Inson xotirasi muqaddasdir
Mustabid tuzum davrida qatagʻonga uchragan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini oʻrganish hamda targʻib etish borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Farmoyish va ijro
Mustabid tuzum davrida qatagʻonga uchragan ajdodlarimiz xotirasini abadiylashtirish, ularning faoliyati va merosini oʻrganish hamda targʻib etish borasida bir qator xayrli ishlar amalga oshirilmoqda.
Prezidentimizning joriy yil 8-oktyabrdagi “Qatagʻon qurbonlarining merosini yana-da chuqur oʻrganish va ular xotirasini abadiylashtirishga doir qoʻshimcha chora-tadbirlar toʻgʻrisida”gi farmoyishi mustabid tuzum tomonidan qatagʻonga uchragan elparvar oʻgʻlonlar, ilm-fan, adabiyot vakillari, oddiy kasb egalari boʻlgan minglab yurtdoshlarimizning nomlarini abadiylashtirish, ularning matonati va jasorati misolida yosh avlodimizni Vatanga sadoqat va muhabbat ruhida tarbiyalashda yana-da muhim ahamiyat kasb etadi.
Mazkur farmoyishda koʻzda tutilgan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida Mahalla va oilani qoʻllab- quvvatlash vazirligi tomonidan Oʻzbekiston Mudofaa vazirligi huzuridagi “Shon-sharaf” davlat muzeyida “Inson aziz – xotira muqaddas” mavzuida tadbir oʻtkazildi.
Tadbirda suronli yillarni boshlaridan kechirgan bir guruh nuroniy otaxon va onaxonlar, urush va mehnat faxriylari, ilm-fan va sanʼat namoyandalari bilan birga yoshlar ishtirok etdi.
Tadbir qatnashchilari dastlab Prezidentimiz tashabbusi bilan II jahon urushida qozonilgan Gʻalabaning 75 yilligiga bagʻishlab Toshkent shahrining Olmazor tumanida bunyod etilgan “Gʻalaba bogʻi” eksponatlari bilan tanishdi. Mashʼum urush tufayli 5 nafar oʻgʻlidan ayrilgan Zangiota tumanilik Zulfiya aya Zokirovaga atab bunyod etilgan xaykal poyiga gullar qoʻyildi.
“Ilhaq” badiiy filmida Zulfiya aya Zokirova siymosini gavdalantirgan taniqli ijodkor, Oʻzbekiston xalq artisti Dilorom Karimova hamda Zulfiya ayaning evarasi Farhod Mahammadjonov mamlakatimizda inson xotirasini ardoqlash yoʻlida ezgu ishlar amalga oshirilayotganini taʼkidladi.
Tadbirda ishtirokchilarga “Shon-sharaf” davlat muzeyi eksponatlari, uning tarixi haqida atroflicha maʼlumot berildi.
“Nuroniy” jamgʻarmasi respublika boshqaruvi raisi oʻrinbosari Sh.Usmonov, Oʻzbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi “Qatagʻon qurbonlari xotirasi” davlat muzeyi direktori, tarix fanlari doktori, professor B.Hasanov, mehnat faxriysi, harbiy shifokor, zaxiradagi podpolkovnik Iskandar Rahmonov tarixiy maʼlumotlarni xolis va haqqoniy oʻrganish mamlakatimiz mustaqilligi qanday ogʻir va mashaqqatli kurashlar evaziga qoʻlga kiritilganligi, koʻp millatli xalqimizning fidoyi farzandlari, maʼrifatparvar ajdodlarimiz hayoti va faoliyati bilan bogʻliq haqiqatni toʻla yuzaga chiqarish, bugungi ozod va obod hayotimizning qadriga yetishni yosh avlodga yetkazishda nuroniylarimizning oʻrni, hayotiy tajribalari, tarixiy oʻgitlari nihoyatda muhim ekanini uqtirdi.