Imtiyoz va imkoniyatlar samarasi
Keng aholi orasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda qaror mazmun-mohiyati, unda yaratilgan imkoniyatlar soha mutaxassislari tomonidan atroflicha tushuntirilmoqda.
Qaror va ijro
Buxoro viloyati Buxoro tumani davlat soliq inspeksiya xodimlari tomonidan joylarda davlat rahbari tomonidan joriy yil 9-iyunda qabul qilingan “Tadbirkorlik faoliyati va oʻzini oʻzi band qilishni davlat tomonidan tartibga solishni soddalashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida” gi qarori targʻibotiga bagʻishlangan uchrashuvlar oʻtkazilmoqda.
Keng aholi orasida oʻtkazilayotgan tadbirlarda qaror mazmun-mohiyati, unda yaratilgan imkoniyatlar soha mutaxassislari tomonidan atroflicha tushuntirilmoqda.
Davlat soliq inspeksiya xodimlari tomonidan olib borilgan targʻibot-tushuntirish ishlari natijasida uy sharoitida duradgorlik, hunarmandchilik, ustachilik, tomorqachilik va tikuvchilik bilan shugʻullanayotgan 560 nafar shaxs oʻzini oʻzi band qilgan fuqaro sifatida roʻyxatdan oʻtdi.
– Ikki yildan buyon uyda velosipedlarni taʼmirlash bilan shugʻullanib kelardim, – deydi “Kunjiqalʼa” mahalla fuqarolar yigʻini hududidagi Yuqorinometan qishlogʻida yashovchi 21 yoshli fuqaro Safarov Husniddin. – Toʻgʻrisini aytishim kerak, bu norasmiy faoliyatim bilan kelajakda tayinli pensiya ololmasam kerak, deb oʻylab yurgandim. Bugun davlat soliq xizmati xodimlaridan 2020-yil 1-iyuldan boshlab oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat turlari kengaytirilib, ularni soni 67 taga yetgani, shuningdek oʻzini oʻzi band qilgan aholi daromad soligʻidan ozod qilinganini eshitib rosti xursand boʻldim. Shu kunning oʻzida “Soliq” mobil ilovasi orqali roʻyxatdan oʻtdim. Endi men haqiqatda ishlagan vaqtimdan qatʼi nazar, bor yoʻgʻi 111 ming 500 soʻm toʻlayman xolos. Ushbu summa toʻliqligicha byudjetdan tashqari pensiya jamgʻarmasiga yoʻnaltirilar ekan.
Buxoro viloyati DSB matbuot xizmatining xabariga koʻra, Buxoro tumanida turli mavsumiy mehnat bilan band boʻlgan, shuningdek oʻzini oʻzi band qilib daromad topadiganlar koʻpchilikni tashkil etadi. Shu kunga qadar mazkur hududdagi 2300 dan ortiq norasmiy daromad topib kelayotgan shaxslarning faoliyati hech qayerda qayd etilmagan. Bu esa ushbu shaxslar pensiya yoshiga yetganda nafaqa tayinlash uchun talab qilinadigan mehnat staji yoʻqligi muammosini keltirib chiqarardi. Mazkur qarorda koʻrsatilgan imtiyozlarni eshitib yashirin tarzda faoliyat koʻrsatib kelayotgan fuqarolar mavjud imkoniyatdan toʻliq foydalanmoqda.