Inson istagining qudrati
“Til bilgan el biladi”, deb bejiz aytishmagan donolar. Bugun xorijiy tilni o‘rganib, dunyoning nufuzli ta’lim dargohlarida o‘qiyotgan, ilmiy tadqiqot olib borayotgan, mashhur kompaniyalarda faoliyat yuritayotgan yurtdoshlarimiz talay.
O‘zA “Tengdoshim” loyihasi orqali shunday ilg‘or yurtdoshlarimiz haqida hikoya qiliishda davom etadi. Bu galgi qahramonimiz – sakkiz yildan beri Hindistonda yashayotgan Feruzbek Saidov.
Toshkent viloyati Bo‘ka tumanida tug‘ilgan Feruzbek 28 yoshda, Hindistonning Xalqaro Osmaniya universitetining 2020-yil bakalavr, 2023-yil magistratura bosqichini tamomlagan. Ayni payt mazkur universitetda “Xalqaro iqtisod” yo‘nalishi bo‘yicha doktorantura bosqichida grant asosida tahsil olmoqda. Rus, ingliz, fors va hind tillarini biladi.
Ishonch va qat’iyat tufayli xorijda o‘qishni tanlaganman
– Hindistonni mo‘jizalar diyori, deyish mumkin. Ko‘hna Sharqning eng qadimiy yurtlaridan biri hisoblanmish bu zamin Agradagi haqiqiy muhabbat ramzi – “Toj mahal” bilan mashhur. Ayniqsa, Kashmir tog‘i ulug‘vorligi, Hind okeaniga tutash Gang daryosining sokin to‘lqini, oq yo‘l-yo‘l chiziqli Bengal yo‘lbarsi na’rasi, Bangalorning qo‘lga o‘rgatilgan ulkan fillari, Assam vodiysidagi bepoyon choy dalalari, peshonasiga sindur surtgan Gujarat go‘zallari, Haydarobodning biryani, puri, bajji nomli ziravor taomlari haqida soatlab to‘lqinlanib gapirish mumkin.
Men o‘qiydigan Osmaniya universiteti davlatga qarashli bo‘lib, 1918-yil tashkil etilgan. Ayni payt bu yerda 10 mingdan ortiq talaba tahsil oladi, oliygohimiz dunyo universitetlari “TOP-1000” reytingiga kirgan.
Ellikka yaqin davlat yoshlari talim oladigan universitetimizda dars ingliz tilida olib boriladi. Fakultetimizda Bangladesh, Nepal, Turkiya, BAA, Xitoy, Keniya, Paragvay, Ruminiya, Zimbabve, Qatar, Latviya, Senegaldan kelgan kursdoshlarim bor. Garchi boshqa millat vakillari bo‘lsa-da, ular bilan do‘stlashib ketganmiz.
Maktabda til va adabiyot, tarix, ingliz tili, geografiya fanlariga juda qiziqardim. Tabiiyki, kitobda o‘qigan, darsda eshitgan maskanlarni o‘z ko‘zlarim bilan ko‘rishni xohlaganman. Onam o‘zbek tili va adabiyoti o‘qituvchisi bo‘lgani uchun uyimizda badiiy kitob ko‘p edi. Oilaviy muhit sababmi, kitobga mehrim bo‘lakcha. Yoshligimda zavq bilan mutolaa qilib, fan olimpiadalariga o‘zgacha ishtiyoq bilan qatnashardim va orzularim bir kun kelib albatta amalga oshishiga ishonardim. 2012-2015-yillar O‘zMU qoshidagi S.Sirojiddinov nomli akademik litseyda ijtimoiy-gumanitar fanlar yo‘nalishida tahsil oldim. O‘zimga bo‘lgan ishonch va qat’iyat tufayli xorijda o‘qishni tanlaganman.
To‘g‘risi, boshida Hindistonga ko‘nikish oson kechmadi. Ilk bor kelganimda aeroportdayoq g‘alati hid tuyganman. Ko‘cha toza emas. Hatto, mamlakat poytaxti Dehlidan Assamgacha ozodalikka deyarli e’tibor berishmaydi. Shu bilan birga, Goa, Mumbay, Kalkutta, Orissa, Chennay, Kerala, Amritsar, Puna, Maduray, Barelli, Kanpur kabi hududlarda diqqatga sazovor, hayratlanarli joylar ko‘p.
Hindlar juda bosiq, uncha-munchaga asabiylashmaydigan xalq. Katta yo‘lda signal chalinsa, jahl qilishmaydi, indamay ketaverishadi. Aksariyat tashkilotlarda ish vaqti soat 11 da boshlanadi va 17 da tugaydi. Ochig‘i, hindlarning ishni juda sekin bajarishi menga yoqmaydi. Vokzallar, avtobus bekatlarida uyi yo‘q bechoralarni tez-tez uchratasiz. Ular orasida qariyalar, ayollar va hatto yosh bolalar ham ko‘p.
Ta’limda talab kuchli
– Hindiston boshqa davlatlarga qaraganda ancha arzonligini ko‘pchilik bilsa kerak. Sitrus mevalar deyarli tekin, kiyim-kechak ham juda arzon. Yurak faoliyatidagi muammo, ko‘z kasalliklari, jigar sirrozi kabi xastaliklarga shifoxonada jarrohlik amaliyoti payti shifo topilayotgani bu mamlakat shifokorlari kuchli ekanidan dalolat.
IT mutaxassislari ham juda kuchli bu yurtda. Birgina Telangana shtatidagi Haydarobod shahrida axborot texnologiyalariga ixtisoslashgan alohida shaharcha – “Hitech City” bunyod etilgan.
Hindistonning ta’lim sohasidagi ijobiy tajribasidan ham namuna olish mumkin. Bu davlat ta’lim tizimining biznikidan farqli tomonlari ko‘p. Maktab ta’limi shakli 12 sinfgacha, oliy ta’lim 3-yil, magistratura esa 2-yil. Umumiy ta’lim asosan, pullik bo‘lib, ko‘p kambag‘al oilalar farzandlari ilojsizlikdan o‘qiy olmaydi. Universitet va kollejlarda har bir internal yoki eksternal imtihon qo‘lda yoziladi. Imtihon payti talabaga muayyan vaqt beriladi, nazoratchi jarayonni kuzatib turadi. Mobil aloqa yoki kitobdan foydalanish mumkin emas. Mabodo, “shpargalka” bilan ushlansa, talaba o‘sha zahoti imtihon xonasidan chiqarib yuboriladi va qoida buzilganligi to‘g‘risida protokol tuziladi. Eng qiyin tomoni, topshirayotgan faningizni kelasi semestrda qayta yozishingizga to‘g‘ri keladi. Xullas, o‘qishga yarasha talab ham kuchli.
Xorijlik talaba uchun o‘qish arzon
– Hindistonda talaba sifatida ham o‘qib, ham ishlash ancha qulay. Bir oylik xarajatga e’tibor qaratamiz: talabalar turar joyi o‘rtacha 30 dollar atrofida, o‘qish narxi universitet va yo‘nalishga qarab yiliga 500 dollardan boshlab 5000 dollargacha, mahalliy transport (riksha)ga o‘rtacha 20-25 dollar ketadi, oziq-ovqat va qo‘shimcha xarajat uchun 50 dollar sarflash mumkin. Xorijlik talaba mahalliy qonun-qoida bo‘yicha haftasiga 20 soat ishlashi mumkin.
Hindistonda o‘qimoqchi bo‘lgan yoshlarga maslahatim, avvalo, ingliz tilini chuqur o‘rganishsin. Sababi, bu yerdagi nufuzli universitetlarda dars ingliz tilida o‘tiladi. Bundan tashqari, jamoat joyida, transportda yurganda ko‘pchilik hindlar ingliz tilini biladi. Hind tilini kelgandan so‘ng qo‘shimcha tarzda o‘rganib olsa ham bo‘ladi.
Universitetlar IELTSdan bakalavr uchun 5,5, magistraturaga esa 6 yoki 6,5 balli guvohnoma so‘raydi. Bu yerga asosan tibbiyot, axborot texnologiyalari, muhandislik sohalari bo‘yicha o‘qishga kelgan talaba kuchli mutaxassis bo‘lishi tabiiy. Boisi mamlakatning mazkur sohalarga e’tibori juda yuqori.
Eng muhimi, ICCR dasturi orqali Hindistonga grant yutish mumkin. Bu haqda Toshkentdagi La’l Bahodur Shastri nomli madaniyat markazidan batafsil ma’lumot olsa bo‘ladi. Men ham doktorantura bosqichini ayni shu grant dasturi orqali davom ettiryapman.
Hindistonda Boburiylar avlodi davomchilari haliyam yashaydi
– Hindistonda har bir shtatning turmush tarzi va madaniyati o‘ziga xos. Deylik, hindlar “Xoli” bayramida dunyo go‘zallikka burkansin, deya bir-birlariga rang sepishadi. Mabodo o‘sha kuni Shimla tomonlarga o‘tib qolsangiz, ust-boshingiz kamalak ranglariga burkanadi. “Devali” esa yorug‘lik bayrami. Ushbu ayyomda ko‘cha va uy chirog‘i umuman o‘chmaydi. “Ganesh” va “Dasara” bayramlari raqssiz, qo‘shiqsiz o‘tmaydi. Qizig‘i, hind ayollari umr yo‘ldoshini ma’buddek ko‘radi va umri davomida har bir gapini qonundek qabul qiladi. Bo‘ynidagi nikoh tumorini hech qachon yechmaydi. Bayramda umr yo‘ldoshiga uzoq umr tilab, qo‘llariga xina chizib, Karvachot ro‘zasini tutadi. Hindistonning memoriy obidalari ko‘p ming yillik tarixga ega bo‘lib, o‘tmish haqida afsonalar so‘zlaydi. Turli davrlarda bunyod etilganiga qaramasdan, inshootlarning har biri o‘zgacha ranglar jilosi bilan ajoyib kompozitsiya hosil qiladi. Ayniqsa, “Qutbminor”, “Nilufar” ibodatxonasi, “Chorminor”, “Humoyun” maqbarasi, “Hava mahal”, “Hamandir Sohib” ibodatxonalari mukammal arxitektura asosida bunyod etilgan.
Kursdoshlarimiz bilan Agra shahridagi “Toj mahal” maqbarasini ziyorat qilishga borganimizda, majmuani tanishtiruvchi gid ushbu maqbarani Boburiylar sulolasi vakili Shohjahon o‘z rafiqasi Mumtozbegimga atab qurdirgan, deganda o‘zbekligimdan g‘ururlanib ketdim va kursdoshlarimga Bobur Mirzoning g‘azallaridan parchalar o‘qib berdim. Hatto, ishonasizmi, men hozir yashayotgan Haydarobod shahrida Boburiylar avlodiga mansub, mahalliy aholi Akbarshoh davomchilaridan biri deb bilguvchi Shahzoda Yoqub Habibuddin Tusiy ismli shaxs yashar ekan. Tez orada o‘sha inson bilan ko‘rishish niyatim bor. Suhbatlashsam, taassurotlarimni albatta O‘zA bilan baham ko‘raman.
“Bollywood” filmlarida ishtirok etdim
– Nokamtarlikka yo‘ymasangiz, shu o‘rinda bir narsani aytib o‘tsam. Meni “Bollywood”ga kichik rollarga taklif qilib turishadi. Dastlab bu o‘zim uchun ham kutilmagan voqea bo‘ldi. To‘g‘risi, bolalikda hind kinolarini ko‘rib ulg‘ayganimiz uchunmi, background (orqa plan)dagi kichik rol uchun ham qiziqib bordim. Hind rejissyorlari film olishda har bir detalga ahamiyat berishadi, lozim bo‘lsa, alohida sun’iy shaharcha qurishadi.
Albatta, kino san’ati alohida sanoat sifatida ko‘p mablag‘ talab etadi. Filmlar ham, shunga yarasha, tomoshabin ishonchini oqlaydi. Aniq sonini bilmayman-u, taxminan yuzdan ortiq filmda epizodik rol ijro etganman. Mashhur hind aktyori Amitabx Bachchan bilan “SyeeRa” nomli tarixiy filmda britaniyalik askar, taniqli kino yulduzlari Shradha Kapur va Prabhas bilan “Saaho” jangari filmida politsiya ofitseri, “KGF. Chapter-2” filmida Sanjay Datt bilan kema ekipaji a’zosi, rejissyor S.S.Rajamouli suratga olgan “RRR” tarixiy filmida Ajay Devgan va Ramcharan bilan birga harbiy tribunal zobiti rolini o‘ynash nasib qildi. Darvoqe, shu film AQSHda ham e’tirof etilib, “Eng yaxshi original qo‘shiq” nominatsiyasida “Oskar” mukofotini qo‘lga kiritdi.
Orzu qilishdan, niyatni amalga oshirishdan to‘xtamaslik kerak
– Yoshlikni inson umri bahoriga o‘xshatishadi. Yoshlikning qanoti – orzu. Tabiatda fasllar takrorlanadi, ammo umr bahori qaytmaydi. Yoshlik – shijoat faslida bemalol dengizdan hatlash, yulduzga qo‘l uzatish mumkinday tuyuladi. Bugungi globallashuv zamonida tengdoshlarim, uka-singillarimga tilagim shuki, millatimizga xos bo‘lmagan, qandaydir, mavhum g‘oyalarga ergashmay, aniq maqsad sari dadil odimlasinlar. Vaholanki, yurtimiz yoshlarining imkoniyati anchayin keng. Xususan, davlatimiz rahbari tomonidan 2024-yil “Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili” deb ataldi.
Dunyoning hech bir nuqtasida yoshlarga bizning yurtdagichalik etibor qaratilmagan bo‘lsa kerak. Birgina misol: olis Dehqonobod yaylovlarida tug‘ilib o‘sgan bola sport bilan shug‘ullanib, jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini yuksaklarga ko‘tarib tursa, Mo‘ynoq dashtida kamol topgan oddiy maktab o‘quvchisi internetga kirib, okean ortidagi davlat vakili bilan shaxmat musobaqasida bellashsa, bu iftixor emasmi!?
Oilada uch farzandmiz. Bir singlim, bir ukam bor. Otam qishloq xo‘jaligi sohasida ko‘p yil faoliyat yuritgan, hozir maktabda ishlaydi. Onam ham maktabda o‘qituvchi. Singlim tibbiyot sohasini tanlagan, hozir shifoxonada hamshira. Ukam ayni payt Hindistonda IT sohasida bakalavr bosqichida tahsil olmoqda. O‘zim hali oila qurmaganman. Inshoolloh, o‘qishni tugatgach, yurtga qaytib uylanish niyatidaman.
Orzularim O‘zbekiston bilan bog‘liq. Vatanimizda soham bo‘yicha ko‘p yutuqlarga erishish niyatidaman. Zero, respublikamizda malakali iqtisodchilarga talab kuchli. Mehmonxona biznesi deysizmi, oziq-ovqat sanoati, ishlab chiqarish, hatto, davlat boshqaruvida ham ishlash mumkin. Tengdoshlarimga aytarim shu: qayerda, qanday yashayotganingizdan qat’i nazar, orzu qilishdan, maqsadni amalga oshirishdan to‘xtamang.
Ha, O‘zbekiston iqtidorli yoshlarining oddiy bir vakili aytgan bu so‘zlar bugun o‘z oldiga yuksak maqsad qo‘ygan barcha yoshlarimiz dilidagi gap. Mitti uchqun, kezi kelganda, chaqmoqdan kuchli ta’sirga ega bo‘ladi. Birov etibor bergan, kimdir beparvo qaragan iste’dod egasi – “mitti uchqun” ertaga butun bir millat, xalq, mamlakatning ulug‘ farzandi – “chaqmog‘i”ga aylanishi mumkin.
O‘tkir ALIMOV suhbatlashdi.
O‘zA