Imkoniyat va imtiyozlar samarasi
Navoiy shahridagi “Triumf gornyak” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan qurilish va trikotaj mahsulotlari sifati va zamonaviy dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.
Navoiy shahridagi “Triumf gornyak” mas’uliyati cheklangan jamiyatida ishlab chiqarilayotgan qurilish va trikotaj mahsulotlari sifati va zamonaviy dizayni bilan xaridorlarga manzur bo‘lmoqda.Prezidentimiz rahnamoligida mamlakatimizda kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni rivojlantirishga qaratilayotgan alohida e’tibor, ularning faoliyatini qo‘llab-quvvatlash borasida yaratilayotgan imkoniyat va imtiyozlar samarasida joylarda yangi ishlab chiqarish turlari o‘zlashtirilmoqda.
– Korxonamizda ishlab chiqarilayotgan ohak, polietilen qoplar va trikotaj mahsulotlariga talab ortmoqda, – deydi “Triumf gornyak” mas’uliyati cheklangan jamiyati rahbari Valiboy Fayziyev. – Ayni paytda 50 ga yaqin xotin-qiz mehnat qilayotgan tikuvchilik seximizda 10 dan ortiq turdagi bolalar, ayollar va erkaklar kiyimlari tayyorlanayotir. Kelgusida korxonamiz faoliyatini yanada kengaytirish, mahsulot turi va sifatini oshirish evaziga ishchilar sonini 100 nafarga yetkazishni rejalashtirganmiz.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun o‘tkazilayotgan “Tashabbus – 2015” ko‘rik-tanlovining Navoiy viloyati bosqichida mazkur korxona mahsulotlari yuqori baholandi. Korxona rahbari Valiboy Fayziyev “Yilning eng yaxshi tadbirkori” yo‘nalishi g‘olibi, deb e’tirof etildi.
Tanlovning viloyat bosqichida ishtirok etgan 50 tadbirkor, fermer va hunarmandning namoyish etgan mahsulotlari viloyatda qishloq xo‘jaligi, kichik biznes va xususiy tadbirkorlik, hunarmandlik rivojlanayotganini ko‘rsatdi.
Nurota tumanidan Guljahon Islomova “Yilning eng yaxshi hunarmandi”, Qiziltepa tumanidagi “Nargiz Diyor” fermer xo‘jaligi rahbari Dilshod Rahmonov “Yilning eng yaxshi fermeri” yo‘nalishida birinchi o‘ringa sazovor bo‘ldi. G‘oliblar tanlovning mamlakat bosqichida qatnashish huquqini qo‘lga kiritdi. Tanlovda, shuningdek, yana bir qator nominatsiyalar bo‘yicha g‘oliblar aniqlanib, taqdirlandi.