Imzo yig‘ish tadbirlari jadal ketmoqda
Saylov qonunchiligimizning muhim talablaridan biri siyosiy partiyalar o‘zining saylovda ishtirok etishini qo‘llab-quvvatlovchi saylovchilar imzosini to‘plashidir. Kecha, 1 avgustdan boshlab partiyalar tomonidan butun mamlakatimiz bo‘ylab imzo to‘plash jarayoni boshlab yuborildi.
Jumladan, O‘zbekiston Ekologik partiyasi ham o‘z xayrixohlari orasida partiyani qo‘llab-quvvatlovchilarning imzosini yig‘ishga kirishdi. Partiya matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, Ekopartiya tashkilotlari aholi gavjum joylarda partiya maqsadlariga xayrixoh bo‘lgan yurtdoshlarimizning imzolarini to‘plash ishlarini qizg‘in boshlab yubordi.

Poytaxtimizning Yakkasaroy tumanida o‘tkazilgan imzo yig‘ish jarayonida keksalar, yoshlar, xotin-qizlar, turli soha vakillari faol ishtirok etib, O‘zbekiston Ekologik partiyasini qo‘llab-quvvatlagan holda imzo varaqalarini to‘ldirdilar.
***
«Milliy tiklanish» demokratik partiyasi faollari ham imzo to‘plash jarayoniga alohida mas’uliyat bilan yondashmoqda. Jumladan, partiyaning Toshkent shahar va tuman kengashlari tomonidan bu boradagi ishlar jadallik bilan olib borilyapti.

Poytaxtimizdagi "Magic City" oilaviy ko‘ngilochar bog‘i hamda Seul ko‘chasida o‘tkazilgan ana shunday tadbir oldidan shaharliklar va shahar mehmonlariga «Milliy tiklanish» partiyasi hamda bo‘lajak siyosiy jarayonining mazmun-mohiyati xususida tushunchalar berildi.
Imzo yig‘ish jarayonida faol, tashabbuskor partiya a’zolari kuchiga tayanilmoqda. Joylardagi boshlang‘ich partiya tashkilotlari raislari, mahalliy Kengash deputatlari, partiyaning “Ayollar qanoti”, “Yoshlar qanoti” faollari bu jarayonni tashkil etishda tashabbuskor bo‘lmoqda.
***
O‘zbekiston «Adolat» sotsial-demokratik partiyasi ushbu saylovda o‘z nomzodlari bilan munosib ishtirok etishni maqsad qilib, belgilangan namunadagi imzo varaqalarini hududiy partiya tashkilotlariga yetkazdi. Aholiga qulay manzillarda partiya g‘oyalariga xayrixoh bo‘lgan yurtdoshlarimizning imzolarini to‘plash ishlari qizg‘in boshlab yuborildi.

Jumladan, partiya vakillari tomonidan Farg‘ona va Buxoro viloyatlarida imzo to‘plash jarayonlari uyushqoqlik bilan o‘tkazilmoqda. Ushbu jarayonlarda turli yoshdagi va kasbiy faoliyatga ega fuqarolar ko‘ngilli ravishda ishtirok etdi. Fuqarolar o‘z imzolari bilan partiyaning bu yilgi saylovlardagi ishtirokini qo‘llab-quvvatlab, o‘z munosabatini bildirmoqda.
Qayd etish lozim, imzo yig‘ish tadbirlari 15 avgustga qadar davom etadi. Siyosiy partiyalar kamida 40 ming saylovchining imzosini to‘plashi lozim. Shundan har bir ma’muriy hududda ko‘pi bilan 8 foiz saylovchining imzosi yig‘ilishi kerak.
Muhtarama Komilova,
O‘zA