Innovatsion g‘oyalar: amaliyot va samara
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yaratish, ularni amaliyotga tatbiq etishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda.
Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar yaratish, ularni amaliyotga tatbiq etishga qaratilayotgan alohida e’tibor o‘z samarasini bermoqda. Buni Andijon qishloq xo‘jaligi institutida olib borilayotgan ilmiy-tadqiqot ishlari misolida ham ko‘rish mumkin.Institut olimlari tomonidan o‘simliklarni hasharot va zararkunandalardan himoya qilish tizimini takomillashtirish, paxta, g‘allaning yangi navlarini, texnika va texnologiyalarni, sug‘orishning ilg‘or va tejamkor usullarini yaratish kabi yo‘nalishlarda samarali ilmiy izlanishlar olib borilmoqda.
– Keyingi ikki yilda 40 dan ortiq innovatsion g‘oya, texnologiya va loyihalar yaratildi, ko‘plab ratsionalizatorlik takliflari ishlab chiqildi, – deydi institut rektori Zuhriddin Jumaboyev. – Jumladan, olimlarimiz 2012-2015-yillarda mamlakat miqyosida o‘tkazilgan turli ko‘rgazma va yarmarkalarda o‘simliklarni zararkunandalardan asrash, ularga qarshi samarali kurashish, sug‘orishning ilg‘or va tejamkor usullarini yaratish borasidagi 20 dan ziyod innovatsion g‘oya, ishlanma va loyihalari bilan ishtirok etdi. Biologiya fanlari doktori B.Sulaymonov tomonidan taqdim etilgan “Oltinko‘zni ko‘paytirish uskunasi” V Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida “Qishloq xo‘jaligi sohasidagi eng yaxshi innovatsion loyiha” nominatsiyasi g‘olibi bo‘ldi. Ushbu uskunaga fermer xo‘jaliklari katta qiziqish bildirib, ko‘plab buyurtmalar bermoqda.
Fermer xo‘jaliklarida ish samaradorligini oshirish, xususan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish, o‘simlik va ekinlarni zararkunandalardan himoya qilish, suv tejamkorligini ta’minlashda innovatsion g‘oya, ishlanma va texnologiyalar muhim ahamiyat kasb etayotir. Institut olimlari tomonidan ishlab chiqilgan innovatsion g‘oya, loyiha, ilmiy ishlanma va texnologiyalarni amaliyotga tatbiq etish yuzasidan qator korxona, tashkilot, muassasa va fermer xo‘jaliklari bilan shartnomalar imzolangan. Ayni paytda tuzilgan shartnomalarning aksariyati samarali amalga oshirilmoqda.
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2014-yil 24-fevraldagi “2013-2017-yillar davrida sug‘oriladigan yerlarning meliorativ holatini yaxshilash va suv resurslaridan oqilona foydalanish bo‘yicha Davlat dasturining so‘zsiz bajarilishini ta’minlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qarori soha rivojida muhim dasturilamal bo‘layotir.
Institutning melioratsiya va gidrotexnika inshootlari kafedrasi mudiri, qishloq xo‘jaligi fanlari doktori, professor Anvarjon Isashev tomonidan yaratilgan “Yangi modifikatsiyadagi suvning erkin oqimi hisobiga suvni yuqoriga ko‘tarib berish qurilmasi” (gidrotaran) mutaxassislar tomonidan yuksak baholandi. Andijon shahridagi “Sirus-alfa” unitar korxonasi bazasida mazkur uskunaning “GT–100”, “GT–200” modifikatsiyalari tayyorlanib, buyurtmachilarga yetkazib berilmoqda. Iqtisodiy jihatdan katta samara beradigan “Gidrotaran” uskunasi viloyatdagi ko‘plab fermer xo‘jaliklarida samarali qo‘llanilmoqda.
“Egatga qora plyonka to‘shab sug‘orishning yangi usulini yaratish” loyihasi doirasida ishlab chiqilgan sug‘orish texnologiyasi ming gektarga yaqin paxta maydonida sinovdan o‘tkazildi.
Texnika fanlari nomzodi O.Sobitov tomonidan ishlab chiqilgan “Intensiv bog‘ va uzumzorlarni sug‘orishning noan’anaviy usuli” deb nomlangan ilmiy ishlanma qir-adirliklardagi bog‘ va uzumzorlarni sug‘orishda o‘zining qulayligi va afzalligi bilan e’tiborni tortmoqda. Bu usulda sug‘orish suvning yer ostiga singib ketishi, yer o‘pirilishi va tuproq eroziyasining oldini oladi. Suvdan samarali foydalanishni ta’minlaydi, ya’ni suvni 30-35 foiz tejash imkonini beradi. Mazkur ishlanma Andijon, Asaka va Marhamat tumanlaridagi bog‘dorchilik fermer xo‘jaliklarida keng qo‘llanilmoqda.
Institutning xalqaro hamkorlik aloqalari ko‘lami yildan-yilga kengaymoqda. Talabalar Germaniya va boshqa davlatlardagi fermer xo‘jaliklarida amaliyot o‘tadi. Xalqaro loyihalarda faol ishtirok etish, ilm-fan sohasida hamkorlikni kuchaytirish maqsadida bir guruh yosh olimlar Germaniya, Vengriya, Estoniya, Italiya kabi mamlakatlarda malaka oshirib keldi.
Institut qoshidagi “Bioservis” ilmiy-ishlab chiqarish markazida o‘simliklarni hasharotlardan himoya qilish borasida qator ilmiy-amaliy ishlar olib borilmoqda. Germaniyalik olimlar bilan hamkorlikda 11 ming dollar qiymatidagi laboratoriya qurilib, maxsus uskunalar bilan jihozlandi. Natijada issiqxona o‘simliklariga zarar yetkazuvchi oqqanot hasharotiga qarshi maxsus vosita ishlab chiqarilib, fermer xo‘jaliklariga yetkazib berilmoqda.
“Trixogramma tuxumlarini miniaviatsiya yordamida paxta maydonlariga bir tekisda tarqatish qurilmasi” g‘o‘za va boshqa qishloq xo‘jaligi ekinlarini turli zararkunandalardan himoya qilishda qator afzalliklarga ega.
– Pult yordamida boshqariladigan ushbu qurilma qulayligi, samaradorligi, sifati va iqtisodiy tejamkorligi bilan ahamiyatlidir, – deydi loyiha muallifi, dotsent Abdumutallib Parpiyev. – Bu qurilma yordamida qishloq xo‘jaligi ekinlari zararkunandalariga qarshi kurashish jarayonini mexanizatsiyalash evaziga mehnat unumdorligi 40-45 foizga ortadi.
O‘simliklar himoyasi va karantini kafedrasi dotsenti M.Yusupovaning VIII Innovatsion g‘oyalar, texnologiyalar va loyihalar respublika yarmarkasida namoyish etilgan “Trixogrammani qadoqlangan usulda dalaga tarqatish” va “Issiqxona oqqanotiga qarshi rangli feramon tutqichlarni qo‘llash texnologiyasi” ishlanmalari mutaxassislar tomonidan yuqori baholandi va maxsus sertifikatga sazovor bo‘ldi. Yarmarka davomida sifatli va ekologik toza mahsulot olish imkonini beruvchi ana shu texnologiyalarni xarid qilish va qo‘llash yuzasidan 14 hamkorlik shartnomasi tuzildi.
Bir so‘z bilan aytganda, institutda innovatsion g‘oyalar, loyiha, ilmiy ishlanmalar yaratish va ularni amaliyotga tatbiq etish borasida samarali ishlar olib borilayotgani ana shu yo‘nalishdagi ishlar salmog‘i va sifatini, iqtisodiy samaradorlikni oshirishga xizmat qilmoqda.