham imkoniyati cheklangan shaxslarning turmush farovonligini yanada oshirish, bo‘yicha amaliy takliflarni ko‘rib chiqdik, – deydi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati J.Jumayev. – Jamiyatning kelgusi faoliyatiga doir rejalari va ustuvor yo‘nalishlari borasida fikr almashdik. Ishonamanki, bu boradagi sa’y-harakatlar o‘z natijasini beradi.
Xalq deputatlari Bo‘stonliq va Qibray tuman Kengashlaridagi partiya deputatlari hamda O‘zLiDeP tuman Kengashi mutasaddilari bilan tashkil etilgan uchrashuv ham dolzarb masalalarga bag‘ishlandi. Xususan, uchrashuvda qonunlar ijrosini ta’minlash va jamoatchilik nazorati sohasida mahalliy Kengash deputatlarining salohiyatini oshirish bo‘yicha so‘z bordi.
A.Musayev,O‘zA