Infantino FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylovda qatnashish huquqidan mahrum qilinishi mumkin
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, notijorat tashkiloti bu masala yuzasidan FIFAning boshqaruv, audit va qoidalarga rioya qilish qo‘mitasiga maktub yuborgan.
Janni Infantino FIFA prezidentligi uchun navbatdagi saylovda qatnashish huquqidan mahrum qilinishi mumkin. Inson huquqlarini himoya qilish bilan shug‘ullanuvchi FairSquare tashkiloti uning nomzodini ro‘yxatga olmaslik talabi bilan FIFAga murojaat qildi.
The Athletic ma’lumotiga ko‘ra, notijorat tashkiloti bu masala yuzasidan FIFAning boshqaruv, audit va qoidalarga rioya qilish qo‘mitasiga maktub yuborgan. Unda Infantinoning yana bir muddatga nomzod bo‘lishi prezidentlik davriga qo‘yilgan cheklovlarni buzishi ta’kidlangan.
FIFA nizomi bir shaxsga prezident lavozimini ko‘pi bilan uch muddat egallash imkonini beradi. Infantino esa 2016 yildan buyon tashkilotni boshqarib kelmoqda.
Shunga qaramay, FIFAning tegishli qo‘mitasi 2022 yilda Infantinoning 2016–2019 yillardagi faoliyatini prezidentlik muddati sifatida hisoblamaslikka qaror qilgan. Bunga uning mustaqil to‘liq muddatga emas, vakolati muddatidan avval yakunlangan Yozef Blatterning o‘rniga saylangani sabab qilib ko‘rsatilgan.
FairSquare mazkur talqinni FIFA nizomiga zid deb hisoblamoqda. Tashkilotning bildirishicha, qoidalarda tugallanmagan muddatni umumiy hisobdan chiqarish imkonini beradigan istisno mavjud emas. Prezidentning qancha vaqt ishlagani yoki qaysi kongressda saylangani bu borada ahamiyat kasb etmasligi qayd etilgan.
Norvegiya futbol federatsiyasi ham FairSquare murojaatini qo‘llab-quvvatladi. Shu tariqa, Infantinoning navbatdagi saylovda qatnashishi bo‘yicha FIFAga bosim kuchaymoqda.
The Athletic qayd etishicha, tashkilot rahbariyatining ayrim turnirlardagi ulushlarni sotish rejasi ham noroziliklarga sabab bo‘lgan. UEFA, CONCACAF va Osiyo futbol konfederatsiyasining qator vakillari Infantino yuritayotgan siyosatga qarshi fikr bildirayotgani aytilmoqda.