Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar: Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillari
Toshkent shahridagi Inson huquqlari uyida “Inson huquqlari bo‘yicha xalqaro shartnomalar yuzasidan “muqobil” ma’ruzalarni tayyorlash va aholining atrof-muhitga doir qarorlarni qabul qilishda ishtirokini kengaytirishga qaratilgan Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillari” mavzusida seminar tashkil etildi.
Tadbir Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi va O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi hamkorligida o‘tkazildi.
Vazirlar Mahkamasining 2026-yil 3-martdagi qarori bilan tasdiqlangan “O‘zbekiston Respublikasida inson huquqlari sohasidagi jahon ta’lim dasturining beshinchi bosqichini amalga oshirish bo‘yicha “yo‘l xaritasi” talablaridan kelib chiqib uyushtirilgan tadbirda mamlakatimizning turli hududlaridan jami 30 nafar vakil ishtirok etdi. Ular orasida Assotsiatsiyaning markaziy apparati va hududiy bo‘linmalari xodimlari hamda unga a’zo NNT faollari bor.
Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori, akademik Akmal Saidov, O‘zbekiston nodavlat notijorat tashkilotlari milliy assotsiatsiyasi kengashi raisi Kamoliddin Ishonxo‘jayev hamda BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari Boshqarmasining Markaziy Osiyo bo‘yicha mintaqaviy bo‘limi inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Erkin Isoqulov inson huquq va erkinliklarini himoya qilish hamda ularni amalda ta’minlash har qanday demokratik davlatning ustuvor vazifalaridan biri ekanini ta’kidladi.
Fuqarolik jamiyati institutlari bilan davlat hokimiyati organlari o‘rtasidagi samarali hamkorlik inson huquqlari sohasidagi islohotlarni izchil davom ettirishda muhim ahamiyatga egaligiga e’tibor qaratildi.
A.Saidov Fuqarolik va siyosiy huquqlar to‘g‘risidagi hamda Iqtisodiy, ijtimoiy va madaniy huquqlar to‘g‘risidagi xalqaro paktlar qabul qilinganining 60 yilligi munosabati bilan mamlakatimizda maxsus chora-tadbirlar rejasi qabul qilingani haqida to‘xtaldi.

Fuqarolik jamiyati institutlarining konstitutsiyaviy-huquqiy asoslari haqida batafsil so‘z yuritdi. Bunda 2023-yildagi umumxalq referendumi orqali qabul qilingan yangi tahrirdagi Konstitutsiyada suveren, demokratik va huquqiy davlat qurish maqsadi belgilangani, milliy qonunchilik tarixida ilk bor fuqarolik jamiyati institutlariga bag‘ishlangan alohida XIII bob kiritilib, ushbu institutlarning maqomi konstitutsiyaviy jihatdan qat’iy belgilab qo‘yilgani e’tirof etildi.
«Inson qadrini yuksaltirish» g‘oyasi mamlakat taraqqiyotining bosh mezoniga aylangani, «O‘zbekiston - 2030» strategiyasi doirasida inson huquqlari sohasida keng ko‘lamli islohotlar amalga oshirilayotgani qayd etildi.
O‘zbekiston BMTning inson huquqlari bo‘yicha 18 shartnomasidan 11 tasini ratifikatsiya qilgani va shundan 7 tasi asosiy, 4 tasi fakultativ protokol ekani, Milliy markaz tashkil topgandan buyon BMTning tegishli ustav va shartnomaviy organlariga jami 52 ta milliy ma’ruza taqdim etilgani ma’lum qilindi.
Tadbir doirasida qayd etilganidek, ushbu hisobotlar doirasida inson huquqlari bo‘yicha xalqaro konvensiyalarning O‘zbekiston Respublikasida bajarilishi yuzasidan 140 dan ortiq xalqaro va milliy nodavlat notijorat tashkilotlari tomonidan BMTning tegishli qo‘mitalariga “muqobil” ma’ruzalar taqdim etilgan. Ulardan 22 tasi O‘zbekiston hududida faoliyat olib boruvchi nodavlat notijorat tashkilotlari hisoblanadi.

BMT Inson huquqlari bo‘yicha Oliy komissari boshqarmasining inson huquqlari bo‘yicha maslahatchisi Artur Yasevich tomonidan seminar ishtirokchilariga amaliy ma’lumotlar taqdim etildi. Xususan, u inson huquqlari sohasidagi xalqaro monitoring mexanizmlari, ustav organlari bilan hamkorlik qilish tartib-qoidalari, fuqarolik jamiyati institutlari tomonidan “muqobil” ma’ruzalar tayyorlashning zamonaviy metodologiyasi va xalqaro standartlari yuzasidan batafsil tushuntirishlar berdi.
Seminarning ikkinchi yo‘nalishi Orxus konvensiyasining asosiy tamoyillariga bag‘ishlandi. O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi vakili atrof-muhitga oid axborotdan foydalanish, atrof-muhitga taalluqli qarorlar qabul qilish jarayonlarida jamoatchilikning ishtirok etish huquqi hamda ekologik huquqlarni himoya qilish borasida odil sudlovga murojaat qilish imkoniyatlari – konvensiyaning uchta asosiy ustuni haqidagi ma’lumotlarni taqdim etdi.
Tadbir yakunida ishtirokchilar inson huquqlari bo‘yicha “muqobil” ma’ruzalar tayyorlash ko‘nikmalarini egallab, Orxus konvensiyasi tamoyillarini amalda qo‘llash bo‘yicha amaliy tavsiyalar bilan tanishdi.
Seminar doirasida ishlab chiqilgan taklif va tavsiyalarni tegishli davlat organlariga yetkazish haqida kelishib olindi. Bu, o‘z navbatida, inson huquqlari va atrof-muhit sohasida qarorlar qabul qilish jarayonlarini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.
N.Abduraimova,
O‘zA