Inson salomatligi har narsadan ustun
FOTOREPORTAJ
Farg‘ona viloyatida aholi o‘rtasida buyrak yetishmovchiligi kasalliklarini barvaqt aniqlash, diagnostika qilish, uning oldini olish, kasallikka chalingan bemorlarni ambulator-statsionar tartibda davolash borasida qator ishlar bajarilmoqda. Fuqarolar yaqin-yaqingacha ham buyrak va jigar transplantatsiyasi uchun katta mablag‘ sarflab, xorijga borishga majbur bo‘lar edi. Endi esa ushbu nozik va murakkab bo‘lgan jarrohlik amaliyotlari nafaqat poytaxtda, balki Farg‘ona viloyat davolash muassasalarida ham muvaffaqiyatli bajarilmoqda.
Viloyat ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida ham buyrak transplantatsiyasi amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. Bunda avvalo, tibbiyot markazining Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy hamda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazlari bilan o‘rnatilgan hamkorlik aloqalari hamda sohaning moddiy-texnik bazasi va tibbiy kadrlar salohiyati mutanosib ravishda takomillashtirib borilayotgani muhim ahamiyat kasb etmoqda.
Mazkur tibbiyot markazida 2022 yilda ilk bor buyrak transplantatsiyasi jarrohlik amaliyoti muvaffaqiyatli amalga oshirilgan edi.
[gallery-18448]
Sohaga qaratilayotgan e’tibor natijasida mazkur tibbiyot muassasasining moddiy-texnik bazasi ham yanada yaxshilandi.
– Bugungi kunda viloyatimizda jami 450 nafar fuqaro buyrak yetishmovchiligi kasalligidan aziyat chekib, rejali dializ apparatidan foydalanmoqda, - deydi mazkur tibbiyot markazi bosh shifokor o‘rinbosari Iqboljon Abdullayev. – Aynan shu kasallik bilan xastalangan bemorlarga qulayliklar yaratish maqsadida markazimizda 2021 yil 1 apreldan gemodializ bo‘limi ish boshladi. Bo‘limga 3,5 milliard so‘m mablag‘ evaziga Germaniyadan keltirilgan 10 ta sun’iy buyrak apparati, 1 ta Xitoydan keltirilgan 10 o‘rinli suv tozalash stansiyasi joylashtirildi. Ma’lumot o‘rnida aytish mumkinki, gemodializ – bu buyrak apparati yordamida yarim o‘tkazuvchan membrana orqali qonni tozalash jarayonidir. U buyrak yetishmovchiligi, dori-darmon, alkogoldan zaharlangan odamlar uchun zarur bo‘lib, qondagi toksinlar va karbamidni filtrlaydi, ortiqcha suyuqlikni yo‘q qiladi, elektrolitlar muvozanati, qon bosimini normallashtiradi va kislota-ishqor muvozanatini tiklaydi. Eng muhimi, inson salomatligini tiklashga yordam beradi. Yangi gemodializ apparatlari, avvalo, gemodializga muhtoj, buyrak yetishmovchiligi kasalligiga chalingan bemorlar, qolaversa biz, shifokorlar uchun katta imkoniyat bo‘ldi, deb ayta olaman.
Mazkur ko‘p tarmoqli tibbiyot markazi kadrlar salohiyatini oshirishga, ularni zamon bilan hamnafas bo‘lib ishlashiga ham alohida e’tibor qaratgan. Shifokorlar har besh yil ikki marta Toshkent shifokorlar malaka oshirish maskanida hamda Respublika ixtisoslashtirilgan nefrologiya va buyrak transplantatsiyasi ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bilim va tajribalarini oshirib qaytadi.
Kelgusida tibbiyot markazi shifokorlari nafaqat buyrak, balki jigar transplantatsiyasi hamda yurak bilan bog‘liq bo‘lgan nozik jarrohlik amaliyotlarini ham yo‘lga qo‘yishni maqsad qilgan.
O‘ylaymizki, inson salomatligi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimizning farovon hayoti va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi. Zero, inson salomatligi har narsadan ustun.
Muqimjon QODIROV(surat),O‘zA