Insoniyat qachon neftdan voz kechadi?
O‘tgan asr sanoat inqilobi neft bilan chambarchas bog‘liq, desak mubolag‘a emas. Zero, energiya quvvati yaratishda har qanday muqobil manbaga nisbatan, neftni o‘zlashtirish oson va arzon. Shuning uchun ham neft ilg‘or sanoatga ega mamlakatlar uchun tom ma’noda qora oltinga aylagan.
Kashf qilinishi qadim zamonlarga borib taqalsa-da, qora oltinni sanoat usulida qazib olish, qayta ishlash va keng foydalanish XIX asrning ikkinchi yarmiga to‘g‘ri keladi. Aniqrog‘i, aynan o‘sha payt, ya’ni 1859 yil neftni ishlab chiqarish va qayta ishlash – neft sanoati paydo bo‘ldi. Shu yili Pensilvaniya shtatidagi birinchi neft ishlab chiqaruvchi “Pennsylvania Rock Oil” kompaniyasi tashkil etildi. Avvaliga kerosin, stol lampasi uchun moy ishlab chiqarildi, keyin avtomobilsozlik, temir yo‘l transporti va aviatsiya rivojlanishi tufayli yonilg‘i sifatida neftga talab oshdi. Shundan buyon ancha vaqt o‘tdi, bu orada jahon bozoriga neft chiqaruvchi mamlakatlar xazinasi oltinga to‘ldi, xalqining hayoti farovonlashdi. Hozircha nisbatan arzon bo‘lgan gaz ham neftni bozordan siqib chiqara olmayapti, chunki jahon iqtisodiyoti uchun neft asosiy va eng samarador bozor hisoblanadi. Sohada faol talab va taklif, yuqori raqobat, ilg‘or tartibga solish mexanizmi mavjud. Neft koniga ega davlatlar bozor talabidan kelib chiqib, uzoq muddatli strategiya tuzadi, byudjetni rejalashtiradi.
Binobarin, bu hayotda inson iste’mol qiladigan hamma narsaning oxiri bor, deyishadi. Bu gap, tabiiyki, qora oltinga ham tegishli. Shunday ekan, insoniyat neftga qanchalik tobe va bu mahsulotdan butunlay voz kecha olamizmi, degan savollar tug‘ilishi ham tabiiy...
Qora oltinning tubi ko‘rinmayapti, chog‘i...
Neft zaxirasi qachon tugashi mumkin, umuman tugaydimi? Ayrim ekspertlar shu masalaga to‘xtalar ekan, “Yo‘q”, degan fikrni ilgari surmoqda. Masalan, I.M.Gubkin nomidagi Rossiya davlat neft va gaz universiteti ilmiy xodimi Artyom Kozionovning ta’kidlashicha, neft zaxirasi tugamaydi, buning besh sababi bor.

Nega? Kozinov bunga sabab sifatida haligacha olimlar neft qanday hosil bo‘lishini bilmasligini pesh qiladi. Bu haqda ikki nazariya mavjud: organik va noorganik. Birinchi faraz tarafdorlari uglevodorod qadimda yuqori harorat va bosim ta’sirida organik modda va planktondan paydo bo‘lgan, deb hisoblaydi. Ikkinchi guruh fikricha, neft murakkab kimyoviy reaksiya natijasida Yer mantiyasida keng chuqurlikda hosil bo‘lgan. Binobarin, har ikki nazariya neft qayta tiklanadigan unsur ekanini aytadi.
Neft har doim ham qazib olingan joyda paydo bo‘lmagan. Qolaversa, bu moddani kerakli miqdorda qayta-qayta ishlab chiqarish imkoni mavjud. Insoniyat yer yuzidagi neft zaxirasining yarmidan kamini o‘zlashtirmoqda. Konlarda jadal ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilgan esa-da, biz uglevodorodlarning nisbatan oz qismini o‘zlashtiryapmiz. Aniqlangan barcha konlardan xom ashyo olinavermaydi. Manzillarning ko‘pchiligi hali yaxshi o‘rganilmagan, o‘zlashtirilmagan. Hali kashf qilinmagan konlar ko‘p. Gap shundaki, neft qazib olish OPEK, Xalqaro energiya agentligi kabi xalqaro tashkilotlar tomonidan cheklangan.
Neft va muqobil energiya manbalari

Tabiatda energiya olsa bo‘ladigan yana ko‘p manbalar mavjud. Aynan eng ko‘p iste’mol qiluvchi davlatlar energiya ishlab chiqarishning shunday muqobil manbalarini ekologik jihatdan ma’qul ko‘rishmoqda va sanoatini muqobil energiya manbalariga moslashtirmoqda. Muqobil manbalarga o‘tilishining yana bir sababi ayrim eksportchi mamlakatlar neftdan geosiyosiy maqsadda foydalanayotganida.
Gidroenergetika qayta tiklanadigan energiya manbalarining asosiy yo‘nalishi hisoblanadi, chunki suv energiya manbaidir. Suvdan energiya olishning eng keng tarqalgan usuli to‘g‘on suvini turbina yordamida aylantirishdir. GESning eng yuqori quvvati yiliga 30-40 teravatt-soatni tashkil qiladi. Afsuski, bu usul suv omboridagi suv sathi o‘zgarishi, kislorod kamayishi, baliq urug‘lanishi davri buzilishiga sabab bo‘lib, o‘simlik va hayvonot dunyosi uchun ham turli salbiy oqibatlarni keltirib chiqaradi.

Energiya olishning yana bir usuli – shamol turbinani aylantiradi va tok ishlab chiqaradi. Shamol yordamida energiya ishlab chiqarish suvga qaraganda ancha arzon bo‘lib, bunda turbina yer yuzasidan ancha balandda joylashadi. Ya’ni, past tekislikdagi yerdan qishloq xo‘jaligida foydalanish imkoni saqlanib qoladi. Masalan, 2050 yilga borib Daniya, Germaniya va Niderlandiya dengizda sun’iy orol qurish va o‘sha yerda yiliga 100 Gigavatt/soat energiya ishlab chiqaradigan shamol elektr stansiyasi joylashtirishni rejalashtirmoqda. Bu loyihaning ham kamchiligi bor – shamolning beqarorligi. Qolaversa, shamol aholi manzilidan uzoqda yaxshi esadi, ya’ni energiyani yetkazib berish masofasi bilan bog‘liq muammo ham paydo bo‘ladi.
Energiyaning, deyarli, tuganmas manbalaridan biri sifatida quyosh energiyasi e’tirof etiladi. Tabiiyki, ayni energiyaning manbai – Quyosh. Bunday stansiyalar turli yo‘llar bilan yaratilishi mumkin. Masalan, quyosh nurini energiyaga aylantiradigan batareya yordamida energiya to‘plash imkoni bor. Ikkinchi usul ancha sodda va ommabop, ammo aksar shimoliy hududlarda manbani energiya bilan to‘liq ta’minlash uchun quyosh nuri yetarli emas. Hatto, o‘ta serquyosh joyda ham kun va mavsum o‘zgaradi, energiya ishlab chiqarishda nomutanosiblik yuzaga keladi.
To‘lqin energiyasi dengiz to‘lqinidan olinadi. Bunday usulda maxsus modullar to‘lqinda tebranadi va harakatdan energiya hosil qiladi. Bunday stansiya arzon elektr energiyasi ishlab chiqarish barobarida binoni, shuningdek, ko‘prik va tayanchni vayronagarchilikdan himoya qiladi. Faqat mahsuldorlik yiliga atigi 2 Teravatt-soatni tashkil etadi. Buning ustiga suv transporti uchun xavf yaratadi, suvdagi mavjudotni qo‘rqitadigan shovqin chiqaradi. Shuningdek, Geotermal energiya manbai ham mavjud.
“Enerdata” tahlil kompaniyasi ma’lumotiga ko‘ra, bugungi kunda Norvegiyada elektr energiyasining 97 foizi, Yangi Zelandiya va Braziliyada 80 foizga yaqini, Germaniya, Italiya, Ispaniya va Buyuk Britaniyada 30-40 foizi muqobil manbalardan ishlab chiqarilmoqda.
Qayta tiklanadigan energiyaning kamchiligi ham bor, albatta. Bunday energiyani ishlab chiqarish arzon, lekin uzatish qimmat. Xalqaro energetika agentligi ma’lumotiga ko‘ra, shamol energiyasini uzatish ko‘mirnikiga nisbatan 3 barobar qimmat. Xuddi shunday holat yadroviy energiyaga ham tegishli. Bu jarayon, shuningdek, energiyani qayta tiklanadigan manbalardan foydalangan holda, faqat aholi manzilidan, ya’ni asosiy iste’molchidan uzoqda ishlab chiqarish mumkinligi bilan ham bog‘liq.

Butun energiya uzatish infratuzilmasini qayta qurish kerak, deydi ayrim mutaxassislar. Bunga sabab manbalarning beqarorligi ekan. Masalan, shamoldan faqat 25-35 foiz, quyoshdan 10-25 foiz energiya olish mumkin. Bunday tarmoqlarda nazorat darajasi ancha past bo‘lib, quvvatni barqarorlashtirish qiyin. Zamonaviy akkumulyator qayta tiklanadigan energiya manbasidan yetarli energiya to‘play olmaydi. Ya’ni akkumulyatorni stansiya ishlamay qolgandagina ishlatish mumkin. Va nihoyat, eng muhimi - muqobil energiya manbasi hali mavjud ehtiyojni qoplay olmaydi. Ayni payt bunday quvvatning asosiy ustunligi ekologik tozaligi va tez yangilanishida.
Xullas, neftdan qachon voz kechamiz? Bu savolga javob berish mushkul, chunki bugungi kunda nefteng ko‘p ishlatiladigan yonilg‘i sifatida hali 1-o‘rinda. Neftning umumiy iste’moldagi ulushi 31 foiz, ya’ni ko‘mir, gaz va qayta tiklanadigan manbalardan yuqori. Shu bilan birga bu ko‘rsatkich sanoat iqtisodiyoti eng yuqori cho‘qqiga chiqqan 1970-yillar boshiga qaraganda 14 foiz past. Kamayish tendensiyasi kelgusida ham davom etadi, chamasi: ba’zi ekspertlar fikricha, 2050 yilga kelib xom neftga talab kuniga 14 million barrelgacha kamayar ekan.
Texnologiya taraqqiyoti to‘xtab turmaydi: muqobil energiya manbalarini rivojlantirish ustida izlanish davom etaveradi va alal oqibat insoniyat butunlay “yashil” energiya o‘tadi.
Internet materiallari asosida
S.Rahimov tayyorladi.
O‘zA