Inson salomatligi har narsadan ustun
Butun dunyoda bo‘lgani kabi mamlakatimizda ham yuqumli kasalliklar turlari ko‘payib borayotgani sir emas. Ayniqsa, allergiya, suyak-bo‘g‘in og‘rig‘i, yurak-qon tomir, gripp va boshqa kasalliklardan jabr ko‘rayotganlar soni ortib boryapti.
Kasalliklar turlari yosharayotgani esa juda achinarli. Garchi farmatsevtika sanoatida ularni davolash uchun ishlatiladigan dori preparatlari mavjud bo‘lsa-da, inson organizmi dori vositalarini qabul qilmasligi oqibatida zaharlanish holatlari kuzatilayotganini ko‘rish mumkin. Ayniqsa, bolalar va yoshi ulug‘ insonlarning immun tizimidagi o‘zgarishlar preparatlarni qabul qilmayapti. Oqibatda turli holatlar ro‘y bermoqda. Yurtimizga kirib kelgan “COVID – 2019” kasalligi nafaqat sog‘liqni saqlash, balki, qator tashkilotlarni ham sarosimaga solib qo‘yib, tibbiyot sohasidagi kamchiliklarni ko‘rsatdi. Shu bois, xalq tabobatini rivojlantirish bo‘yicha qaror qabul qilinishiga zarurat tug‘ildi.
Insonlar azaldan turli giyohlarning davolovchi xususiyati hamda quvvat beruvchi ekanligini bilgan. Qadimgi Misr, Hindiston, Xitoy, O‘rta Osiyo va boshqa davlatlarda tabiblar ularning davosi haqida kitoblar yozib qoldirgan. Xususan, beziyon va shifobaxsh vositalarning dorivorlik xususiyati, kasalliklarning oldini olish va davolashda ushbu giyohlardan foydalanish haqida tib ilmining sultoni, tibbiyot fani rivojlanishiga ulkan hissa qo‘shgan yurtdoshimiz Abu Ali ibn Sino ko‘plab ma’lumotlar yozib qoldirgan.
O‘zbekiston tabiati o‘zining o‘simliklar bioxilma-xilligi va shifobaxsh o‘simliklarga boyligi bilan ajralib turadi. Insoniyat hayoti o‘simliklar dunyosi bilan uzviy bog‘langani sabab, ular inson faoliyatida oziq-ovqat, dorivor va boshqa qator vazifalarni bajargan. Dorivor giyohlarning qo‘llanilish evolyutsiyasi ko‘p asrlik an’analarni va zamonaviy fanning yutuqlarini o‘z ichiga oladi. Mutaxassislarning ta’kidlashicha, yurtimizda o‘sadigan mingdan ortiq o‘simliklar dorivorlik xususiyatiga ega. Xalq tabobatida ushbu bebaho tabiat ne’matlaridan inson salomatligi yo‘lida oqilona foydalanish bo‘yicha boy tajriba to‘plangan.
Xalq tabobatida turli xil kasalliklarga davo bo‘la oladigan shifobaxsh giyohlarning tarkiblari keltirilgan. Bu tarkiblarda ishlatiladigan giyohlarning deyarli barchasini yurtimiz tabiatidan, cho‘l-adirlar va tog‘laridan topishingiz mumkin. Aholi salomatligini saqlash, kasalliklarning oldini olish, yosh avlodni sog‘lom qilib tarbiyalab shakllantirishda shifobaxsh o‘simliklar va ulardan tayyorlanadigan dorivor preparatlarning roli beqiyosdir.
Aholini tabiiy giyohlar bilan davolash, dorivor o‘simliklarni rivojlantirish va ommalashtirish maqsadida qabul qilingan Prezidentimizning 2022 yil 20 maydagi “Dorivor o‘simliklarni madaniy holda yetishtirish va qayta ishlash hamda davolashda ulardan keng foydalanishni tashkil etish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarorida dorivor o‘simliklarning madaniy plantatsiyalarini barpo etishni qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, kasalliklarning oldini olish va davolashda dorivor o‘simliklarni keng qo‘llash maqsadida “Bir tuman — bir mahsulot” tamoyili asosida dorivor o‘simliklarni yetishtirishga ixtisoslashtiriladigan tumanlar ro‘yxati shakllantirilib, aholi o‘rtasida keng targ‘ib qilish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi” ishlab chiqildi va tog‘ oldi hududlari, qir-adir hamda qishloq joylarda o‘simliklar plantatsiyalari barpo etildi. Ushbu plantatsiyalarda xalq tabobatida qo‘llaniladigan 50 dan ortiq o‘simlik ekilib, giyohlardan olingan dorivor preparatlar bir qator ustunliklarga ega ekanligi isbotlandi.
Keyingi yillarda ko‘pchilik mamlakatlarda, shu jumladan, O‘zbekiston Respublikasida ham farmatsevtika sanoati jadallik bilan rivojlanmoqda. Shu bois, farmatsevtika sanoatining dorivor o‘simlik xomashyolariga bo‘lgan talab keskin ortib bormoqda. Tabiiy holda tarqalgan dorivor o‘simliklar zaxiralarining chegaralanganligi sababli, kelgusida farmatsevtika sanoati korxonalarning dorivor o‘simliklar xomashyosiga bo‘lgan talabini asosan ularni yetishtirish orqali qondirishi mumkin. Dorivor o‘simliklar yetishtirish sohasi o‘rmon xo‘jaligining asosiy tarmoqlaridan biri bo‘lib, u farmatsevtika sanoati va aholini sifatli, ekologik toza xomashyo mahsulotlari bilan ta’minlashda qo‘l keladi.
Bugun tibbiyot va farmatsevtika sanoati har qancha rivojlanganiga qaramasdan dorivor giyohlar asosida tayyorlangan shifo vositalariga ehtiyoj tobora ortib borayotir. Mamlakatimiz farmatsevtika sanoatida ana shunday tabiiy shifo vositalari asosida ishlab chiqarishni rivojlantirishga alohida e’tibor qaratilayotir. Ilm-fan muassasalarimizda tabiiy giyohlarning dorivorlik xususiyatlarini o‘rganish, tabiiy holda o‘sadigan ushbu boyliklardan ratsional foydalanish, dorivor giyohlar yetishtirish ko‘lamini kengaytirish bo‘yicha loyihalar amalga oshirilmoqda.
Xalqimiz salomatligini tiklash, inson umrini uzaytirish maqsadida ushbu loyihalar uchun mablag‘lar ajratilib, tadbirkorlar tomonidan investitsiyalar kiritilmoqda. Xorijiy davlatlardan dorivor o‘simliklarni olib kirish va ularni respublika hududida iqlimlashtirish, yetishtirish hamda qayta ishlashni yo‘lga qo‘yish maqsadida Fanlar akademiyasi bilan birgalikda biologik xilma-xillikni saqlash va ko‘paytirish, noyob va yo‘qolib ketish xavfi ostida turgan dorivor o‘simliklar xilma-xilligini saqlash bo‘yicha fundamental, amaliy tadqiqotlar olib borish ko‘zlangan. Maqsad dorivor o‘simliklarni ko‘paytirish, yetishtirish va qayta ishlashni rivojlantirish, Andijon, Namangan, Farg‘ona ta’lim muassasalarida dorivor o‘simliklar yetishtirishning botanika va agrotexnologiyasi bo‘yicha ilmiy tadqiqotlar olib borish, dorivor o‘simliklar yetishtirishda agrotexnolog va botanika sohasi mutaxassislarini tayyorlashda amaliy yordam ko‘rsatish, ilm-fan integratsiyasini ta’minlash va shart-sharoitlar yaratish, qishloq joylarda hamda har bir xo‘jalikda xalq tabobatida qo‘llaniladigan dorivor o‘simliklar ekishni ko‘paytirishdir.
Dorivor o‘simliklarni muhofaza qilish, tabiiy resurslardan oqilona foydalanish, dorivor o‘simliklar yetishtiriladigan plantatsiyalar tashkil etish, ularni qayta ishlash muhim yo‘nalishlardan biridir. Farg‘ona viloyatida 199 gektarda dorivor o‘simliklar ekish rejasi belgilab olingan va 183 gektarda 10 turdagi dorivor o‘simliklar ekilgan.
Shuningdek, viloyatda 2022-2023 yillarda dorivor o‘simliklar klasterini tashkil etish bo‘yicha 2 ta loyiha taklifi ishlab chiqilgan. Ushbu loyihalarni ishga tushirish, qishloq xo‘jaligiga mo‘ljallangan yerlarda dorivor o‘simliklar plantatsiyalarini barpo etish maqsadida mos bo‘lgan yer uchastkalari ochiq elektron tanlovga qo‘yilgan.
Vazirlar Mahkamasining “Farg‘ona viloyati Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligi hududida namunali dorivor o‘simliklar botanika bog‘ini tashkil etish to‘g‘risida”gi qaroriga ko‘ra, Qo‘qon o‘rmon xo‘jaligining Yangiobod filialida namunali dorivor o‘simliklardan iborat botanika bog‘i tashkil etiladigan bo‘ldi.
O‘ylaymizki, inson salomatligi yo‘lida olib borilayotgan keng ko‘lamli ishlar xalqimizning farovon hayoti va uzoq umr ko‘rishini ta’minlashga xizmat qiladi. Qolaversa, dori preparatlariga bo‘lgan talabni kamaytirib, xalq tabobati rivojiga hissa qo‘shadi.
Xursanoy Islomova,
O‘zbekiston Fermer, dehqon xo‘jaliklari va tomorqa yer egalari kengashi bo‘lim boshlig‘i.
O‘zA