Inson salomatligi va ekologiya
Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filialida o‘tkazilgan xalqaro ilmiy-amaliy videoanjumanning mavzusi ana shunday nomlandi.
Anjumanda Ibn Sino fondi raisi N.Mahmudov, O‘zbekiston “Milliy tiklanish” demokratik partiyasi kengashi raisi o‘rinbosari F.Mamadjanova, O‘zbekiston nodavlat tijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi Kengashi raisi N.Alimov, Xorazm viloyati hokimi o‘rinbosari S.Salayev, professor-o‘qituvchilar, klinik-ordinatorlar hamda talaba-yoshlar ishtrok etdi.
Ibn Sino fondi ko‘magida tashkil etilgan xalqaro anjumanda dunyoning ko‘plab mamlakatlaridan, jumladan, Isroil, Hindiston, Eron, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Rossiya, Turkiya va boshqa mamlakatlarning taniqli olimlari Abu Ali Ibn Sinoning dunyo tibbiyoti rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, inson salomatligi va ekologiyaning dolzarb masalalariga bag‘ishlab “Onlayn” tarzda ma’ruza qildi.
– Bu kabi anjuman bugungi kunning eng dolzarb muammolaridan biri – aholi salomatligi va ekologiya masalalarining ilmiy yechimlarini aniqlashga juda katta yordam beradi, – deydi Toshkent tibbiyot akademiyasi Urganch filiali direktori Rashid Ro‘ziboyev. – Dunyo tibbiyotining rivojiga katta hissa qo‘shgan ajdodimiz Abu Ali Ibn Sino merosini o‘rganish bu borada izlanish olib borayotgan yosh olimlar uchun juda katta maktabdir.
Anjuman doirasida “Sog‘lom turmush tarzi”, “Zamonaviy tibbiyot va ekologiya”, “Abu Ali Ibn Sino: tibbiyot, xalq tabobati va farmatsevtika” kabi ma’ruzalar sho‘balarga ajralgan holda tinglandi.
Ahmadjon SHOKIROV, O‘zA